w w w . s a m a r k a n d . u z
Prezidentimizning “Madaniyat, san’at va adabiyot sohalari xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi
Farmoniga muvofiq, mamlakatimizda ushbu yo‘nalishlarda samarali faoliyat yuritib kelayotgan bir guruh fidoyi ijodkor va mutaxassislar yuksak davlat mukofotlariga sazovor bo‘ldi. Ular orasida viloyatimiz vakillari ham bor.
Viloyat hokimligida ushbu mukofotlarni tantanali topshirish marosimi o‘tkazildi. Unda viloyat hokimi Adiz Boboyev so‘zga chiqib, madaniyat, san’at va adabiyot sohalarini rivojlantirish, boy tarixiy-merosimizni asrab-avaylash, jamiyatda o‘zaro hamjihatlik, ezgulik va bag‘rikenglik muhitini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarga to‘xtaldi. Davlat mukofotlariga sazovor bo‘lgan yurtdoshlarimizni samimiy tabriklab, ularning kelgusi faoliyatiga muvaffaqiyat tiladi.
Prezident farmoniga muvofiq, O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi a’zosi, mohir ganchkor usta Shahobiddin Amriddinov “Mehnat shuhrati” ordeni, Kattaqo‘rg‘on tumani madaniyat bo‘limiga qarashli “Zarafshon” ashula va raqs xalq dastasi badiiy rahbari Mansur Xudayberdiyev hamda Kattaqo‘rg‘on shahar drama teatri aktyori O‘tkirjon Ochilov “Do‘stlik” ordeni, Yahyo Gʻulomov nomidagi Samarqand arxeologiya instituti direktori Mo‘minxon Saidov, “Samarqand” davlat muzey-qo‘riqxonasi direktori Masud Samiboyev hamda Samarqand viloyati musiqali drama teatri bosh rejissyori Shuhrat Sanaqulov “Shuhrat” medali bilan taqdirlandilar.
Tadbirda mukofotlangan yurtdoshlarimiz yuksak e’tibor va e’tirof uchun minnatdorlik bildirib, bundan buyon ham Vatan ravnaqi, milliy madaniyat va san’atimiz taraqqiyoti yo‘lida sidqidildan xizmat qilishlarini ta’kidladilar.