w w w . s a m a r k a n d . u z

“Samarqand oshi” xalqaro gastronomik festivali bo‘lib o‘tdi

“Samarqand oshi” xalqaro gastronomik festivali bo‘lib o‘tdi

Shu yilning 1–3-avgust kunlari viloyatda ilk bor “Samarqand oshi” xalqaro festivali o‘tkazildi. Unda yurtimiz va xorijiy davlatlarning mashhur oshpazlari ishtirok etishdi.

Festivalning 1-kunida mamlakatimizning barcha viloyatlaridan tashrif buyurgan eng mohir oshpazlar ishtirokida musobaqa tashkil qilingan bo‘lsa 2-kuni xorijlik oshpazlar ishtirokida osh pishirildi. Jumladan, Ozarbayjon, Malayziya, Qatar, Quvayt, Yaponiya, Pokiston, Turkiya, Tojikiston, Indoneziya, Xitoy Xalq Respublikasi, Hindiston, Polsha, Iordaniya, Misr Arab Respublikasi, Koreya Respublikasi, Qozog‘iston va boshqa bir qator davlatlardan dunyoga mashhur oshpazlar pazandalik borasidagi iqtidorlarini namoyish qilishdi.
Festivalning 3-kuni esa ishtirokchilar “Samarqand osh festivali”ning asosiy tadbiri - 7 tonnalik osh tayyorlash jarayoniga guvoh bo‘lishdi.
“Silk Road Samarkand” xalqaro turizm markazidagi “Boqiy shahar” majmuasida o‘tkazilgan ushbu tadbirda maxsus tayyorlangan katta qozonda 50 nafar mahalliy va 5 nafar xorijlik oshpazlar tomonidan 7 tonnadan ziyod osh tayyorlashdi. Ishtirokchilar jarayonlarni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rib, tayyor taomdan ta’tib ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Tayyorlangan osh mehribonlik uylari, nogironligi bo‘lgan bolalar ixtisoslashtirilgan maktab-internatlari, qariyalar uylari kabi muassasalarga yetkazib berildi.
Festival munosabati bilan 3 kun davomida oshpazlar ishtirokida musobaqalar tashkil etildi. 20 turdagi noyob osh tayyorlanib, oshpazlardan mahorat darslari, xorijiy mamlakatlarning oshlarini tayyorlash jarayonlari, hunarmandchilik va sharq shirinliklari ko‘rgazmalari tashkil etildi.
Festival yakunida ko‘rik-tanlov g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev so‘zga chiqib, gastronomik turizmni rivojlantirish, ayniqsa, milliy taomlarni xalqaro miqyosda keng targ‘ib etishga alohida e’tibor qaratilayotganligi xususida to‘xtaldi. Shundan so‘ng ko‘rik-tanlov g‘oliblari taqdirlandi.
Tonlovda 3-o‘ringa Xorazm viloyati, 2-o‘ringa Buxoro viloyati, 1-o‘ringa Toshkent shahri oshpazlari munosib ko‘rildi. G‘oliblar va festivalda faol qatnashgan ishtirokchilar, jarayonlarni keng yoritgan OAV vakillari va blogerlar ham turli nominatsiyalar bo‘yicha Samarqand viloyati hokimligi va hamkor tashkilotlarning qimmatbaho esdalik sovg‘alari va pul mukofotlari bilan taqdirlandi.
Festival taqdirlash marosimi katta konsert dasturiga ulanib ketdi.
Xalqaro festival davomida “Samarqand oshi” – nafaqat taom, balki, xalqimiz mehmondo‘stligi, bag‘rikengligi va madaniy boyligining timsoli sifatida namoyon bo‘ldi.

Kiritilgan vaqti: 03/08/2025 22:28.   Ko‘rilganligi: 36
 
Material manzili: https://samarkand.uz/press/news/samarqand-oshi-xalqaro-gastronomik-festivali-bolib-otdi

 

So‘rovnoma


Xabarlarga obuna bo‘lish


Statistika


Hozir onlayn
Ro‘yxatdan o‘tganlar: 1
Mehmonlar: 1

Harakatlar strategiyasi 2017-2021

 

Copyright © 2010 – 2018. . Sayt materiallaridan foydalanganda www.samarkand.uz manba sifatida ko‘rsatilishi shart.

 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing