w w w . s a m a r k a n d . u z
Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev Malayziyaning “Capital A Berhad” va “AirAsia Berhad” kompaniyalari ijrochi raisi, “AirAsia X” loyihasi bosh direktori Kamarudin bin Meranun bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Unda ikki tomonlama hamkorlik masalalari, xususan, turizm sohasini rivojlantirish va havo qatnovlarini yo‘lga qo‘yish borasida fikr almashildi.
Viloyat rahbari Adiz Boboyev Samarqandda ziyorat turizmiga katta e’tibor qaratilyotganini ta’kidlab, yaqin vaqtlarda foydalanishga topshiriladigan Imom Buxoriy majmuasi bu yo‘nalishdagi imkoniyatlarni yanada kengaytirishini qayd etdi. Shuningdek, majmua atrofida zamonaviy mehmonxonalar faoliyatini yo‘lga qo‘yish va xizmat ko‘rsatish tizimini takomillashtirishda malayziyalik hamkorlar bilan birgalikda ishlashga tayyorligini aytdi.
O‘z navbatida Kamarudin bin Meranun Samarqandga ikkinchi bor tashrif buyurganidan mamnunligini aytib, bu qadimiy shahar va undagi muqaddas ziyoratgohlar Malayziya, Indoneziya va boshqa musulmon davlatlaridan keluvchi sayyohlar uchun katta ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
Shuningdek, u yaqinda Toshkent – Kuala-Lumpur yo‘nalishida haftada uch kun aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilganini ma’lum qilib, kelgusida Samarqand yo‘nalishida ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri parvozlarni amalga oshirish niyati borligini bildirdi.
Ma’lumot uchun, Kamarudin bin Meranun 2001-yilda bankrot holatidagi kichik aviakompaniyani sotib olib, uni qisqa vaqt ichida Osiyodagi ilk arzon aviatarmoqga aylantirgan. Bugungi kunda u “Capital A Berhad” va “AirAsia Berhad” kompaniyalarining ijrochi raisi sifatida ko‘plab davlatlarga aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha faoliyat yuritib kelmoqda.
Uchrashuv yakunida Samarqand va Kuala-Lumpur yo‘nalishida aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, turizm sohasini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish yuzasidan tegishli vazifalar belgilab olindi.