.
Har kim munosib mehnat qilish, kasb va faoliyat turini erkin tanlash, xavfsizlik va gigiyena talablariga javob beradigan qulay mehnat sharoitlarida ishlash, mehnati uchun hech qanday kamsitishlarsiz hamda mehnatga haq to‘lashning belgilangan eng kam miqdoridan kam bo‘lmagan tarzda adolatli haq olish, shuningdek, ishsizlikdan qonunda belgilangan tartibda himoyalanish huquqiga ega.
Mehnat qonunchiligiga muvofiq mehnat erkinligi har kimning mehnat qilishga bo‘lgan o‘z qobiliyatlarini tasarruf etish, ularni qonun bilan taqiqlanmagan har qanday shaklda amalga oshirish, mashg‘ulot turini, kasbni va mutaxassislikni, ish joyini hamda mehnat sharoitlarini erkin tanlash, asosiy ishdan tashqari o‘rindoshlik asosida ishlash huquqini anglatadi.
Har bir xodim o‘zining xohishiga ko‘ra o‘zining asosiy ishidan tashqari va asosiy ishidan bo‘sh vaqtida alohida mehnat shartnomasi shartlari bo‘yicha boshqa muntazam haq to‘lanadigan ishda o‘rindoshlik asosida faoliyat ko‘rsatishi, bu xodim o‘zining asosiy ish joyida ichki o‘rindoshlik yoki boshqa tashkilotda tashqi o‘rindoshlik asosida faoliyat olib borishi mumkin.
Asosiy ish joyi ish to‘liq yoki to‘liqsiz ish vaqti shartlari asosida bajarilishidan qat’iy nazar xodimning mehnat daftarchasi yuritilayotgan tashkilot hisoblanadi.
Xodimni o‘rindoshlik asosida ishga qabul qilish mehnat shartnomasi asosida amalga oshiriladi hamda ish beruvchining buyrug‘i bilan rasmiylashtiriladi.
Agar xodim ishlab turgan tashkilotda ichki o‘rindoshlik asosida ishlashga to‘g‘ri kelsa, u holda xodim va ish beruvchi o‘rtasida alohida mehnat shartnomasi tuziladi va ish o‘rindoshlik asosida bajarilayotganligi, xodim va ish beruvchining huquq va majburiyatlari, xodimga yaratilgan shart-sharoitlari hamda ish vaqtining davomiyligi va o‘rindoshlik asosida ishlash tartibi ko‘rsatiladi.
Shu bilan birga, o‘rindoshlik asosida ishga qabul qilinayotgan xodim bilan muddatli mehnat shartnomasi tuzilishi mumkin.
Shu bilan bir qatorda, mehnat qonunchiligida o‘rindoshlik asosida ishlashga doir quyidagi cheklovlar mavjud;
O‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan shaxslarning noqulay mehnat sharoitlaridagi ishlari bilan bog‘liq bo‘lsa, shunday shart-sharoitdagi ishlarda ishlash;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri kotibiyati, Bosh vazir o‘rinbosarlari kotibiyatlari xodimlari, davlat boshqaruvi organlari rahbarlari, ularning o‘rinbosarlari va tarkibiy bo‘linmalar boshliqlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va a’zolari;
bir-biriga bo‘ysinuvchi yoki bir-birining nazoratidagi tashkilotlarda davlat boshqaruvi organlari mutaxassislari;
viloyatlar, tumanlar va shaharlar hokimlari va ularning o‘rinbosarlari o‘rindoshlik asosida ishlashi taqiqlanadi.
Agar o‘rindoshlik asosida ishlash xodimning, boshqa shaxslarning sog‘lig‘iga yoki ishlab chiqarish jarayoni xavfsizligiga ziyon yetkazishi mumkin bo‘lsa, ish beruvchi kasaba uyushmasi qo‘mitasi bilan kelishilgan holda mehnat
shart-sharoitlari hamda tartibining o‘ziga xos xususiyatlarini inobatga olib, muayyan kasb, mutaxassislik va lavozimlarga nisbatan o‘rindoshlik asosida ishlashga cheklovlar belgilashi mumkin.
Xodimning o‘rindoshlik asosida faoliyati uchun mehnatiga haq to‘lash ishlab berilgan vaqtga mutanosib ravishda, ishlab chiqarish natijasiga yoki mehnat shartnomasida belgilangan boshqa shartlarga qarab to‘lanadi.
Agar jamoa shartnomasida yoki ish beruvchi tomonidan kasaba uyushma qo‘mitasi bilan kelishilgan holda qabul qilingan o‘zga ichki hujjatda boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, o‘rindoshlik asosida ishlovchilar mehnatiga haq to‘lash shakllari va tizimlari, mukofotlar, qo‘shimcha haq, ustamalar, rag‘batlantiruvchi to‘lovlar to‘lash ushbu ish o‘zi uchun asosiy ish bo‘lgan xodimlarga belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Mehnat ta’tillari o‘rindoshlik asosida ishlovchi shaxslarga har yilgi asosiy, shuningdek, o‘rindoshlar haqli bo‘lgan qo‘shimcha ta’tillar asosiy ish joyidagi har yilgi mehnat ta’tili bilan bir vaqtda beriladi va o‘rindoshlik asosidagi ishning o‘rtacha ish haqidan kelib chiqqan holda odatdagi tartibda haq to‘lanadi.
Shuningdek, agar xodim va ish beruvchi o‘rtasida biror bir xodimning ish joyi (lavozimi) saqlanayotgan vaqtinchalik ishda yo‘q bo‘lgan vaqtga o‘rindoshlik asosida mehnat shartnomasi tuzilsa, ushbu xodim ishga qaytgan kundan e’tiboran o‘rindoshlik asosida tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilinadi.
Shuningdek, ish beruvchi mehnat shartnomasi bekor qilinayotgan o‘rindosh xodim haqida ma’lumotlarni mahalliy mehnat organlari vakillariga yetkazish hamda bo‘shayotgan xodimni mehnat organlari orqali ish topishda yordam berish maqsadida xodimning ishdan bo‘shatilishi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni uning kasbi, mutaxassisligi, malakasini va mehnatiga haq to‘lash miqdorini ko‘rsatgan holda ikki oydan kechiktirmay “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat majmuasiga kiritilishini ta’minlashi zarur.
Samarqand viloyati hokimligi yuridik xizmati bosh yuriskonsulti
Yuldasheva Dildora
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot xizmati
O‘zbekiston Respublikasi Davlat hukumati portali
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi
O‘zbekiston Respublikasi milliy qonunchiligi onlayn bazasi
Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya bo‘yicha davlat inspeksiyasi
Hozir onlayn
Ro‘yxatdan o‘tganlar: 2
Mehmonlar: 13
Copyright © 2010 – 2018. . Sayt materiallaridan foydalanganda www.samarkand.uz manba sifatida ko‘rsatilishi shart.