w w w . s a m a r k a n d . u z

Samarqandda zamonaviy avtovokzal foydalanishga topshirildi

Samarqandda zamonaviy avtovokzal foydalanishga topshirildi

Samarqand shahrining Cho‘pon-ota hududida davlat-xususiy sheriklik asosida barpo etilgan yangi Samarqand avtovokzalining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Unda viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev, soha mutaxassislari, keng jamoatchilik vakillari, nuroniylar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etishdi. Mehmonlar avtovokzalda yo‘lovchilar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdilar.
Ushbu loyihani amalga oshirish uchun 12 million AQSH dollari miqdorida mablag‘ yo‘naltirildi. Yangi avtovokzal zamonaviy arxitektura, energiya tejamkor yechimlar va xavfsizlik standartlari asosida qurildi.
Bu yerda yo‘lovchilar uchun barcha qulayliklar yaratildi. Keng va yorug‘ kutish zali, ona va bola xonasi, bolalar maydonchasi, tibbiyot xonasi, elektron tablolar orqali qatnovlar jadvalini ko‘rsatish, imkoniyati cheklangan fuqarolar uchun maxsus panduslar va yo‘laklar, avtobus, mikroavtobus va yo‘nalishsiz taksilar uchun alohida kutish maydonlari, haydovchilar dam olish xonasi, avtotransportni texnik ko‘rikdan o‘tkazish xizmati, 24 soat ishlovchi videokuzatuv tizimi shular jumlasidandir.
Avtovokzal nafaqat transport markazi, balki keng ko‘lamli xizmat ko‘rsatish va savdo hududi sifatida ham faoliyat yuritadi. Bu yerda 120 ta savdo do‘koni, 3 ta zamonaviy restoran, 14 ta servis shoxobchasi, 1 ta avtosalon, 2 ta mehmonxona joylashgan.
Yangi avtovokzalning ishga tushirilishi natijasida 300 nafar aholi uchun doimiy ish o‘rni yaratildi.
Avtovokzal ochilish marosimida viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev so‘zga chiqib, loyihaning amalga oshirilishi viloyatda transport xizmatlari sifatini yangi bosqichga olib chiqishi, shaharlararo, viloyatlararo va xalqaro qatnovlarning samaradorligini oshirshi hamda aholining vaqt va xarajatlarini tejashga xizmat qilishini ta’kidladi.
Avtovokzal ochilish marosimidan so‘ng madaniy dastur tashkil etildi. Unda viloyatimiz va poytaxtdan kelgan san’atkorlar kuy-qo‘shiqlari bilan tadbir qatnashchilariga ko‘tarinkilik ulashdi.
Samarqand avtovokzali kelgusida nafaqat Respublika ichida, balki xalqaro yo‘nalishlarda ham muhim transport markaziga aylanishi kutilmoqda. Bu esa Samarqand shahrining logistika, transport va sayyohlik salohiyatini yanada oshiradi.

Oxirgi o‘zgarish: 04/08/2025 09:02.   Ko‘rilganligi: 27
 
Material manzili: https://samarkand.uz/press/news/samarqandda-zamonaviy-avtovokzal-foydalanishga-topshirildi

 

So‘rovnoma


Xabarlarga obuna bo‘lish


Statistika


Hozir onlayn
Ro‘yxatdan o‘tganlar: 1
Mehmonlar: 5

Harakatlar strategiyasi 2017-2021

 

Copyright © 2010 – 2018. . Sayt materiallaridan foydalanganda www.samarkand.uz manba sifatida ko‘rsatilishi shart.

 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing