w w w . s a m a r k a n d . u z

Samarqandda turizm istiqbollari muhokama qilindi

Samarqandda turizm istiqbollari muhokama qilindi

Butunjahon turizm kuni munosabati bilan Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyevning viloyat turizmni rivojlantirish jamoatchilik kengashi a’zolari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv Samarqand shahrida yangidan faoliyat boshlagan "Grand Changan" restoraninig ochilishi bilan boshlandi. Ishtirokchilar xitoylik investor hamkorligida tashkil etilgan ushbu restoranda mehmonlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdilar.
Shundan so‘ng viloyat hududida turizmni rivojlantirish, yangi yo‘nalishlar tashkil etish va mahalliy hamda xorijiy sayyohlar sonini ko‘paytirish masalalari muhokama qilindi.
Adiz Boboyev viloyatda turizm infratuzilmasini takomillashtirish, zamonaviy xizmatlar ko‘lamini kengaytirish hamda mavjud muammolarga yechim topish muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi. Shuningdek, yangi loyihalar orqali hududning sayyohlik salohiyatini to‘liq ishga solish zarurligi qayd etildi.
Mutaxassislar fikricha, Samarqandda turizm salohiyati yil sayin ortib bormoqda. Shu bois xalqaro miqyosda raqobatbardosh yo‘nalishlarni ishlab chiqish va mahalliy iqtisodiyotga ijobiy ta’sir ko‘rsatadigan loyihalarni amalga oshirish muhim vazifalardan biri hisoblanadi.
Tadbirda o‘tgan davrda amalga oshirilgan ishlar haqida maʼlumotlar berildi. Xususan, 2025-yilning 8 oyi davomida viloyatimizga 2,2 mln xorijiy, 4,3 mln mahalliy sayyohlar tashrif buyurib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 140 foizga o‘sgan.
Turizm xizmatlari eksporti esa 441,1 mln dollarga yetkazilgan.
O‘tgan davrda viloyatda 194 ta joylashtirish vositalari, jumladan, 13 ta mehmonxona, 37 ta xostel, 144 ta oilaviy mehmon uylari faoliyati yo‘lga qo‘yilib, joylashtirish vositalari soni 821 taga, o‘rinlar soni esa 22 680 taga yetkazilgan. Shuningdek, joriy yilda 63 ta turkompaniyalar faoliyati yo‘lga qo‘yilib, ularning soni 451 ta taga yetgan.
Uchrashuvda turizmni rivojlantirish, bu borada xalqaro tajribalardan foydalanish, Samarqand ramzini yaratish va sohaga startap loyihalarni joriy qilish yuzasidan taqdimotlar qilindi.
Uchrashuvda viloyatda turizm sohasini rivojlantirish maqsadida bildirilgan taklif va tashabbuslar nafaqat iqtisodiy rivojlanishga xizmat qiladi, balki Samarqandning turizm maskani sifatidagi nufuzini yanada mustahkamlaydi.
Uchrashuv so‘nggida 27-sentyabr- Butunjahon turizm kuni munosabati bilan soha xodimlaridan bir guruhiga viloyat hokimligining tashakkurnomalari topshirildi.

Kiritilgan vaqti: 26/09/2025 21:43.   Ko‘rilganligi: 18
 
Material manzili: https://samarkand.uz/press/news/samarqandda-turizm-istiqbollari-muhokama-qilindi

 

So‘rovnoma


Xabarlarga obuna bo‘lish


Statistika


Hozir onlayn
Ro‘yxatdan o‘tganlar: 2
Mehmonlar: 3

Harakatlar strategiyasi 2017-2021

 

Copyright © 2010 – 2018. . Sayt materiallaridan foydalanganda www.samarkand.uz manba sifatida ko‘rsatilishi shart.

 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing