w w w . s a m a r k a n d . u z
O‘zbekiston Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 31 yilligi va Vatan himoyachilari kuni yurtimizda keng nishonlanmoqda.
Bu bayramning umumxalq miqyosda yaxshi nishonlanayotgani, qadrlanib borayotganligi, nufuzi oshayotganligining ikkita sababi bor.
Birinchisi, xalqimizning qonida jasorat, vatanparvarlik kabi ezgu fazilatlarning borligi.
Ikkinchisi esa davlatning ana shu fazilatlarni qo‘llab-quvvatlayotganligidir.
Qolaversa, davlatimiz "Agar sen o‘z armiyangni boqmaydigan bo‘lsang, boshqa birovning armiyasini boqasan" degan dunyoviy naqlga, talabga amal qilayotganligidir.
Biz ertaklar, kitoblar o‘qib o‘rganganmiz. Barcha kitoblarda, u tarixiy bo‘ladimi, zamonaviy bo‘ladimi yoki ertakmi – barchasida yaxshilik yovuzlik ustidan g‘alaba qozonadi. Boshqacha aytganda, yaxshilar murod-u maqsadiga yetadi.
Buning asosiy sababi - o‘sha dushmanlarni, yomonlikni yengishga jasorat bilan otlangan xalq qahramonlari bo‘lgan. Xalq qahramonlari Vatanni himoya qilgan. Vatanni himoya qilish uning tuprog‘ini himoya qilish emas, uning chegarasida turish emas, balki shu Vatanda yashovchi o‘zining avlodlari, ajdodlari sha’nini himoya qilish, degani. Bu juda katta tushuncha. Shuning uchun ham ongimizda, shuurimizda, umuman, xalqimizda, katta-kichik - barchada yomonlikka nisbatan nafrat, yaxshilarga nisbatan hurmat qolgan.
Biz bugun salobatli harbiylarimizni, umuman, harbiy libos kiyganlarni ko‘rsak ularga e’tibor beramiz va havas qilamiz.
Biz o‘zimiz ham, mening avlodim ham harbiy xizmatdan qaytganlarning shijoatini, ularning vujudini, tanasi chiroyliligini, jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanib pishiq bo‘lib yetilganini ko‘rib, havas qilganmiz. Va biz ham armiyaga borsak, harbiy bo‘lsak deb orzu qilganmiz.
Jasorat degani bu - faqatgina kuch-quvvat, birovning havasini keltirish, chiroyli harakatlar qilishgina emas. Jasorat o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmaydi.
Inson qachon jasorat qiladi? Qachonki, uning aqli tugal ishlasa, uning zakovati bo‘lsa, uning farosati bo‘lsa. Shuning uchun ham Abdurahmon Jomiy aytganki, kuchlilik, baquvvatlilik bu - bilagingdagi quvvat emas, balki jahlni yenga olishdir.
Jahl – bu munosabatdagi tuyg‘ular, o‘zgarishlar. Ana shularni yo‘lga sola olsak, biz hamma vaqt dunyoga ustunlik qilamiz.
Qolaversa, globallashuv jarayoni ham bizga juda ko‘p narsalarni o‘rgatyapti. Atrof bilan muomala qilishda, munosabat o‘rnatishda hamma vaqt albatta, armiyamiz qudratli bo‘lishi kerak, o‘zini himoya qila olishi kerak. Lekin xalqimiz nafaqat Vatanini, aytaylik, o‘z g‘oyalarini, o‘z maqsadini ham himoya qila oladigan darajada bo‘lishi zarur.
Davlatimiz rahbari harbiy sohani isloh qilishda aynan ana shu yo‘nalishga katta urg‘u berayotgani bejiz emas. To‘g‘ri, harbiy qudratimiz rivojlanyapti, biz yangi qurol-yarog‘, himoya vositalari olyapmiz. Lekin eng muhimi, biz harbiylarimiz sifat tarkibini yaxshilay oldik.
Bugun O‘zbekiston armiyasi qudratli armiyaga aylandi. Bugun ongli, bilimli, iqtidorli, zamonaviy ilmlar bilan qurollangan katta armiyaga ega bo‘ldik. Bugun harbiylarimiz juda katta texnologik operatsiyalarni amalga oshiryapti, bugun harbiylarimiz ilm, sport sohasidagi musobaqalarda, xalqaro anjumanlarda o‘zlarini namoyish qilyapti.
Ikkinchi tomoni, biz aynan ana shunday insonlarni ijtimoiy himoya qilyapmiz. Qay ma’nodaki, harbiylarimizga arzon uylar qurib berish, harbiy bazalari, ya’ni mashq bazalarini kuchaytirish, bundan tashqari, butun xalqimizning asl farzandlarini bir oy mobaynida harbiy ko‘nikmalarga o‘rgatish, maktablardagi harbiy mashqlar - bular hammasi bolalardagi nafaqat jismoniy, balki ma’naviy fazilatlarni ham shakllantirishga qaratilgan.
Misol uchun, birgina Samarqand viloyatining o‘zida keyingi ikki-uch yilda ko‘plab harbiylarga yashash joylari berildi. Shunga mos tarzda ko‘plab boshqa inshootlar qurildiki, ularning sidqidildan xizmat qilishlari, yashashlari uchun barcha sharoitlar yaratildi.
Harbiylarning oilalariga ham e’tibor qaratilyapti. O‘zbekistonning turli hududlaridagi askarlarning bir-birlari bilan, ota-onalari bilan videomuloqot orqali suhbatini, tabrigini uyushtirish bu - an’anaga kirib qoldi. Bunday voqealar askarlarni emas, balki ularning ota-onalarining ham esidan chiqmaydigan ibratli tadbirlardir. Bu, eng avvalo, yoshlarning harbiy xizmatga qiziqishini kuchaytirsa, ota-onalarda o‘z armiyasiga hurmatni oshiradi, deb o‘ylayman.
Shaxsan o‘zim hamisha harbiylarga havas bilan qarayman. Ularga uy topshirayotganda oilasi, farzandlari quvonchini ko‘rib, havasi keladi kishining. O‘zim borib uylarida suhbatlar o‘tkazganman. Harbiy qismlarga borib uchrashuv o‘tkazib turaman, harbiylarning kayfiyatini bilishga harakat qilaman. Shuning uchun ham harbiy xizmatning takomillashganini sezyapman. Qolaversa, armiyamizning qudrati oshganligini ko‘ryapman. Aqlli, zakovatli, farosatli zobitlar bilan suhbatlashish jarayonida men ana shu narsaga ishonch hosil qilyapman. Harbiylardan ko‘p narsani o‘rganyapman, tajriba orttiryapman. Bundan faxrlanaman!
Jasoratli odam hamisha qudratli bo‘ladi. Qudratli insonda esa hamma vaqt aql-zakovat birday ishlaydi. Buning yorqin dalili bobokalonimiz Sohibqiron Amir Temurning faoliyati va uning tuzuklarda yozgani – “Kuch – adolatda”.
Har qanday qudratli odam ham adolatli bo‘lmasligi mumkin. Lekin zakovatli, aqlli, farosatli inson hamisha qudratli va adolatli bo‘ladi. Ana shu adolatli hayot bugun bizni yangi marralarga eltadi deb o‘ylayman.