Davlat tilining nufuzi va mavqeyini oshirish borasida Davlatimiz rahbari hamda Vazirlar Mahkamasi tomonidan 10 ga yaqin normativ-huquqiy hujjatlar imzolandi.
Xususan, 2020-yil 10-aprelda “O‘zbek tili bayrami kunini belgilash to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasining Qonuni qabul qilindi. Shuningdek, Davlatimiz rahbarining 2020-yil 20-oktabrdagi “Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtiri chora-tadbirlari to‘g‘risida” PF-6084-sonli Farmoni bilan “2020-2030-yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi” tasdiqlandi. Qolaversa, Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 10-fevraldagi “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga bosqichma-bosqich to‘liq o‘tishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 61-son qarori qabul qilindi.
Yuqoridagi normativ-huquqiy hujjatlar ijrosini o‘z vaqtida va sifatli bajarish yuzasidan uch yo‘nalishda ishlar olib borildi.
Birinchi yo‘nalish – tashkilot, muassasa va idoralarda ish yuritish hujjatlarining davlat tilida olib borilishi:
Viloyatdagi tashkilot, muassasa va idoralarda har 6 oyda viloyat hokimligi Ishchi guruhi tomonidan o‘rganish ishlari olib borilib, ularga ish yuritish hujjatlarida yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklari ko‘rsatilib, amaliy yordamlar koʻrsatildi. Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 10-fevraldagi “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga bosqichma-bosqich to‘liq o‘tishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida 2023-yil 1-yanvardan tashkiliy-huquqiy sohasidan qat’i nazar barcha boshqaruv organlari va xo‘jalik birlashmalarida ish yuritish hujjatlarini lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida bo‘lishi belgilangan. Ushbu qaror ijrosini o‘z vaqtida va sifatli ta’minlash, qolaversa, ish unumdorligini oshirish maqsadida Davlat tilida ish yuritish va malaka oshirish markazi viloyat bo‘linmasida 2020-yilda 129 nafar, 2021-yilda 665 nafar, 2022-yilda 776 nafar va 2023-yilda 750 nafar, jami 2320 nafar xodimlar malaka oshirdi hamda tegishli tartibda sertifikatlarga ega bo‘lishdi. Ushbu ishlar tizimli ravishda davom etmoqda.
Shuningdek, haftada bir kun mahalliy hokimliklar, boshqarma va tashkilotlarda malakali professor-oʻqituvchilarni jal etgan holda oʻquv mashgʻulotlari tashkil etildi.
Ikkinchi yo‘nalish – tashqi reklama vositalarining davlat tilida bo‘lishi ta’minlash:
“Davlat tili haqida”gi va “Reklama to‘g‘risida”gi Qonunlar talablariga mos bo‘lmagan, xorijiy tilda, shuningdek, xato bilan yozilgan, yaroqlilik muddati o‘tgan 24300 dan ortiq tashqi reklama vositalari mutasaddi tashkilotlar hamkorligida bartaraf etildi va tadbirkorlik subyektlariga o‘z mahsulotlarini targ‘ib etishda yuqoridagi qonunlarga amal qilishlari to‘g‘risida tushunchalar berildi.
Shuningdek, viloyatimizdan oʻtgan xalqaro magistral hamda shahar va tumanlardan oʻtgan ichki yoʻllarda oʻrnatilgan 260 ga yaqin yoʻl belgilaridagi imlo xatoliklar bartaraf etildi.
Uchinchi yo‘nalish – geografik obyektlar masalasi:
Viloyatdagi 1853 ta aholi punktlari, 1126 ta mahalla, 1575 ta qabriston, 57 ta ziyoratgoh, 19 ta istirohat bog‘lari, 22 ta maydon, 1 ta xiyobon nomlari xatlovdan o‘tkazildi. Qonun doirasida ekspertiza xulosalari olinib, xalq deputatlari viloyat, shahar va tumanlar Kengashlari qarorlari qabul qilindi hamda davlat reestriga kiritildi.
Ayni paytda Davlat kadastrlari palatasi viloyat boshqarmasi bilan hamkorlikda 1126 ta mahallalarning xaritalari chizilib, ularda joylashgan ko‘chalar toifalarga ajratilmoqda. Bularni yil yakuniga qadar tugatib, ko‘chalarga nom belgilari o‘rnatish ishlarini yakuniga yetkazamiz.
Bundan tashqari, 3 ta tumanda (Ishtixon, Jomboy, Urgut) shahar va tumanlar hokimlarining davlat tili bo‘yicha maslahatchilari uchun seminarlar tashkil etildi. Ushbu seminarlar natijasida 2023-yil 2-3-dekabr kunlari Oqdaryo tumanida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Joʻqorgʻ Kengashi va viloyatlar hokimlarining davlat tili bo‘yicha maslahatchilari uchun amaliy seminar tashkil etildi hamda respublikada e’tirof etildi.
Qolaversa, 2022-yilda davlat tilida ish yuritish bo‘yicha “Eng namunali shahar va tuman” respublika ko‘rik-tanlovida Jomboy tumani ishtirok etib, faxrli ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Joriy yilda amalga oshiriladigan ishlar:
1. “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida sohaga doir qonun, farmon va qarorlar ijrosini so‘zsiz bajarish.
2. Viloyatimizning har bir hududi, qadriyatlari bilan bog‘liq bo‘lgan “Samarqand viloyati joy nomlari izohli lug‘ati”ni tayyorlash hamda nashrdan chiqarish. Bu borada SamDU, SamDCHTI olimlaridan iborat muallimlar jamoasi shakllantirilgan boʻlib, ishlar boshlab yuborilgan.
3. Narpay, Qo‘shrabot, Bulung‘ur va Toyloq tumanlarida O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi Qonuni va shu sohada qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar ijrosi yuzasidan tuman (shahar) hokimlarining davlat tili bo‘yicha maslahatchilari uchun amaliy-seminarlar tashkil etish.
4. Viloyatdagi markaziy ko‘chalarda joylashgan tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan o‘rnatilgan, qonun talablariga javob bermaydigan tashqi reklama vositalarini tartibga keltirish ishlarini yakunlash.
5. Boshqarma, tashkilot, idora va muassasalarda ish yuritish hujjatlarini davlat tilida yuritilishi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatish.
Shu o‘rinda viloyatimizda faoliyat olib borayotgan tadbirkorlik subyektlariga murojaat qilmoqchiman.
O‘z mahsulotingizni targ‘ib etishda “Davlat tili haqida”gi va “Reklama to‘g‘risida”gi Qonunlarga amal qilishlaringizni so‘raymiz. Zero, ushbu qonunlarni buzganlik uchun javobgarlik belgilangan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot xizmati
O‘zbekiston Respublikasi Davlat hukumati portali
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi
O‘zbekiston Respublikasi milliy qonunchiligi onlayn bazasi
Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya bo‘yicha davlat inspeksiyasi
Hozir onlayn
Ro‘yxatdan o‘tganlar: 2
Mehmonlar: 9
Copyright © 2010 – 2018. . Sayt materiallaridan foydalanganda www.samarkand.uz manba sifatida ko‘rsatilishi shart.