w w w . s a m a r k a n d . u z
Samarqand viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev va boshqa mutasaddi rahbarlar hududlardagi obodonlashtirish ishlarining holati, aholi turmush tarzini o‘rganib, muammolarni bartaraf etmoqda.
Xususan, viloyat rahbari kechki payt Samarqand shahridagi Usta Umar Jo‘raqulov, Shabod, Sadriddin Ayniy ko‘chalarida yayov yurib mahallalarni qadam-baqadam kezdi, hududlarning bugungi holati va ertasi qanday bo‘lishi haqida ushbu mahallalar ma’sullari bilan muhokamalar o‘tkazdi. Xususan, mahalla yettiligi va tegishli tashkilotlar tomonidan mahallalarda tozalik va tartibga erishish, noqonuniy qurilishlar va to‘siqlarni olib tashlash, piyodlar yo‘lakalarida odamlarning emin-erkin harakatlanishi uchun barcha qulayliklarni yaratish ishlariga kirishilmoqda.
Shuningdek, ichki ko‘chalar, binolar tashqi qismi hamda atrofini tartibga keltirish, gul va daraxt ko‘chatlari ekish va sug‘orish tizimlarini yaratish, ko‘kalamzorlashirilgan maydonlarni ko‘paytirish kabi bir qator masalalar joyida o‘rganilib, hal etilmoqda. Piyodalar yo‘laklarini savdo do‘konlari egalari egallab olishi yoki umumiy ovqatlanish maskanlari, do‘konlarda imkoniyati cheklangan shaxslarning kirib chiqishi uchun panduslarning mavjud emasligi, qurilish ishlarini olib borayotgan quruvchilar binolarda hamda ko‘chadan o‘tib qaytuvchilar xavfsizligini ta’minlashi, uydim-chuqur bo‘lgan yoki oqova suvi o‘tkazish uchun kovlangan piyodalar yo‘laklarini asli holatiga keltirish uchun hudud mas’ullari, mahalla yettiligi, profilaktika inspektorlari ishlarni boshlab yuborishdi.
Shuningdek, ko‘chalarda tartibsiz va qonun talablariga zid tarzda joylashtirilgan reklama pannolarini tartibga olish, avtobus bekatlari mavjud bo‘lmagan joylarda bekatlar o‘rnatish borasida ham muhim vazifalar belgilab olindi. Avtomobillar, stol-stullarni ijaraga berish do‘koni egalariga piyodalar yo‘laklarini egallab olmasliklari borasida ogohlantirishlar berildi.
- Mahallaga borganda, odamlar bilan yuzma-yuz gaplashganda ko‘p narsa oydinlashadi, ular yurayotgan yo‘ldan yursangiz, kayfiyatini bilsangiz o‘z-o‘zidan nimalarga e’tibor qaratishingiz, xalqni nima qiynayotgani oydinlashadi, – dedi Adiz Boboyev. – Bu – rahbarlarning hududlar bilan ishlashida asosiy mezon bo‘lishi kerak. Viloyat hokimligi ishni shunday tashkil etadi va bu tuman va shaharlarda ham qo‘llaniladi.
O‘rganishlar chog‘ida ko‘cha atrofida gul va daraxt ko‘chatlari o‘tqazish maysazorlar tashkil etish borasida ham kamchiliklar aniqlandi. Yo‘laklar, avvalo, o‘zimizning, farzandlarimizning xavfsizligi uchun zarurligini anglab yetishimiz va bunda yo‘kalarni ochiq holatda qoldirish turli xil past va balandliklardan iborat bo‘lmay piyodalarning emin-erkin harakatlanishini ta’minlashimiz kerak, - dedi viloyat rahbari.
Bu kabi o‘rganish ishlari davom etadi.