w w w . s a m a r k a n d . u z
Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev boshchiligidagi Samarqand viloyati delegatsiyasi a’zolari Italiyaning Milan shahrida bo‘lib, ishlab chiqarish korxonalari, tadbirkorlik subyektlari faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Delegatsiya a’zolari MADE Competence Center Industry 4.0 markazida bo‘ldilar. Milan shahrida joylashgan MADE Competence Center Industry 4.0 sanoat sohasida faoliyat yurituvchi kichik va o‘rta korxonalarga raqamli transformatsiyada ko‘maklashadigan yetakchi markaz hisoblanadi.
Uning asosiy vazifalari - Industry 4.0 texnologiyalarini joriy etish, ilmiy-tadqiqot va innovatsiya loyihalari, kadrlar tayyorlash va o‘quv kurslari, raqamli yechimlar va mahsuldorlikni oshirishdan iborat.
Viloyat rahbari bunday markazni Samarqand viloyatida ham tashkil etish bugungi kunning muhim vazifalaridan biri ekanligini ta’kidladi. Davlatimiz rahbari tomonidan keyingi yillarda boshqaruvda zamonaviy tendensiyalarni joriy etish borasidagi islohotlarga bu kabi markazlar mos kelishini bildirgan Adiz Boboyev Samarqandda ham shunday markazlarni tashkil etish istiqbollarini muhokama qildi.
Markazga tashrif doirasida innovatsion ishlab chiqarish strategiyalarini joriy etish, “Aqlli fabrika” va raqamli modellashtirish bo‘yicha treninglar, kichik va o‘rta korxonalarda Industry 4.0 diagnostikasi va yo‘l xaritalarini yaratish, texnologiyalar transferi va kadrlar salohiyatini oshirish, seminarlar, konferensiyalar, amaliy o‘quvlarni tashkil qilish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Samarqand viloyati hokimligi va Italiyaning MADE Competencye Center Industry 4.0 o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi. Bu hamkorlik orqali Samarqandda zamonaviy sanoat ekotizimini shakllantirish, mahalliy ishlab chiqarishni raqamlashtirish va yangi avlod mutaxassislarini yetishtirish imkoniyati yaxshilanadi.