w w w . s a m a r k a n d . u z
Viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev Samarqand shahridagi mahallalarda bo‘lib, "Mahalla yettiligi" faoliyati, hududlar obodligi yo‘lida olib borilayotgan ishlarni o‘rganmoqda.
Ko‘ksaroy maydonidan boshlangan bu galgi o‘rganish ishlari jarayonida noqonuniy qurilishlarni bartaraf etish, obodonlashtirish ishlarining holati, yo‘lovchilar xavfsizligini ta’minlash masalalariga e’tibor qaratildi. Jumladan, Dahbed ko‘chasi ustidan o‘tgan ko‘prikni tartibga keltirish, Registon maydonining orqa tomoni hamda Buxoro ko‘chasiga kirish qismida joylashgan “Mahdumi Xorazmiy” yodgorlik majmuasi atrofini obodonlashtirish yuzasidan mas’ullarga topshiriqlar berildi.
Viloyat rahbari Mahdumi Xorazmiy majmuasida sayyohlar uchun zarur sharoit yaratish borasida qator takliflarini bildirdi.
Shuningdek, Adiz Boboyev Fidoyilar, Abdurahmon Jomiy nomli mahallalarda piyodalar yo‘laklarini tashkil etish, tungi yoritish chiroqlari o‘rnatish, yo‘lning avtomobillar harakatlanuvchi qismidagi yaroqsiz joylarini ta’mirlash zarurligiga to‘xtaldi. "Mahalla yettiligi" va fuqarolar bilan suhbatda aholi o‘z uyi atrofini tartibga keltirishi kerakligi aytildi. Mahalla raislari ham bu ishlardan chetda qolmasdan bu borada "Mahalla yettiligi" bilan ish olib borishlarini bildirishdi.
Viloyat rahbari mahallalar hududidagi noqonuniy qurilishlarga barham berish choralarini ko‘rish lozimligini ta’kidladi.
Shuningdek, ichki ko‘chalar, binolar tashqi qismi hamda atrofini tartibga keltirish, gul va daraxt ko‘chatlari ekish va sug‘orish tizimlarini yaratish, ko‘kalamzorlashirilgan maydonlarni ko‘paytirish kabi bir qator masalalar joyida o‘rganilib, ularni hal qilish choralari ko‘rildi.