w w w . s a m a r k a n d . u z

Yoshlar viloyat hokimiga qanday startap loyihalarni taqdim qildi?

Yoshlar viloyat hokimiga qanday startap loyihalarni taqdim qildi?

Viloyat hokimi Erkinjon Turdimov tashabbusi bilan viloyat hokimligi, viloyat oliy ta’lim fan va innovatsiyalar hamda 

Yoshlar ishlari agentligi boshqarmalari hamkorligida samarqandlik yoshlarning innovatsion g‘oyalari va startap loyihalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida «Startap loyihalar tanlovi» e’lon qilingan edi.

Samarqand shahridagi yoshlar markazida viloyat hokimi, mutasaddi boshqarma va tashkilotlar rahbarlari hamda tadbirokorlar ishtirokida tanlovda ishtirok etish istagini bildirgan 70 nafardan ziyod yoshlarning innovatsion g‘oya va startap loyihalari taqdimoti ko‘rib chiqilib, saralash bosqichidan o‘tgan istiqbolli loyihalar moliyalashtirishga yo‘naltirildi.
Jumladan, Samarqand davlat universitetining Biokimyo instituti molekulyar biotexnologiya va zamonaviy botanik tadqiqotlar ilmiy laboratoriyasi mudiri Farrux Abdurasulov xalq talabida bo‘lgan va yangi ta’sirga ega “Dorivor o‘simliklar plantatsiyasini yaratish hamda fitopreparatlar va biologik faol oziq-ovqat qo‘shimchalarini ishlab chiqarish” loyihasi uchun 100 million so‘m mablag‘ va dorivor o‘simliklarni yetishtirish uchun yer maydoni so‘radi.
Loyihaning asosiy maqsadi sun’iy sintetik dori vositalari o‘rnini bosuvchi zararsiz sifatli fitopreparatlar va biofaol qo‘shimchalar ishlab chiqarish hamda universitet oshxonalariga doimiy fitobarlar faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘lib, viloyat hokimi yosh olimning taklifini ma’qulladi. Jomboy tumanida dorivor o‘simliklar yetishtirish uchun yer ajratish bo‘yicha mas’ullarga topshiriq berildi va Samarqand davlat tibbiyot universiteti rektori Jasur Rizayev moliyaviy tomondan qo‘llab-quvvatlaydigan bo‘ldi.
Payariqlik Shahzod Rahmonov esa ko‘zi ojizlar uchun “Aqlli ko‘zoynak” loyihasini ishga tushirmoqchi ekanligi va 40 million so‘m mablag‘ kerakligini aytdi. Ushbu loyiha sun’iy intellekt orqali quloqchinlar yordamida atrof-muhitdagi ob’yektlar haqida ovozli tarzda ma’lumot beradi. Ushbu loyihaga ham amaliy yordam beriladigan bo‘ldi.
- Qadimiy obida va yodgorliklar haqida ma’lumot beruvchi “Gid robot” loyihasini ishlab chiqqanman, - deydi Samarqand davlat universiteti intellektual tizimlar va kompyuter texnologiyalari fakulteti talabasi Abdujalil Bobomalikov. – Gid robotdan bank va yirik korxonalar ham foydalansa bo‘ladi. Ammo bu loyiha ko‘proq yurtimizga kelayotgan xorijlik sayyohlar uchun juda qulay. Robotni yasash uchun 30 million so‘m mablag‘ kerak edi. Viloyat hokimi loyihani ishga tushirishga Registon majmuasi rahbari Xonqul Samarov yordam berishini ma’lum qildi.
Erkinjon Turdimov har bir yoshning taqdimoti bilan tanishib, istiqbolli loyihalarni qo‘llab-quvvatladi va ularni amalda tatbiq qilish uchun mas’ullar biriktirildi.

Kiritilgan vaqti: 30/05/2024 16:36.   Ko‘rilganligi: 180
 
Material manzili: https://samarkand.uz/press/news/yoshlar-viloyat-hokimiga-qanday-startap-loyihalarni-taqdim-qildi

 

So‘rovnoma


Xabarlarga obuna bo‘lish


Statistika


Hozir onlayn
Ro‘yxatdan o‘tganlar: 2
Mehmonlar: 1

Harakatlar strategiyasi 2017-2021

 

Copyright © 2010 – 2018. . Sayt materiallaridan foydalanganda www.samarkand.uz manba sifatida ko‘rsatilishi shart.