w w w . s a m a r k a n d . u z
Joriy yilning 3-6-sentabr kunlari Samarqand viloyati Turizm boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Jo‘rabek Suyunov hamda Samarqand shahar hokimining o‘rinbosari Farhod Nishonov boshchiligidagi
Samarqand viloyati delegatsiyasi Xalqaro turizmni rivojlantirish tashkiloti (TPO)ning 12-yalpi assambleyasida ishtirok etdi. Ushbu nufuzli anjumanda dunyo bo’ylab 41 mamlakatdan vakillar ishtirok etib, mazkur mamalakatlar o’rtasida xalqaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlash va turizm sohasidagi yangi loyihalarni amalga oshirish uchun muhim maydon bo‘lib xizmat qiladi.
Ta’kidlash joizki Samarqand viloyati MDH davlatlari ichida birinchi bo’lib TPOga a’zo bo’ldi.
Assambleya doirasida Samarqand viloyatining boy tarixiy merosi, betakror madaniyati va keng turizm salohiyati haqida taqdimot o‘tkazildi. Taqdimot davomida delegatsiya vakillari Samarqandning jahon turizm xaritasidagi o‘rni, zamonaviy turistik infratuzilmasi va xorijiy sayyohlar uchun yaratilayotgan qulayliklar haqida batafsil ma’lumot berishdi.
Shuningdek, tashrif chog‘ida Samarqand viloyati delegatsiyasi Kuala-Lumpur (Malayziya), Pusan (Koreya Respublikasi) va Ziyorat turizmi yo’nalishida hamkorlik aloqalarini o’rnatish yuzasidan Jakarta (Indoneziya) shaharlari vakillari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazdi. Muzokaralarda madaniy aloqalarni mustahkamlash, qo‘shma turistik loyihalarni amalga oshirish va sayyohlar almashinuvi jarayonlarini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Samarqand viloyatining TPO xalqaro tashkilotiga a’zo bo‘lishi kelajakda hududning turizm sohasidagi xalqaro mavqeini yanada oshirishga, yangi investitsiyalarni jalb etishga va xorijiy sayyohlar oqimini ko‘paytirishga xizmat qiladi.
Mazkur voqea nafaqat viloyatimizning, balki mamlakatimizning xalqaro turizm maydonida ham nufuzini oshirish yo‘lidagi muhim qadam sifatida hisoblanadi.