w w w . s a m a r k a n d . u z
Tadbirda Samarqand viloyati hokimi Adiz Boboyev, Kengash a’zolari, mahalliy tadbirkorlar hamda oliy ta’lim muassasalari rahbarlari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda hududda kadrlar tayyorlash sifatini oshirish, ta’lim va ishlab chiqarish o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Muhokamalar markazida Samarqand viloyatidagi ta’lim muassasalari bilan tadbirkorlik sub’yektlari o‘rtasida dual ta’lim tamoyillari asosida hamkorlikni kengaytirish masalasi bo‘ldi. Xususan, talabalarni ishlab chiqarish jarayonlariga bevosita jalb etish, amaliy ko‘nikmalarni shakllantirish, ilmiy tadqiqotlarni real sektor ehtiyojlari bilan uyg‘unlashtirish yo‘nalishlari yuzasidan fikr almashildi.
Samarqand davlat arxitektura-qurilish universiteti yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Sherzod Uzoqov universitet faoliyati va xalqaro hamkorlik haqida to‘xtalib o‘tdi.
Ta’kidlanishicha, bugungi kunda universitetda 9 mingga yaqin talaba tahsil olmoqda va ularga 400 nafarga yaqin professor-o‘qituvchilar ta’lim bermoqda. Oliy ta’lim muassasasi tarkibida 4 ta fakultet faoliyat yuritib, ta’lim jarayoni 39 ta bakalavriat, 13 ta magistratura hamda 16 ta doktorantura yo‘nalishlari asosida tashkil etilgan.
Viloyat hokimi Adiz Boboyev ta’lim muassasalari va tadbirkorlar o‘rtasidagi yaqin hamkorlik hudud iqtisodiyotini rivojlantirish, raqobatbardosh va zamonaviy kadrlar tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi. Shuningdek, tadbirkorlar tomonidan bildirilgan taklif va tashabbuslar asosida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish zarurligi qayd etildi.
Yig‘ilish yakunida dual ta’limni joriy etish, qo‘shma ilmiy-tadqiqot ishlarini yo‘lga qo‘yish hamda oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarini ish bilan ta’minlashga qaratilgan aniq vazifalar belgilab olindi.