w w w . s a m a r k a n d . u z
Samarqand viloyati hokimi Adiz Boboyev Kaliforniya shtatidagi University of California, Davis tarkibida faoliyat yurituvchi "UC Davis Foundation Plant Services" ilmiy markazida bo‘ldi.
Mazkur markaz qishloq xo‘jaligi uchun yuqori sifatli, kasalliklardan holi o‘simlik ko‘chatlarini yetishtirish, ularni ko‘paytirish, tekshirish va tarqatishga ixtisoslashgan. Bu yerda uzum, mevali daraxtlar, qulupnay, kartoshka hamda boshqa ekinlarning virusdan holi elita ko‘chatlari yetishtiriladi. Shuningdek, laboratoriya va diagnostika xizmatlari, import hamda karantin nazorati yo‘lga qo‘yilgan. Markaz zamonaviy laboratoriyalar, issiqxonalar va maxsus himoyalangan plantatsiyalar bilan jihozlangan bo‘lib, minglab o‘simlik turlari va navlari kolleksiyasini o‘zida jamlagan.
Markaz bilan tanishuv jarayonida qator muhim tashabbuslar muhokama qilindi. Xususan, Samarqand viloyatida mevali bog‘lar uchun kasalliklardan holi, sertifikatlangan ko‘chatlar ishlab chiqarish tizimini joriy etish, “UC Davis” tajribasi asosida fitosanitar standartlarni kuchaytirish va eksportbop mahsulotlar sifatini oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Samarqandda o‘simlik kasalliklarini aniqlash laboratoriyalarini tashkil etish, zamonaviy biotexnologik diagnostika usullarini joriy qilish hamda ilmiy kadrlar malakasini oshirishda hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalasiga alohida e'tibor qaratildi. Shu bilan birga, iqlim o‘zgarishiga moslashgan yangi ekin navlarini yaratish, suv tejamkor agrotexnologiyalarni rivojlantirish va tuproq unumdorligini oshirishga qaratilgan innovatsion loyihalarni amalga oshirish masalalari ham muhokama qilindi.
Ta’lim yo‘nalishida esa Samarqand agrar universiteti talabalari va mutaxassislari uchun AQSHda stajirovka dasturlarini yo‘lga qo‘yish, qo‘shma trening va seminarlar tashkil etish hamda onlayn ta’lim platformalarini joriy qilish yuzasidan takliflar bildirildi.
Tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha aniq vazifalarni belgilab oldilar. Ushbu kelishuvlar Samarqand viloyatida innovatsion va eksportga yo‘naltirilgan qishloq xo‘jaligi tizimini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.