w w w . s a m a r k a n d . u z

Tashrifdan tashrifgacha: Samarqandning iqtisodiy salohiyati yildan yilga yuksalmoqda

Tashrifdan tashrifgacha: Samarqandning iqtisodiy salohiyati yildan yilga yuksalmoqda

Davlatimiz rahbarining hududlarga amalga oshiradigan tashriflari joylarda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi bilan yaqindan tanishish va kelgusi rejalarni belgilab olish,

xalq bilan muloqot qilish, odamlarni qiynab kelayotgan muammolarga yechim topishda muhim ahamiyatga ega. Shu jihatdan Prezidentimizning Samarqandga har bir tashrifi viloyat hayotida yangi sahifa ochmoqda.

Jumladan, keyingi ikki yilda islohotlar jarayoni bilan tanishish, shuningdek, bir qator xalqaro forumlar va oliy darajadagi uchrashuvlar o‘tkazish uchun viloyatda bo‘lgan Shavkat Mirziyoev Samarqandning iqtisodiy salohiyatini oshirish, aholi uchun munosib turmush sharoiti yaratish yuzasidan muhim vazifalarni belgilab berdi va bu vazifalar bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Xususan, turizmni viloyat iqtisodiyotning asosiy drayverlaridan biriga aylantirish maqsadida bu yerdagi muqaddas qadamjolarni obod qilish, buyuk ajdodlarimiz ma’naviy merosini o‘rganish va targ‘ib etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. 

Bu boradagi ishlar natijasida Samarqand xalqaro aeroporti modernizatsiya qilindi, eshkak eshish kanali atrofida xalqaro turizm markazi bunyod etildi, Imom Buxoriy majmuasi rekonstruksiya qilinmoqda. Bu jarayonda infratuzilmani yangilash, zamonaviy turar joy massivlari bunyod etish ishlari ham amalga oshirilmoqda. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan 200 gektardan ortiq maydonda bunyod etilgan “Buyuk ipak yo‘li” xalqaro turizm markazi qisqa fursat ichida Samarqandning yangi turizm darvozasi sifatida tanildi. 

Ikki yilda bu yerda o‘nlab xalqaro forum va anjumanlar, davlatlar rahbarlari va boshqa nufuzli delegatsiyalar ishtirokidagi tashriflar amalga oshirildi. Aholining uy-joyga bo‘lgan talabini qondirish maqsadida Samarqand tumanidagi Qorasuv massivida 100 ming aholi yashaydigan shaharcha qurilishi boshlangan edi. Ayni paytda Qorasuv ko‘rkam aholi yashash manziliga aylandi va bu boradagi ishlar davom etmoqda. 

Davlatimiz rahbari shu yilning 6 iyun kuni Samarqandda Qatar amiri bilan o‘tkazgan oliy darajadagi uchrashuvidan so‘ng Qoradaryo bo‘yida 389 gektar yerda bunyod etiladigan “Shirin” massivi loyihasi bilan tanishib, uni ilg‘or shaharsozlik tajribasi asosida takomillashtirish, ijtimoiy xizmatlarni ko‘paytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Massivda ko‘p qavatli uylar, maktab va bolalar bog‘chalari, poliklinikalar, sport maydonlari va ko‘ngilochar maskanlar bo‘ladi. 

Yirik biznes va savdo majmualari quriladi. Massivni shahar bilan bog‘lovchi ko‘prik va yo‘llar, infratuzilma va kommunikatsiya tarmoqlari barpo etiladi. Bu ishlar albatta, viloyat iqtisodiyoti barqarorligi bilan amalga oshiriladi. Keyingi yillarda davlatimiz tomonidan tadbirkorlikning faol qo‘llab-quvvatlanishi, mazkur soha vakillariga keng imkoniyatlar yaratilishi, imtiyozlar berilishi natijasida Samarqand iqtisodiyotida ham o‘sish suratlariga erishilmoqda. O‘tgan yil yakuni bilan viloyat yalpi hududiy mahsuloti hajmi 5,8 foizga o‘sdi.

Bunda sanoatning ulushi 1,8 foizga, xizmatlar sohasi 1,5 foizga ko‘paydi. Aholi jon boshiga yalpi hududiy mahsulot hajmi 1,9 million so‘mga oshdi. Xalq istyemoli mollari ishlab chiqarish hajmi 4 trillion so‘mga yoki 19,4 foizga o‘sdi. Tadbirkorlar soni 18 foizga oshib, 51 mingdan ortiqni tashkil etdi. Yil davomida 49 qo‘shma korxona tashkil etilib, ularning soni 720 dan oshdi. 

Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi doirasida 902 milliard so‘m kreditlar ajratilib, avvalgi yilga nisbatan 18 foiz o‘sishga erishildi. Ishsiz fuqarolar bandligini ta’minlash maqsadida 19,5 milliard so‘m subsidiyalar ajratildi va 5 barobar oshdi. 11,2 ming nafar ishsiz fuqaro kasb-hunarga o‘qitildi. Bu sa’y-harakatlar natijasida viloyatda ishsizlik darajasi 6 foizga kamaydi. Joriy yilda ushbu ko‘rsatkichlarni yanada yaxshilash borasida tegishli dasturlar asosida ish olib borilmoqda. Davlatimiz rahbarining har bir tashrifi viloyatdagi islohotlarga katta turtki beradi, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish yo‘llari ko‘rsatiladi, qurilish-bunyodkorlik, obodonlashtirish ishlari ko‘lami kengayadi. 

Bu galgi tashrif ham Samarqand va samarqandliklar hayotida yangi sahifa ochib, hudud rivoji, aholi turmush farovonligini oshirishga qaratilgan tashabbuslarga boy bo‘lishi kutilmoqda. 

G‘.HASANOV,

A.ISROILOV (surat), O‘zA


Kiritilgan vaqti: 24/08/2023 14:03.   Ko‘rilganligi: 454
 
Material manzili: https://samarkand.uz/press/news/tashrifdan-tashrifgacha-samarqandning-iqtisodiy-salohiyati-yildan-yilga-yuksalmoqda

 

So‘rovnoma


Xabarlarga obuna bo‘lish


Statistika


Hozir onlayn
Ro‘yxatdan o‘tganlar: 2
Mehmonlar: 9

Harakatlar strategiyasi 2017-2021

 

Copyright © 2010 – 2018. . Sayt materiallaridan foydalanganda www.samarkand.uz manba sifatida ko‘rsatilishi shart.