w w w . s a m a r k a n d . u z
Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev Janubiy Koreyaning Youngone Corporation kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashdi.
Muloqotda dastlab Janubiy Koreya kompaniyasi tomonidan Samarqand viloyatiga kiritilgan investitsiyalar, korxonalar faoliyati haqida to‘xtalib o‘tildi.
Youngone Corporation kompaniyasining O‘zbekistonga kiritgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalari miqdori 28 million dollardan ortiqni tashkil etadi. Dastlab Samarqandda tekstil yo‘nalishida “SAMARKAND APPAREL”, keyinchalik Toshkent viloyatining Bo‘ka tumanida “BUKA SPORTS WEAR” xorijiy korxonalari faoliyat boshlagan. Hozirda ushbu korxonalarda 1200 nafarga yaqin doimiy ish o‘rni yaratilgan.
Uchrashuvda kelgusi ikki yila yana 30 million dollar miqdorida qo‘shimcha investitsiya kiritib, ishlab chiqarish va eksport hajmini yanada kengaytirish yuzasidan fikr almashildi.
“SAMARKAND APPAREL” xorijiy korxonasi tomonidan so‘nggi bir yarim yil ichida Janubiy Koreya bozoriga AQSHning “The North Face” hamda Yevropa bozoriga, xususan Germaniyaga, mashhur jahon brendi hisoblangan “Engelbert Strauss” brendiga tayyor kiyim-kechak mahsulotlari eksportini amalga oshirib kelayotgani ma’lum qilindi.
Viloyat rahbari Adiz Boboyev Janubiy Koreya kompaniyasi bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish, viloyatning aholi gavjum hududlarida ishlab chiqarish korxonalarini tashkil etish yuzasidan takliflarini berdi. Tashkil etiladigan yangi korxonalar aholi bandligini ta’minlashda ham muhim ahamiyatga ega bo‘lishi ta’kidlandi. Bu yo‘nalishda qonun doirasida barcha yordamlar ko‘rsatilishi bildirildi.
Youngone Corporation rahbariyati tomonidan Samarqandda "El merosi" madaniyat markazi faoliyatini kengaytirish, yangi quvvatlarni ishga tushirish, tekstl sanoatidagi yangiliklarni joriy qilishda hamkorlikda ishlash yuzasidan qiziqish bildirildi.