w w w . s a m a r k a n d . u z

Viloyat hokimi Fransiya elchisi bilan hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi

Viloyat hokimi Fransiya elchisi bilan hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi

Samarqand viloyati hokimi Adiz Boboyev Fransiyaning mamlakatimizdagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Ualid Fuk bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Muloqot chog‘ida ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish, ta’lim, madaniyat, turizm va investitsiya sohalarida qo‘shma loyihalarni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda elchi Samarqand shahrida faoliyat yuritayotgan Alliance française tashkiloti faoliyati haqida ma’lumot berdi. Qayd etilishicha, mazkur markaz fransuz tili va madaniyatini xalqaro miqyosda targ‘ib qilish, madaniy aloqalarni mustahkamlash hamda til va madaniy xilma-xillikni rivojlantirishga xizmat qilmoqda. Shu bilan birga, elchi tashkilot joylashgan binodan foydalanishda ayrim imtiyozlar berilishi masalasida viloyat rahbaridan ko‘mak so‘radi.
Muzokaralar davomida xalqaro hamkorlikni kengaytirish, turizm va xizmat ko‘rsatish sohalari uchun malakali kadrlar tayyorlash, xorijiy oliy ta’lim muassasalariga kirish imkoniyatlarini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Elchi Samarqand viloyati shahar va tumanlarida bittadan maktabni fransuz tiliga ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasasiga aylantirish taklifini ilgari surdi.
Shuningdek, hududlararo savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri investisiyalar hajmini oshirish bo‘yicha takliflar bildirildi. Oliy ta’lim va tibbiyot sohalarida kadrlar tayyorlash borasida hamkorlikni kuchaytirish yuzasidan ham fikr almashildi.
Viloyat hokimi Samarqandda xorijiy investorlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratilganini ta’kidlab, fransuz kompaniyalari bilan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, ilg‘or texnologiyalarni jalb etish va tajriba almashishga tayyor ekanini bildirdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli va uzoq muddatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga qiziqish bildirib, amaliy qadamlarni belgilab olishga kelishib oldilar.

Kiritilgan vaqti: 04/03/2026 20:08.   Ko‘rilganligi: 23
 
Material manzili: https://samarkand.uz/press/news/viloyat-hokimi-fransiya-elchisi-bilan-hamkorlikni-kengaytirish-masalalarini-muhokama-qildi

 

So‘rovnoma


Xabarlarga obuna bo‘lish


Statistika


Hozir onlayn
Ro‘yxatdan o‘tganlar: 1
Mehmonlar: 10

Harakatlar strategiyasi 2017-2021

 

Copyright © 2010 – 2018. . Sayt materiallaridan foydalanganda www.samarkand.uz manba sifatida ko‘rsatilishi shart.

 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing