w w w . s a m a r k a n d . u z
O‘zbekiston va Xitoy hududlari o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar ko‘lamini kengaytirish, hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish maqsadida
Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev O‘zbekiston-Xitoy ikkinchi hududlararo forumi doirasida Xitoy Xalq Respublikasining Shensi provinsiyasi gubernatori Chjan Gan bilan ham uchrashdi.
Mazkur muloqotdan ko‘zlangan asosiy maqsad o‘zaro savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni yanada mustahkamlashdan iboratdir. Maʼlumki, Shensi – Xitoy sivilizatsiyasi beshigi, buyuk tarix va boy madaniy meros maskani hisoblanadi. Аyni paytda Shensi provintsiyasi zamonaviy taraqqiyot sohasida ham Xitoyning yetakchi hududlaridan biri hisoblanadi. Ilmiy-tadqiqot markazlari, yuqori texnologiyali klasterlari, sanoat texnoparklari, elektron komponentlar ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi texnologiyalari, taʼlim va raqamli iqtisodiyot sohalaridagi yutuqlar ushbu hududning barqaror iqtisodiy salohiyatini oshirmoqda. Shu bilan birga transport va logistika infratuzilmasi rivoji bo‘yicha ham Shensi muhim strategik markaz sanaladi.
Viloyat rahbari Adiz Boboyev provinsiyaning imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda iqtisodiy hamkorlik yo‘nalishlarini amalga oshirishni taklif etdi.
Bular Samarqand viloyatida zamonaviy issiqxona majmualari va meva-sabzavotni qayta ishlash korxonalarini tashkil etish, Xitoy bozori uchun ekologik toza qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish va eksport qilish, farmatsevtika, elektrotexnika, yengil sanoat va qurilish materiallari sohalarida qo‘shma korxonalar tashkil etish, Urgut erkin iqtisodiy zonasida Shensi kompaniyalari uchun maxsus industrial xab yaratish, “Samarqand – Shensi” yo‘nalishida logistika markazlari tashkil etish, Samarqandda kasbiy taʼlim markazi ochib, sanoat korxonalari ehtiyojlari uchun mutaxassislar tayyorlash, innovatsion texnologiyalar bo‘yicha tadqiqot loyihalarini yo‘lga qo‘yishdan iboratdir.
Biz Samarqand va Shensi o‘rtasida nafaqat iqtisodiy, balki madaniy va taʼlim sohalarida ham hamkorlikni mustahkamlashdan manfaatdormiz,-dedi Adiz Boboyev.
Xitoy Xalq Respublikasining Shensi provinsiyasi gubernatori Chjan Gan bo‘lib o‘tgan uchrashuv chog‘ida o‘zaro munosabatlar izchil rivojlanayotgani, turli darajadagi tashrif va uchrashuvlar muntazamlik tusini olayotgani xususida fikr bildirib, Samarqand viloyati va Shensi provinsiyasi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash yuzasidan Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyevning bergan takliflarini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
Uchrashuvda hamkorlikni yanada rivojlantirish yuzasidan tegishli vazifalar belgilab olindi.