w w w . s a m a r k a n d . u z
Viloyat hokimi Adiz Boboyev Xitoyning yirik kompaniyalari — “Envision Energy Group Co., Ltd”, “Xinjiang Anxin Construction Group” hamda “Kaiyuan Securities” rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muloqot davomida tomonlar energetika, qurilish va moliya sohalarida hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar.
Xususan, “Envision Energy Group Co., Ltd” Markaziy Osiyo bo‘yicha direktori Chjan Syuan Samarqandda shamol energetikasi loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarga to‘xtaldi. Uning ma’lum qilishicha, hududda shamol o‘lchash minorasi qurish bo‘yicha tender o‘tkazilgan bo‘lib, uni shu oyda o‘rnatish rejalashtirilgan. Shuningdek, elektr loyihasi instituti tomonidan umumiy konsepsiya ishlab chiqilayotgani, viloyatdagi sanoat zonasi korxonalari bilan elektr energiyasi iste’moli yuzasidan kelishuvlar imzolangani ta’kidlandi. Chjan Syuan kompaniya tomonidan shamol turbinalari sanoatini mahalliylashtirish va energetika sohasiga investisiya kiritish maqsadida ekanini bildirdi.
“Xinjiang Anxin Construction Group” direktorlar kengashi raisi Yan Fu esa hududda ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish, jumladan, sanoat korxonalari uchun binolar qurish, turar-joy va tijorat ob’yektlarini barpo etish bo‘yicha hamkorlik qilishga tayyorligini ma’lum qildi.
Moliyaviy yo‘nalishda “Kaiyuan Securities” investisiya banki bosh ofisi ijrochi direktori Pen Szun Samarqandda xorijiy bank tashkil etish taklifini berdi. U mazkur bank orqali mahalliy va tashqi savdo korxonalariga xizmat ko‘rsatish, valyuta ayirboshlash jarayonlarini yengillashtirish, biznesni moliyalashtirish, zamonaviy to‘lov tizimlarini joriy etish hamda mahalliy kompaniyalarni fond bozoriga chiqishida ko‘maklashish rejalashtirilayotganini ma’lum qildi.
Viloyat hokimi Adiz Boboyev investorlar tomonidan ilgari surilgan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirib, hududda ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va eksport salohiyatini oshirishga xizmat qiluvchi loyihalarga har tomonlama amaliy yordam ko‘rsatilishini ta’kidladi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan navbatdagi vazifalarni belgilab oldilar.