w w w . s a m a r k a n d . u z

Umumiy ma’lumotlar

Umumiy ma’lumotlar

Samarqand viloyati haqida umumiy ma’lumotlar

TARIXI

Tashkil topgan vaqti – Miloddan avvalgi VI asr.

Samarqand – qadimiy shahar, viloyat va tuman shu nom bilan atalgan. Tarixchilar bu shaharni Vavilon, Fiva, Afina, Rim va boshqa shu kabi shaharlar bilan tengdosh hisoblashadi. Toponimning etimologiyasi haqida turli qarashlar bor. Tadqiqotchilarning qariyb barchasi toponimning ikkinchi qismini turkiycha – kent, – qand, ya’ni qishloq, shahar deb hisoblaydilar.

Chingizxon boshchiligidagi mo‘g‘ullar Samarqandni shu darajada vayron qilganki, uni qayta tiklashning iloji bo‘lmagan.

Sohibqiron Amir Temur 1370-yilda Samarqandni o‘z davlatining poytaxti qilib tanlar ekan, qadimgi Samarqand – Afrosiyobni qayta tiklashdan ko‘ra, yangi shaharni bunyod etishni ma’qul topdi. Afrosiyob xarobalari qayta tiklanmadi, balki uning janubiy tomonida yangi shahar barpo qilishga kirishildi. Shu tufayli Samarqand ikki tarixiy o‘ringa ega shahar sifatida mashhurdir.

Amir Temur Samarqandda bir-biridan go‘zal, betakror obidalar - jome’ masjidi, Ko‘ksaroy, Bo‘stonsaroy, Amir Temur, Shohizinda kabi maqbaralarni bunyod etdi va atrofida bir-biridan go‘zal, bahavo, xushmanzara 12 bog‘-saroyni yaratdi.

Amir Temur ilm-fan, san’at va madaniyatga chin ma’noda xomiylik qilganligi tufayli Samarqandda me’morchilik, she’riyat, ilm-fan, monumental rangtasvir, manzarali rangtasvir, to‘qimachilik san’ati, naqqoshlik, kandakorlik, toshtaroshlik, shishasozlik, kulolchilik g‘oyatda rivojlandi.

XIV–XV asrlarda Samarqand Turonning eng ulug‘ daholari uchun ijodiy laboratoriya vazifasini ham bajardi. Samarqandda insoniyat madaniyati tarixidagi eng nodir hodisa, Renessans – Uyg‘onish jarayoni boshlandi va rivojlandi. Samarqandda tug‘ilgan "Temuriylar Renessansi" quyosh kabi porlab, Sharq va Farb mamlakatlariga tarqalib ketdi.

Samarqandda Amir Temur va Mirzo Ulug‘bek davrida porlagan ilm-fan, san’at-madaniyat mayog‘i hozirgi Eron, Hindiston, Xuroson, Turkiya hududida ham ilm-fanning rivojiga katta ta’sir ko‘rsatdi.

Ko‘hna va hamisha navqiron Samarqand shahri betakror sharqona qiyofasi, boy tarixi, har qanday odamni hayratga soladigan noyob obidalari bilan sayyoramizning turli o‘lkalarida afsonaviy shahar sifatida mashhur bo‘ldi, Rim bilan bir qatorda turadigan “abadiy shahar” degan nom bilan Sharq gavhariga, bugun jahon ahlining albatta kelib ko‘rishi shart bo‘lgan 50 ta shaharning biriga aylandi.

Bugun Samarqand viloyati har tomonlama obod bo‘lib, butun dunyodan keladigan mehmon va sayyohlarning havasini orttirmoqda. Imom Buxoriy majmuasida amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari, bunday muqaddas qadamjolarning yanada obod bo‘lgani ko‘pgina musulmon mamlakatlari davlat arboblari va jamoatchiligi, minglab ziyoratchilarning yuksak e’tibori va hurmatiga sazovor bo‘lmoqda.

Eng muhimi, mustaqillik yillarida Samarqanddagi tarixiy obidalar o‘zining ikkinchi umrini boshladi, obidalar qayta rekonstruksiya qilinib, atrofi obodonlashtirildi, bir qancha bog‘lar va favvoralar qurildi, yo‘laklar kengaytirilib, sayyohlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratildi.

Bugun Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida tizimli ravishda bunyodkorlik, aholi turmush farovonligini oshirish borasidagi ishlar amalga oshirilmoqda. 

RAQAMLARDA

 Markazi: Samarqand shahri.

Tashkil topgan: 1938-yil 15-yanvar.

Maydoni: 16,8 ming km2. Jami ekin maydoni – 432 ming gektar, shundan sug‘oriladigan yer maydoni 249 ming, lalmi yer maydoni – 183 ming gektar.

Chegara: Jizzax - 180 km, Navoiy - 285 km, Qashqadaryo - 200 km viloyatlari hamda Tojikiston Respublikasi - 53,2 km.

Aholi soni: 4 335,7 ming.kishi. Jami mehnat resurslari – 225,1 ming kishi. Millatlar tarkibi: o‘zbeklar 88 foiz, ruslar 1,3 foiz, tojiklar 7,4 foiz, qozoqlar 0,1 foiz, boshqalar 3,2 foiz.

Oliy ta’lim muassalari soni: 19 ta (6 ta nodavlat),

Texnikumlar soni 57 ta va akademik litseylar soni: 8 ta

Umumiy o‘rta ta’lim muassasalari soni: 1275 ta

Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari soni: 781 ta

Yirik sanoat korxonalar – 73 ta (42 tasi yirik hududiy)

Kichik sanoat korxonalar – 4 769 ta;

Sanoat zonalari soni – 87 ta (16 ta YoSZ, 1 ta EIZ va 70 ta KSZ) 


Oxirgi o‘zgarish: 06/02/2026 17:38.   Ko‘rilganligi: 60371
 
Material manzili: https://samarkand.uz/about_region/general_information

 

So‘rovnoma


Xabarlarga obuna bo‘lish


Statistika


Hozir onlayn
Ro‘yxatdan o‘tganlar: 0
Mehmonlar: 4

Harakatlar strategiyasi 2017-2021

 

Copyright © 2010 – 2018. . Sayt materiallaridan foydalanganda www.samarkand.uz manba sifatida ko‘rsatilishi shart.

 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing