w w w . s a m a r k a n d . u z
Shu yilning 1-2-iyun kunlari Samarqandda o‘tkazilayotgan O‘zbekiston-Xitoy ikkinchi hududlararo forumi doirasida viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev
Xitoy Xalq Respublikasining Shandun provinsiyasi gubernatori o‘rinbosari Son Junji bilan uchrashdi.
Adiz Boboyev mazkur uchrashuv mamlakatlarimiz o‘rtasidagi strategik sheriklik doirasida hududlararo aloqalarni yanada mustahkamlashda muhim ekanligini taʼkidladi. Ikki davlat rahbarlarining oliy darajadagi muntazam muloqotlari tufayli mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik kengayib borayotgani qayd etildi.
Shandun – Xitoyning tarixiy, sanoat va innovatsiya jihatdan yetakchi provintsiyasi hisoblanadi. Samarqand viloyati va Shandun provintsiyasi oʼrtasida 2022-yil avgust oyida imzolangan hamkorlik kelishuvi bugungi kunga kelib amaliy va samarali yo‘nalishlarda rivojlanib bormoqda.
Viloyat rahbari Shandun provintsiyasi bilan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va qayta ishlash sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, farmatsevtika, qurilish materiallari va to‘qimachilik sohalarida investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish, Samarqandda kasbiy taʼlim markazini tashkil etish va Shandun mutaxassislari bilan o‘quv almashinuv dasturlarini yo‘lga qo‘yish borasida o‘z takliflarini bildirdi.
Ikki hudud o‘rtasidagi madaniy aloqalarni yanada boyitish maqsadida Samarqand shahrida “Shandun madaniyati kunlari”ni tashkil etish va ikki hudud universitetlari o‘rtasida talabalar almashinuvi dasturlarini yo‘lga qo‘yish zarur,-dedi viloyat rahbari. Shandun provinsiyasi gubernatori o‘rinbosari Son Junji soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda turli sohalarda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar, xorijiy investorlar uchun yaratilayotgan qulay sharoitlar haqida to‘xtalib, xitoylik tadbirkorlarning Samarqandga tashrifi shu paytgacha erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish jarayonlarini jadallashtirish va kelgusidagi hamkorlik yo‘nalishlarini kengaytirishda muhim omil bo‘lishini aytib o‘tdi.
Tadbir davomida o‘zaro hamkorlik istiqbollari muhokama etilib, ishlab chiqarish va tovar ayirboshlash borasida qator kelishuvlarga erishildi. Shandun provintsiyasi va Samarqand viloyati o‘rtasida hamkorlik memorandumi va boshqa hujjatlar imzolandi.