
“Yer yuzining sayqali” deb ta`riflangan viloyatimizni yanada rivojlantirishda har birimiz fidoyilik va faollik ko‘rsataylik!
Aziz samarqandliklar!
Hurmatli Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning e`tiborlari tufayli viloyatimiz keyingi yillarda mamlakatimizning iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy hayotida muhim o‘rin tutadigan hududlardan biriga aylandi. Ilm-u irfon, madaniyat va san`at beshigining timsoli sifatida mavqei tobora mustahkamlanib bormoqda.
Xususan, o‘tgan yili 928,5 mln. dollar miqdorida xorijiy investitsiya mablag‘lari jalb etilib, 147 ta loyiha ishga tushirildi.
Bundan tashqari, 2024-yilda 166 ta qo‘shma korxona tashkil etildi va ularning soni 926 taga yetdi. Viloyatning tashqi savdo aylanmasi 2,8 mlrd. dollarni tashkil etdi va eksport hajmi 2023-yilga nisbatan 127 foizga oshdi.
Bu ko‘rsatkichlar viloyatimizning iqtisodiy-ijtimoiy taraqqiyotida ham namoyon bo‘lmoqda. Xususan, 2024-yilda yalpi hududiy mahsulot 6,9 foiz o‘sgani shundan dalolat beradi.
Davlatimiz rahbari yaratib bergan imkoniyat va imtiyozlar tufayli viloyatimiz aholisi ham kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasida ham muhim natijalarga erishib kelmoqda. Ayni paytda viloyatda mazkur sohaning yalpi hududiy mahsulotdagi ulushi 73 foizdan oshgani va mehnat bilan band aholining 87 foizdan ziyodi shu sohada faoliyat ko‘rsatayotgani fikrimizning yaqqol misolidir.
Shu bilan birga, 16 ta tuman (shahar) va 1 126 ta mahallaning har birini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, ularni kambag‘allik, ishsizlik va jinoyatdan xoli hududga aylantirish, “Obod mahalla – obod ko‘cha – obod xonadon” mezonlarini joriy etish kabi muhim sohalarda hurmatli Prezidentimiz belgilab bergan vazifalar viloyatimizning yaqin istiqboldagi rivojlanish strategiyasini o‘zida mujassam etadi.
Darhaqiqat, tarixi bir necha ming yilliklarga borib taqaladigan, ilm-fan, madaniyat va ma`naviyat rivojlangan, buyuk allomalar yetishib chiqqan azim va ko‘hna zaminimiz jahon tsivilizatsiyasiga munosib hissa qo‘shgan hamda bugungi kunda ham tarixiy davr bilan bugungi Uchinchi Renessans davri o‘rtasida munosib ko‘prik vazifasini bajarib kelmoqda.
Bu esa, “Yer yuzining sayqali”, “Sharq gavhari”, “Sharq va G`arb tamaddunini bog‘lab turuvchi markaz” deb e`tirof etilgan viloyatimiz aholisi uchun ham sharaf, ham mas`uliyat hisoblangan.
Shu nuqtai-nazardan, hurmatli Prezidentimiz belgilab bergan sohalar va yo‘nalishlar bo‘yicha “Yer yuzining sayqali” bo‘lgan viloyatimizni har tomonlama rivojlantirishda nafaqat mas`ul rahbarlar, balki barcha samarqandliklar bir yoqadan bosh chiqarib, fidoyilik va faollik ko‘rsatishi insoniy burchimizdir.
Qadrli vatandoshlar!
Raqamlarga murojaat etadigan bo‘lsak, viloyatda rasman 40,9 ming nafar fuqaro ishsiz deb qayd etilgan bo‘lsa, joriy yilda yana 82,1 ming bitiruvchilar mehnat bozoriga kirib keladi.
2025-yil boshida hududimizdagi 324 ming nafar aholining daromadi past bo‘lib, kambag‘allik darajasi 7,7 foizni tashkil etgan.
Xususan, 2024-yil boshida 98 mingdan ziyod kambag‘al oila ro‘yxatga olingan bo‘lib, shu davrga qadar amalga oshirilgan kompleks chora-tadbirlar natijasida 23 mingga yaqin oilani kambag‘allik darajasidan chiqarishga erishildi.
Bu borada “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi doirasida qolgan 75 mingdan ortiq ehtiyojmand oilalarni ham kambag‘allikdan chiqarish viloyatimizni kambag‘allikdan xoli hududga aylantirishga xizmat qilishi barchamizga ma`lum.
Buning uchun kambag‘al oilalarga biriktirilgan rahbarlar mutasaddi tashkilotlar, “mahalla yettiliklari”, bank tizimi xodimlari, tadbirkor va fermerlar bilan birgalikda har bir oilaning ehtiyoji
va daromadlarini oshirish imkoniyatlarini chuqur o‘rgangan holda manzilli rejalar asosida qonunchilikda belgilangan xizmatlar majmuining o‘z vaqtida va to‘liq ko‘rsatilishini tashkil etishlari ularni kambag‘allikdan chiqarishga xizmat qiladi.
Bu esa, “Samarqand tajribasi” bo‘ladi, albatta.
Binobarin, aholi bandligini ta`minlash, kambag‘al oilalarni qo‘llab-quvvatlash uchun bor kuch va imkoniyatlarni safarbar etish, shuningdek, “jonajon Vatanimizning rivojiga hissa qo‘shaman”, degan har bir yurtdoshimizning oldida turgan muhim vazifalardan biri hisoblanadi.
Negaki, kishi qachon barqaror ish faoliyati bilan shug‘ullansa, oilasi farovon bo‘lsa, shundagina uning o‘ziga nisbatan ishonchi ortadi, davlatimizning taraqqiy etishiga umid bilan qaraydi, jamiyatimizdagi kechayotgan jarayonlarga, islohotlarga daxldorlik hissini tuyadi.
Qolaversa, bandligi ortidan kelgan daromadiga oilasini boqadi, turmushi farovon bo‘ladi, orzu-havaslariga erishadi.
Bu borada viloyatda 320 mingta yangi ish o‘rinlarini yaratish bo‘yicha tasdiqlangan rejalarning ijrosini ta`minlash dolzarb ahamiyatga ega.
Shu bilan birga, viloyatimizdagi 1 126 ta mahallaning drayveridan kelib chiqib, shakllantirilgan 45 mingdan ziyod loyihalarni ishga tushirish, “Turizm mahallalari” va “Turizm qishloqlarini” ko‘paytirish, eksportni hozirgi 716 mln.dan 850 mln. dollarga oshirish ustuvor vazifamizdir.
O`ylaymizki, hurmatli Prezidentimiz tashabbuslari asosida aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha yaratilgan “Sayxunobod, Uychi, Zarbdor, G`ijduvon tajribalari”ni joriy etishda bandlik va bank tizimi xodimlari, har bir mahallaning “ettiligi”, tadbirkorlar, agroklasterlar rahbarlari va fermerlar jonbozlik ko‘rsatadilar.
Hurmatli mahalla faollari, ko‘pni ko‘rgan nuroniylar, deputatlar
va jamoatchilik vakillari!
O`tgan yili viloyatimizda doimiy yashash manzillaridan 261 mingdan ziyod yurtdoshimiz uzoq muddatga xorijiy davlatlarga ketgan bo‘lib, sizlarning sektorlar rahbarlari, prokuratura va ichki ishlar idoralari xodimlari hamda kasaba uyushmalari bilan yaqin hamkorlikda olib borilgan keng ko‘lamli targ‘ibot ishlaringiz natijasida ularning 129 mingga yaqini o‘z oilalari bag‘riga qaytib kelishdi.
Shu bilan birga, sektorlar rahbarlari, 1 126 ta mahalla “ettiligi” tomonidan mutasaddilar bilan birgalikda xorijdan qaytib kelgan 7 mingga yaqin vatandoshlarimizning bandligini ta`minlash, tashqi migratsiyada yurgan 174 mingdan ortiq mahalladoshlarimiz bilan doimiy tarzda muloqotlar o‘tkazib borish va bunda kam daromadlilarni qaytarish ustuvor vazifalardan hisoblanadi.
Qolaversa, xalqimizning “Bolaning begonasi bo‘lmaydi!”, “Bir bolaga yetti mahalla ham ota, ham ona” kabi purmano maqollari va da`vatlarni amaliy harakatga aylantirishimiz kerak.
Ayni paytda aziz dilbandlarimizning kamoloti, ularning yaxshi o‘qib, oilasiga va xalqimizga nafi tegadigan kasb-hunarlarning egalari bo‘lib voyaga yetishlari har bir ota-ona, mahalla va butun jamiyatimiz uchun oliy maqsadlardan biri ekanligini yaxshi tushunamiz.
Bu borada farzandlarimizni o‘quvchilik davridayoq mustaqil ravishda o‘zi qiziqqan kasb-hunarning haqiqiy egasi bo‘lishini ta`minlashga ko‘maklashish har birimizning insoniy burchimizdir.
Bugungi kunda mamlakatimizda qabul qilingan qonunchilik hujjatlari, dasturlar va “Yo‘l xaritalari” ijrosini ta`minlash, davlat idoralari faoliyati, mutasaddilar tomonidan aholi muammolarining o‘z vaqtida hal etilishi ustidan samarali deputatlik va jamoatchilik nazoratini o‘rnatish dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Bunda deputatlik va jamoatchilik nazoratining ta`sirchan mexanizmlarini joriy etish “Inson qadri uchun” tamoyilini amalda qaror toptirish bilan bir qatorda, joylarda qonun buzilishi holatlari va boshqa salbiy illatlarning oldini olishga, ochiqlik va shaffoflikni ta`minlashga xizmat qiladi.
Barchamizga ma`lumki, har qanday jinoyat, zo‘ravonlik – bu adolatning buzilishi, haqiqatning sinishiga olib keladi.
Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida viloyatimizdagi 1 126 ta mahallaning 756 tasida jinoyat sodir etilganligi, 156 tasida esa jinoyat oshganligi barchamizni chuqur tashvishga solishi, tabiiy.
Jinoyatchilikning asl ildizi ko‘p hollarda bekorchilikdan kelib chiqadi.
Agar barchamiz bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilsak hamda “Mening mahallam, mening ko‘cham tinch va toza, jinoyatchilikdan xoli mahalla, ko‘cha!”, “Men mahallamga befarq emasman!” degan ezgu g‘oyalarni amalda tatbiq qilsak, shundagina viloyatimizni jinoyatchilikdan xoli hududga aylantirishga erishamiz.
Aziz samarqandliklar!
Barchangizni jonajon Vatanimizning, mahallamizning gullab-yashnashiga hissa qo‘shishni majburiyat emas, avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan qadriyat sifatida qabul qilishga chaqiramiz!
Qolaversa, yurtimizda ulkan yangilanishlar va bunyodkorliklar shiddati kechayotgan ushbu damlarda har birimiz o‘z xonadonimizni, mahallamizni obod qilishimiz nafaqat qut-baraka, balki farzandlarimiz va nevaralarimizning dunyoqarashi, ma`naviyati va ma`rifatiga ijobiy ta`sir qilishini unutmaylik!
Har birimiz “Yer yuzining sayqali” deya nom qozongan hududda yashayotganligimizning mas`uliyatini chuqur his qilgan holda viloyatimizni “Obod Samarqand”ga aylantirishni, uning “Sharq gavhari” ekanligini namoyon qilishni ezgu maqsad sifatida amalda namoyon etaylik!
Shundagina ko‘zlangan buyuk maqsadga – Yangi O`zbekistonimiz, Samarqandimizning yanada gullab-yashnashiga erishamiz.
Bejizga buyuk bobokalonimiz Amir Temur o‘zining o‘gitlarida “Davlat ishlarining to‘qqiz ulushi kengash, tadbir va mashvarat bilan bajo keltirilur”, deb ta`kidlamagan.
Yuqorida ta`kidlab o‘tilgan ustuvor vazifalar ijrosini ta`minlashda barchamiz birlashishimiz, “bir tan-u bir jon bo‘lib” harakat qilishimiz va har birimiz munosib hissa qo‘shishishimizni taqozo etadi.
Har doim yodda tuting, sizning birgina ijobiy harakatingiz – bu oilangiz, mahallangiz va butun viloyatimiz aholisining farovonligi uchun xizmat qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot xizmati
O‘zbekiston Respublikasi Davlat hukumati portali
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi
O‘zbekiston Respublikasi milliy qonunchiligi onlayn bazasi
Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya bo‘yicha davlat inspeksiyasi
Hozir onlayn
Ro‘yxatdan o‘tganlar: 0
Mehmonlar: 4
Copyright © 2010 – 2018. . Sayt materiallaridan foydalanganda www.samarkand.uz manba sifatida ko‘rsatilishi shart.