w w w . s a m a r k a n d . u z

Viloyat hokimining o‘rinbosari X.Ochilov ishtirokida “Samarqand viloyatida yoshlarga oid davlat siyosati borasida 2023-yilda amalga oshirilgan ishlar va 2024-yilgi rejalar” mavzusida brifing

Viloyat hokimining o‘rinbosari X.Ochilov ishtirokida “Samarqand viloyatida yoshlarga oid davlat siyosati borasida 2023-yilda amalga oshirilgan ishlar va 2024-yilgi rejalar” mavzusida brifing

Assalomu alaykum, qadrli samarqandliklar!

Bugungi kunda Samarqand viloyati aholisining 2 mln. 315 ming nafarini 30 yoshgacha bo’lgan yoshlar tashkil etadi.

Albatta, bu yigit-qizlarning jamiyatda o’z o’rnini topishi uchun shart-sharoit yaratib berish, ularning puxta ta’lim olishlarii, kasb-hunar sirlarini egallashlariga imkoniyat yaratish, bandligini ta’minlash, shuning bilan birga, yoshlarning muammolarini o’rganish hamda ularni ijobiy hal etish, bo’sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish davlat organlarining eng asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi.

Hurmatli Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev raisligida 2023-yilning 11-aprel kuni mamlakatimiz yoshlari masalalariga bag’ishlab o’tkazilgan yig’ilishida bir necha yo’nalishlar bo’yicha aniq vazifalar belgilab berilgan edi.

Berilgan topshiriqlarning ijrosini ta’minlash borasida viloyatimizda ham qator zarur chora-tadbirlar ko’rildi hamda hozirda ham tizimli ishlar davom ettirilmoqda.

Bunda davlat ko’magiga muhtoj bo’lgan “og’ir” toifadagi yoshlarning hayotda o’z o’rnini topishlariga ko’maklashish eng dolzarb vazifa etib belgilangan edi.

Shundan kelib chiqib, “Yoshlar balansi”ga asosan viloyatimizdagi 14-30 yosh oralig’idagi yoshlarining 1 mln. 72 ming nafari “og’ir”, “o’rta”, va “yashil” toifaga ajratildi.

Birinchi galda “og’ir” toifaga mansub bo’lgan 28 ming 324 nafar yoshlar viloyat, shaharlar va tumanlardagi korxona-tashkilotlarning 588 nafar rahbarlariga biriktirildi. Ushbu toifa bilan ishlash maqsadida mahallabay, sektorbay, tumanbay, shuningdek, 44 banddan iborat viloyat yo’l xaritasi ishlab chiqildi.

Topshiriq ijrosini ta’minlash davomida 28 ming 324 nafar yoshlarning har biriga xat yuborildi, ular tomonidan ko’tarilgan muammolar “Yo’l xarita” ga kiritildi. “Yo’l xarita”ga kiritilgan yoshlarning barchasiga amaliy yordam ko’rsatildi. Jumladan, 1500 ga yaqin yoshlar doimiy ishga joylashtirildi, 1 ming 122 nafariga 358 gektar yer maydoni ajratildi, 1 ming 100 nafardan ko’proq yoshlarga esa o’zini o’zi band qilish maqsadida asbob-uskuna va mehnat quroli taqdim etildi.

Biznesni boshlamoqchi bo’lgan 902 nafar yoshlarga 10 mlrd. so’mlik kredit berildi.

Bundan tashqari, dastur doirasida yoshlar kasb-hunar o’qitildi, davolanishlari uchun zarur bo’lgan mablag’lar ajratildi, oliy ta’lim muassasalarida o’qiyotgan talabalarning kontrakt to’lovlari to’lab berildi.

Qadrli yurtdoshlar!

Yana bir yo’nalish – ishsiz yoshlar va maktab bitiruvchilarining bandligiga ko’maklashish maqsadida, jumladan “Yoshlar bandligi dastur”larini mahalla-sektor-tuman-viloyat darajasida ishlab chiqildi.

Ushbu dasturlar doirasida mehnat bozoriga kirib kelgan 23 ming 242 nafar yoshlarning bandligi ta’minlandi, 776 nafariga subsidiya ajratildi, 881 nafariga yer maydoni berilgan bo’lsa, 900 nafar yoshlarga kreditlar ajratildi.

Ishsiz yoshlar bandligini ta’minlash bo’yicha 31 ming nafar yoshlar doimiy va jamoat ishlariga joylashtirilib, ularning bandligi ta’minlandi.

“Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarning muammolarini hal etishda yangi tizim imkoniyatidan keng foydalanilmoqda. Xususan, ijtimoiy xodim bilan birgalikda yoshlarga ko’rsatiladigan yordam turlaridan yanada samarali tashkil etilmoqda.

Mazkur yo’nalishda yil davomida qariyb 34 ming nafar yoshlarga amaliy yordam ko’rsatildi.

Bu borada ta’lim to’lov-kontrakti, bir martalik moddiy yordam, yoshlarning safarbarlik chaqiruvi rezervi xarajatlari, asbob-uskuna va mehnat qurollari ajratish, zamonaviy kasb, AKT va xorijiy til o’quv kurslari kompensatsiyasi uchun 51 mlrd so’mlik mablag’lar ajratildi.
11 ming 187 nafar yoshlar doimiy ish o’rniga joylashtirildi, qariyb 2 ming nafar yoshlar uchun 39 mlrd. so’mlik kreditlar ajratildi hamda 2,5 ming nafardan ko’prog’iga 770 ga yer maydoni taqsimlab berilib, “Yoshlar daftari” orqali amaliy yordam berildi.

Yoshlarning bo’sh vaqtini mazmunli o’tkazish, ular o’rtasida kitobxonlikni targ’ib qilish, xususan sportga keng jalb etish borasida ham salmoqli natijalar qo’lga kiritildi.

Quvonarlisi, Respublika miqyosida o’tkazilgan “Yosh kitobxon” ko’rik-tanlovida Samarqand shahri farzandi Marhabo Mahkamtosheva g’olib bo’ldi hamda Prezident sovg’asi – “Spark” avtomashinasi bilan taqdirlandi.

Bundan tashqari Samarqandlik qizimiz Afruzaxon Hamdamova o’tgan 2023-yilda eng zo’r natija ko’rsatib, barcha yurtdoshlarimizni quvontirdi. Hali maktab o’quvchisi bo’lishiga qaramay bu qizimiz shaxmat bo’yicha yoshlar o’rtasida Italiyada o’tkazilgan Jahon chempionatida o’zbek qizlari orasida tarixda O’zbekistondan ilk jahon chempioni bo’ldi.

Albatta, bunday natijalar o’z-o’zidan qo’lga kiritilayotgani yo’q. Bu borada Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan, barcha yoshlarning boshini birlashtirgan “Besh tashabbus olimpiadasi”ning o’rni va ahamiyati juda muhim ekanligini e’tirof etish kerak.
O’tgan yilgi bahorgi hamda kuzgi mavsumlarda o’tkazilgan 4 ta AyTi, 4 ta intellektual, 3 ta san’at va 38 ta sport yo’nalishidagi tanlovlarning respublika bosqichida Samarqand viloyati vakillari 21 oltin, 13 kumush, 16 bronza, jami 50 medal bilan faxrli 1-o’rin qo’lga kiritdi.

Qadrli samarqandliklar!

Boshlangan 2024-yilda ham xuddi shunday ishlar amalga oshiriladi, o’tgan yilgidan kam bo’lmagan darajadagi tadbirlar o’tkazilishi rejalashtirilmoqda.

Eng asosiysi, aholimizning yarmidan ko’prog’ini tashkil qiladigan yoshlarimiz har doim, har daqiqada davlatimiz e’tiborida bo’ladi.

E’tiboringiz uchun rahmat!


Oxirgi o‘zgarish: 08/02/2024 10:40.   Ko‘rilganligi: 354
 
Material manzili: https://samarkand.uz/press/news/brif1

 

So‘rovnoma


Xabarlarga obuna bo‘lish


Statistika


Hozir onlayn
Ro‘yxatdan o‘tganlar: 2
Mehmonlar: 1

Harakatlar strategiyasi 2017-2021

 

Copyright © 2010 – 2018. . Sayt materiallaridan foydalanganda www.samarkand.uz manba sifatida ko‘rsatilishi shart.