w w w . s a m a r k a n d . u z
Samarqand shahri Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE)ning "Grand Swiss” xalqaro turniriga mezbonlik qilmoqda.
Musobaqada jami 172 nafar shaxmatchi qatnashmoqda.
Turnirning ochilish marosimida O‘zbekiston Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Saʼdullayev, Xalqaro shaxmat federatsiyasi Prezidenti Arkadiy Dvorkovich, Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyevlar ishtirok etdi. Tadbirda so‘zga chiqqan viloyat rahbari Grand Swiss-2025 — bu nafaqat shaxmat maydoni, balki xalqlar do‘stligi va madaniyatlar uchrashuvi ekanligini hamda musobaqada O'zbekiston jamoasi tarkibida 7 nafar samarqandlik shaxmatchi ham ishtirok etayotganidan mamnun ekanligini ta’kidladi va ishtirokchilarga omad tiladi.
Grand Swiss-2025 musobaqasi shveysarcha tizimda 11 tur davomida o‘tkaziladi. Unda jahon shaxmat reytingida yuqori o‘rinlarni egallab kelayotgan kuchli grossmeysterlar, shuningdek FIDE Prezidenti tavsiyasi bilan taklif etilgan shaxmatchilar va xalqaro musobaqalar g‘oliblari qatnashadilar.
Mazkur musobaqaning asosiy maqsadi — dunyo reytingining TOP-100 taligiga kirgan kuchli shaxmatchilar orasidan to‘rt nafar talabgorni (2 nafar erkak va 2 nafar ayol shaxmatchi) jahon shaxmat tojiga bo‘ladigan “Talabgorlar turniri”ga saralab olishdan iborat. Musobaqaning umumiy mukofot jamg‘armasi 855 000 AQSH dollarini tashkil etadi.