w w w . s a m a r k a n d . u z

Avstriyaning "ILF Consulting Engineers" kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazildi

Avstriyaning "ILF Consulting Engineers" kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazildi

Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev Avstriyaning "ILF Consulting Engineers" kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Unda hududda energiya ishlab chiqarish samaradorligini oshirish loyihasi bosqichlari muhokama qilindi.
Joriy yilning may oyida Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda "ILF Consulting Engineers" kompaniyasi o‘rtasida energiya samaradorligini oshirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni nazarda tutuvchi strategik hamkorlik bo‘yicha kelishuv imzolangan edi. Ushbu kelishuv doirasida tegishli chora-tadbirlar loyiha hujjatlarini tayyorlash, energiya auditini o‘tkazish, texnik nazorat va uskunalarga xizmat ko‘rsatish ishlari amalga oshiriladi.
Shuningdek, 2025–2026- yillarda 14 ta hududdagi 60 ta ijtimoiy soha inshootlarida energiya samaradorligini oshirish loyihalarini amalga oshirish rejalashtirilgan. Xususan, Bulung‘ur tumanida loyiha bo‘yicha 4 ta obyektda — bog‘cha, maktab, poliklinika va Yoshlar markazi binosida belgilangan ishlar amalga oshiriladi.
Energiya auditi natijalari asosida kompaniya mutaxassislari binolarning energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha konsepsiyalar ishlab chiqmoqda. Ularda ta’mirlash va qurilish uchun eng maqbul texnologiyalar belgilanadi. Bunda O‘zbekiston qurilish materiallari bozori, iqlim sharoiti va boshqa omillar inobatga olinadi.
Uchrashuvda viloyat rahbari isitish va sovitish tizimlari masalasiga alohida e’tibor qaratdi va elektr energiyasidan ko‘p foydalanish yoz oylariga to‘g‘ri kelishiga urg‘u berdi.
"ILF Consulting Engineers" kompaniyasi vakillari bildirilgan barcha taklif va tavsiyalar loyihani bajarishda albatta inobatga olinishini ta’kidlashdi.
Tomonlar kelgusida ham amaliy hamkorlikni davom ettirishdan manfaatdor ekanligini bildirishdi.

Kiritilgan vaqti: 16/06/2025 19:46.   Ko‘rilganligi: 45
 
Material manzili: https://samarkand.uz/press/news/avstriyaning-ilf-consulting-engineers-kompaniyasi-vakillari-bilan-uchrashuv-otkazildi

 

So‘rovnoma


Xabarlarga obuna bo‘lish


Statistika


Hozir onlayn
Ro‘yxatdan o‘tganlar: 1
Mehmonlar: 1

Harakatlar strategiyasi 2017-2021

 

Copyright © 2010 – 2018. . Sayt materiallaridan foydalanganda www.samarkand.uz manba sifatida ko‘rsatilishi shart.

 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing