w w w . s a m a r k a n d . u z
Bugun erta tongda Samarqand viloyatining mo‘min-musulmonlari muborak Ramazon hayiti namozini ado etdilar.
Xususan, kuni kecha Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida rasman ochilgan Imom Buxoriy majmuasi namozxonlar bilan gavjum bo‘ldi. Bu yerda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy, Shayx Nuriddin Xoliqnazar boshchiligida yurtimizning barcha viloyatlaridan kelgan bosh imom-xatiblar, ulamolar, hayit namozini ushbu muqaddas maskanda ado etish niyatida bo‘lgan yurtdoshlarimiz yig‘ildilar.
Erta tongdan Samarqand viloyati hokimi Adiz Boboyev va tegishli masʼullar tomonidan majmuada hayit namozini o‘qish uchun yaratilgan sharoitlar yana bir bor ko‘zdan kechirildi.
Shundan so‘ng hayit namozini ado etishga kirishildi. Namoz oldidan bu yilgi Ramazon oyi o‘zgacha shukuh bilan o‘tgani, mehr-muruvvat va hamjihatlik g‘oyalari ustuvor bo‘lgani, o‘tkazilgan saxovat tadbirlari xalqimiz o‘rtasidagi birdamlikni yanada mustahkamlagani ta’kidlandi.
— Hurmatli Prezidentimiz tashabbuslari bilan ulug‘ muhaddisning islom olamidagi mavqei va nufuziga mos tarzda bunyod etilgan mazkur muazzam obida barchamizga muborak bo‘lsin, – dedi Shayx Nuriddin Xoliqnazar. Majmua Ramazon hayitiga nafaqat xalqimiz, balki butun musulmon ummati uchun katta sovg‘a bo‘lgani, bu joy shunchaki ziyoratgoh emas, ilm-ma’rifat, ma’naviyat maskani sifatida xalqimizning, ayniqsa, yoshlarning bilim va dunyoqarashini boyitish, tafakkurini kengaytirishga xizmat qilishi aytildi.
Hayit namozida Vatanimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi va yurtimiz ravnaqi uchun ezgu duolar qilindi.
Ramazon hayiti munosabati bilan viloyat bo‘ylab turli xayriya tadbirlari, ehsonlar va bayramona uchrashuvlar tashkil etilmoqda.