w w w . s a m a r k a n d . u z

Urgutda Abdusaid Ko‘chimov kutubxonasi ochildi

Urgutda Abdusaid Ko‘chimov kutubxonasi ochildi

Urgut tumanining Dehqonobod mahallasida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi, taniqli adib va jurnalist Abdusaid Ko‘chimov kutubxonasi foydalanishga topshirildi.

Yurtimizda so‘nggi yillarda kitobga va kitobxonlik madaniyatiga bo‘lgan munosabat yangi bosqichga ko‘tarildi.
Prezidentimiz xalqimizda kitob o‘qish madaniyatini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratib, “Kerak bo‘lsa, mashina berib bo‘lsa ham xalqimizni kitob o‘qishga o‘rgatamiz”, degan fikrlarini amalda tasdiqlamoqda.
Bugun “Yosh kitobxon”, “Kitobxon oila”, “Kitobxon mahalla” singari tanlovlar respublika miqyosida o‘tkazilib, g‘oliblar Prezident sovg‘asi sifatida avtomashina bilan taqdirlanmoqda.
Abdusaid Ko‘chimov tashabbusi va Urgut tumani hokimligi ko‘magida tashkil etilgan mazkur kutubxona ham ana shunday ezgu tashabbuslarning amaliy ifodasi bo‘ldi.
Ma’naviyat maskanining ochilish marosimida viloyat hokimining o‘rinbosari Husan To‘xtayev so‘zga chiqib, mazkur kutubxona yoshlar va aholi o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib etishga xizmat qilishini ta’kidlab, Abdusaid Ko‘chimovga viloyat hokimining tashakkurnomasi va esdalik sovg‘alarini topshirdi.
Tadbirda respublikadan kelgan taniqli yozuvchi va shoirlar ham ishtirok etib, adib hayoti va ijodi, o‘zi tug‘ilib o‘sgan mahallada tashkil etgan kutubxona haqida iliq fikrlar bildirdi.
- Abdusaid Ko‘chimov nafaqat qalami o‘tkir jurnalist va adib, balki qalbida yurti, xalqi, ayniqsa, yoshlar taqdiri uchun qayg‘uradigan chin ma’naviyat fidoyisi, - deydi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari Minhojiddin Hojimatov. - Mana, bugun ijodkorning o‘zi tug‘ilib o‘sgan qishlog‘ida uning tashabbusi bilan tashkil kutubxona fikrimizning tasdig‘idir. Bu maskanda ma’rifatning ruhi, ustoz so‘zining nafasi va ibrati bor. Yoshlar bu yerga faqat kitob o‘qish uchun emas, balki o‘z ustida ishlash, hayotda to‘g‘ri yo‘l topish uchun ham keladi. Ishonamanki, bu kutubxona Dehqonobod mahallasida yangi ma’naviy muhit, yangi ilhom va yangicha fikrlashni shakllantiradi.

Kiritilgan vaqti: 26/10/2025 20:10.   Ko‘rilganligi: 269
 
Material manzili: https://samarkand.uz/press/news/urgutda-abdusaid-kochimov-kutubxonasi-ochildi

 

So‘rovnoma


Xabarlarga obuna bo‘lish


Statistika


Hozir onlayn
Ro‘yxatdan o‘tganlar: 1
Mehmonlar: 10

Harakatlar strategiyasi 2017-2021

 

Copyright © 2010 – 2018. . Sayt materiallaridan foydalanganda www.samarkand.uz manba sifatida ko‘rsatilishi shart.

 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing