w w w . s a m a r k a n d . u z
O‘zbekiston va Yaponiya davlatlari o‘rtasida ko‘plab sohalar qatori madaniy-gumanitar, ta’lim yo‘nalishida ham hamkorlik aloqalari rivojlanib bormoqda.
Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyevning Nara universiteti vakillari bilan uchrashuvi ham ana shu maqsadga qaratilganligi bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Bugungi kunda Nara perefekturasida 10 ga yaqin oliy ta’lim muassasalari mavjud bo‘lib, ularda zamonaviy ta’lim uslublaridan foydalangan holda yoshlarga ta’lim berilmoqda. Nara universiteti 1969-yilda tashkil etilgan bo‘lib, bugungi kunda bu yerda 3700 nafar talaba tahsil oladi.
Muloqotda ta’lim sohasidagi hamkorlikning kelgusidagi istiqbollari, kadrlar tayyorlashdagi ilg‘or tajribalardan foydalanish imkoniyatlari haqida to‘xtalib o‘tildi. Samarqand yoshlarining zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni o‘zlashtirishga intilishi, yapon tili va madaniyatini o‘rganishga ishtiyoqi baland ekanligi haqida so‘z yuritildi.
Uchrashuvda zamonaviy talablarga javob beradigan qo‘shma o‘quv dasturlarini ishlab chiqish, universitetlar professor-o‘qituvchilarining o‘zaro malaka oshirishini hamda talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, o‘qitish materiallari, tadqiqot loyihalari, konferensiya, seminar hamda mahorat darslari tashkil etish ishlarini birgalikda amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Muzokaralar so‘nggida samarqandlik talabalarni Yaponiyada tahsil olishlarini tashkil etish, zamonaviy o‘qitish usullarini ommalashtirishda hamkorlik qilishga kelishib olindi.