w w w . s a m a r k a n d . u z

Ishtixonda yangi aylanma yo‘l va zamonaviy ko‘prik foydalanishga topshirildi

Ishtixonda yangi aylanma yo‘l va zamonaviy ko‘prik foydalanishga topshirildi

Samarqand viloyatining Ishtixon tumanida muhim infratuzilma loyihasi yakunlanib, foydalanishga topshirildi.

Tuman markazini Mitan shaharchasi bilan bog‘lovchi, shuningdek M-37 xalqaro avtomobil yo‘liga tutashuvchi 4 kilometr uzunlikdagi "Afrosiyob" aylanma yo‘li hamda uzunligi 73 va eni 15 metr bo‘lgan zamonaviy ko‘prik barpo etildi.
Mazkur obyektlarning tantanali ochilish marosimida viloyat hokimi Adiz Boboyev, Respublika bosh prokurorining birinchi o‘rinbosari Bahriddin Valiyev, tuman jamoatchiligi vakillari, nuroniylar ishtirok etdilar. Tadbirda hududlarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari, yo‘l infratuzilmasini modernizatsiya qilish, aholiga yanada qulay shart-sharoitlar yaratish hamda yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash borasidagi ustuvor vazifalar haqida so‘z yuritildi.
Ta’kidlanganidek, 40 mlrd. so‘m mablag‘ evaziga amalga oshirilgan ushbu loyiha natijasida Ishtixon tumani markazidagi tirbandliklar 40 foizgacha kamayishi kutilmoqda. Shuningdek, yo‘l-transport hodisalarining oldini olish, tranzit yuklar harakatini tartibga solish va tezlashtirish uchun qulay hamda xavfsiz muhit yaratiladi.
Yangi yo‘l va ko‘prik nafaqat transport oqimini yengillashtiradi, balki aholining kunlik qatnovida ham ancha qulayliklar yaratadi. Natijada fuqarolar o‘z manzillariga tezroq yetib borish imkoniga ega bo‘ladilar.
Qurilish ishlari doirasida uzunligi 3,5 km va kengligi 2 metr bo‘lgan velo va piyodalar yo‘laklari, imkoniyati cheklangan fuqarolar uchun maxsus moslashtirilgan yo‘laklar, 155 dona quyosh panellari asosida ishlovchi tungi yoritish chiroqlari, 2 ta zamonaviy avtobus bekati barpo etildi.
Shu bilan birga, Qo‘shrabot, Kattaqo‘rg‘on va Payariq tumanlariga qatnovchi transport vositalari hamda tranzit yuklarini xavfsiz va tez yetkazish ta’minlanadi.
Tadbirda zamonaviy aylanma yo‘l va ko‘prik barpo etilishida faol ishtirok etgan quruvchilarga tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Foydalanishga topshirilgan yangi infratuzilma obyektlari hudud iqtisodiy faolligini oshirish, logistika tizimini takomillashtirishga xizmat qiladi.

Kiritilgan vaqti: 11/04/2026 17:27.   Ko‘rilganligi: 30
 
Material manzili: https://samarkand.uz/press/news/ishtixonda-yangi-aylanma-yol-va-zamonaviy-koprik-foydalanishga-topshirildi

 

So‘rovnoma


Xabarlarga obuna bo‘lish


Statistika


Hozir onlayn
Ro‘yxatdan o‘tganlar: 2
Mehmonlar: 6

Harakatlar strategiyasi 2017-2021

 

Copyright © 2010 – 2018. . Sayt materiallaridan foydalanganda www.samarkand.uz manba sifatida ko‘rsatilishi shart.

 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing