w w w . s a m a r k a n d . u z
Suyultirilgan gaz ta’minoti raqamlashtirilmoqda
Suyultirilgan gaz ta’minoti raqamlashtirilmoqda
Viloyat Matbuot uyida bo‘lib o‘tgan anjumanda aholini suyultirilgan gaz bilan uzluksiz ta’minlash, maishiy gaz ballonlarini o‘z vaqtida yetkazib berish va xizmatlar sifatini oshirish borasida olib borilayotgan tizimli ishlar to‘g‘risida jurnalistlarga ma’lumot berildi.
- Bugungi kunda viloyatning 754 ta mahallasida 535 mingdan ortiq iste’molchi va 423 ta ijtimoiy soha obyekti suyultirilgan gaz bilan ta’minlanyapti, - dedi «Hududgaz Samarqand” gaz ta’minoti filiali direktorining birinchi o‘rinbosari Yusuf Daminov. - Joriy yilda iste’molchilarga 54,6 ming tonnadan ortiq suyultirilgan gaz yetkazib berildi. Tashish va yetkazib berishda 15 ta maxsus avtotsisterna hamda 131 ta maxsus avtomashina xizmat qilmoqda. Transport vositalari GPS qurilmalari va kuzatuv kameralari bilan jihozlangan.
Maishiy gaz ballonlarining texnik sozligini ta’minlash maqsadida 6 ta maxsus sex faoliyat yuritmoqda. Ularda 64 mingdan ortiq ballon ta’mirlanib, 46 mingdan ziyod ballonning jo‘mraklari almashtirildi.
Sohada raqamlashtirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. «Hududgazta’minot” AJning «E-gaz” dasturi tegishli davlat idoralarining axborot tizimlari bilan integratsiya qilingan. Face ID va ID-kartadagi QR-kod orqali iste’molchilarni identifikatsiya qilish, to‘lovlarni onlayn amalga oshirish imkoniyati yaratilgan. Bu esa gaz ballonlarini taqsimlashda shaffoflik va nazoratni kuchaytirishga xizmat qilmoqda.
Shuningdek, 2026–2027 yillar kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida gaz tarmoqlarini ta’mirlash va rekonstruksiya qilish ishlari olib borilmoqda. Joriy yilda rejalashtirilgan 63,2 kilometr tarmoqning 44,4 kilometrida ishlar bajarildi. Bundan tashqari, 73 ta gaz taqsimlash qurilmasi mukammal ta’mirlanib, 5 ming 172 ta qurilma taftishdan o‘tkazildi. 2 469,2 kilometr yer osti gaz quvurlarining texnik holati tekshirildi.
Ushbu chora-tadbirlar gaz ta’minoti ishonchliligini oshirish, mavsumdagi ehtimoliy uzilishlarning oldini olish va aholiga sifatli xizmat ko‘rsatishga qaratilgan.
Matbuot anjumanida jurnalistlar tomonidan berilgan savollariga soha mutaxassislari tomonidan javob berildi.
Kiritilgan vaqti: 15/10/2026 19:35.
Ko‘rilganligi: 23
Material manzili: https://samarkand.uz/press/news/suyultirilgan-gaz-taminoti-raqamlashtirilmoqda