w w w . s a m a r k a n d . u z

Turizm endi mavsumiy faoliyat emas

Turizm endi mavsumiy faoliyat emas

Samarqand shahridagi Registon majmuasida mamlakatimizda turizm sohasini yanada rivojlantirish, mazkur faoliyat bilan shug‘ullanayotgan sub’ektlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash maqsadida “Ichki turizm yarmarkasi” o‘tkazildi.

“O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” shiori ostida tashkil qilingan yarmarkada ichki turizm sohasida faoliyat yurituvchi turoperatorlar, turagentlar, joylashtirish vositalari (mehmonxona, xostel, mehmon uyi) va boshqa turizm sohasi vakillari ishtirok etdi. 

– Joriy yilda Samarqandga kelayotgan xorijlik sayyohlar sonini 5 million, mahalliy sayyohlar sonini esa 7 million nafarga yetkazish rejalashtirilgan, – dedi tadbir ochilishida so‘zga chiqqan Samarqand viloyat hokimining o‘rinbosari Rustam Qobilov. – Bugungi tadbir ayni maqsadga erishish yo‘lida soha vakillarining o‘zaro hamkorlikda samarali faoliyat olib borishlariga yordam berishga qaratilgan. Turizm mavsumi, degan tushuncha sekin-asta noto‘g‘ri fikrga aylanmoqda. Chunki, keyingi paytda yil-o‘n ikki yurtimizga sayyohlar tashrifi kuzatilmoqda, buning uchun imkoniyatlar yaratilyapti. Samarqand ana shunday turizm salohiyatiga ega shahar. Mavjud imkoniyatlardan unumli foydalansak, mazkur tarmoqning iqtisodiyotimizdagi ulushi keskin oshishi, shubhasiz.

Ko‘rgazmada turizm sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan tadbirkorlar sayyohlar oqimini oshirish, ko‘rsatilayotgan xizmatlarni takomillashtirish hamda o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish masalalari yuzasidan o‘zaro fikrlashib oldi. 

– Uch yildan beri turizm sohasida faoliyat olib boramiz, – deydi “O‘ktamxon” mas’uliyati cheklangan jamiyati turoperatori Mahliyo Javqachova. – Ichki turizm bilan birga tashqi turizm yo‘nalishida ham samarali ishlayapmiz. 2024 yilda 700 mingdan ortiq mahalliy va xorijlik turistlarga xizmat ko‘rsatdik. Ichki turizm bo‘yicha 40 dan ortiq tur paketlarimiz bor. Joriy yildan Qoraqalpog‘iston Respublikasining tarixiy obidalari va madaniyati bilan tanishishga qaratilgan yangi yo‘nalish ochishni maqsad qilganmiz. Xorij davlatlariga sayyohlarni jo‘natish va u yerda yurtimizga kelayotganlarga xizmat ko‘rsatish borasida ham samaradorlikka erishmoqdamiz. Misr, Ozarbayjon, Turkiya, Vetnam, Chexiya, Rossiya davlatlari sayyohlik firmalari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yganmiz. Joriy yilda Rossiyaning 17 ta sayyohlik firmasi bilan hamkorlikda 1,5 ming sayyohning yurtimizga sayohatini tashkil etmoqchimiz.

Yarmarka doirasida samarqandlik hunarmandlar tomonidan tayyorlangan mahsulotlar ko‘rgazmasi, milliy liboslar taqdimoti, “Chavqi” folklor-etnografik jamoasining chiqishlari namoyish etildi va faol ishtirokchilar tashkilotchilar tomonidan munosib rag‘batlantirildi.

G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari


Kiritilgan vaqti: 29/03/2025 10:50.   Ko‘rilganligi: 86
 
Material manzili: https://samarkand.uz/press/news/turizm-endi-mavsumiy-faoliyat-emas

 

So‘rovnoma


Xabarlarga obuna bo‘lish


Statistika


Hozir onlayn
Ro‘yxatdan o‘tganlar: 2
Mehmonlar: 15

Harakatlar strategiyasi 2017-2021

 

Copyright © 2010 – 2018. . Sayt materiallaridan foydalanganda www.samarkand.uz manba sifatida ko‘rsatilishi shart.

 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing