w w w . s a m a r k a n d . u z
Shu kunlarda mamlakatimizda mehmon bo‘lib turgan Vengriya davlat boshqaruvi va hududiy rivojlanish vaziri Tibor Navrachich Samarqandga ham keldi.
Viloyat hokimi Adiz Boboyev bilan o‘tkazilgan uchrashuvda ikki davlat o‘rtasidagi yaqin hamkorlik va do‘stona munosabatlar izchil rivojlanib, yangi bosqichga ko‘tarilayotgani qayd etildi. Bu jarayonlar mamlakatlarimiz rahbarlarining o‘zaro ishonchga asoslangan do‘stona aloqalari samarasi ekanligiga alohida urg‘u berildi.
Muloqot davomida Vengriyaning "Smart Sity" modelini Samarqand shahrida joriy etish, boshqaruv samaradorligini oshirish, davlat boshqaruvini modernizatsiya qilish, raqamlashtirish masalalariga to‘xtalib o‘tildi.
Adiz Boboyev Samarqand shahrini 1 mln aholi yashaydigan yirik shaharga aylanayotgani, shaharni har tomonlama rivojlantirish, aholi uchun har tomonlama qulay shart-sharoitlar yaratish borasidagi ishlar xususida to‘xtaldi.
Shuningdek, Vengriyaning "Smart Sity" modelini Samarqandda joriy etishning ahamiyati, bu yerdagi tarixiy obidalarni qayta rekonstruksiya qilish borasida tajriba almashish haqida so‘z yuritildi.
Tibor Navrachich viloyat rahbarining takliflarini qo‘llab-quvvatlab, ushbu yo‘nalishlarda hamkorlik qilishga tayyor ekanligini ma’lum qildi. Uchrashuvda Vengriya davlat boshqaruvi va hududiy rivojlanish vaziri Tibor Navrachich Samarqand viloyatining shahar va tumanlaridan biri bilan Vengriya davlati shaharlari o‘rtasida birodarlashgan shahar munosabatlarini o‘rnatish borasida ham takliflarini bildirdi. Bu borada ham hamkorlikda ish olib boriladigan bo‘ldi.
Uchrashuv so‘nggida Vengriyada tadbirkorlar ishtirokida biznes-forum tashkil qilish hamda bir qator qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishildi.