w w w . s a m a r k a n d . u z

Samarqand viloyati delegatsiyasi AQSHda: TIBBIYOT SOHASI YANGI HAMKORLIK SARI

Samarqand viloyati delegatsiyasi AQSHda: TIBBIYOT SOHASI YANGI HAMKORLIK SARI

Ayni kunlarda Samarqand viloyati delegatsiyasi xizmat safari bilan Amerika Qo‘shma Shtatlarida bo‘lib turibdi.

Delegatsiya tarkibida viloyat hokimligi, sog‘liqni saqlash tizimi va xususiy tibbiyot sohasi vakillari, jumladan, «Meros International Hospital» klinikasi vakillari ham o‘rin olgan.
Tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad — AQSHning “Project C.U.R.E.” tashkiloti bilan hamkorlikni yanada mustahkamlash, yangi istiqbolli loyihalarni muhokama qilish va ilg‘or tajribalarni o‘rganishdan iborat.
Ma’lumki, joriy yilda Samarqand viloyati hokimi Adiz Boboyevning AQSHga amaliy tashrifi doirasida “Project C.U.R.E.” rahbariyati bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, muhim kelishuvlarga erishilgan edi.
Shundan so‘ng tashkilot mutaxassislari Samarqand viloyatidagi 10 ta tibbiyot muassasasida bo‘lib, ularning tibbiy asbob-uskunalar va inventarlarga bo‘lgan ehtiyojini o‘rgandilar.
Natijada mazkur muassasalarni jami 10 million AQSH dollari qiymatidagi tibbiy jihozlar va inventarlar bilan beg‘araz ta’minlash bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Ayni paytda ushbu jihozlar tashkilot omborlarida tayyor holatda bo‘lib, ularni konteynerlar orqali Samarqand viloyatiga yetkazib berish rejalashtirilgan.
AQSHga tashrif doirasida “Project C.U.R.E.” rahbariyati va mutaxassislari, shuningdek, mamlakatning yetakchi tibbiyot muassasalari vakillari bilan qator uchrashuv va muzokaralar o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan. Delegatsiya a’zolari sog‘liqni saqlash tizimini boshqarishning zamonaviy yondashuvlari, tibbiy xizmat ko‘rsatishning ilg‘or tajribasi, tibbiy asbob-uskunalar logistikasi, muassasalarni modernizatsiya qilish hamda zamonaviy texnologiyalarni joriy etish masalalari bilan yaqindan tanishadilar.
Tashrif davomida viloyatda davlat tibbiyot muassasalari bilan bir qatorda xususiy tibbiyot sektorini yanada rivojlantirish, xususiy klinikalarga zamonaviy boshqaruv va tibbiy texnologiyalarni joriy etish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish hamda investisiyaviy loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlariga ham alohida e’tibor qaratiladi. Bu borada delegatsiya tarkibida xususiy tibbiyot sohasi vakillarining ishtirok etishi tajriba almashinuvi va yangi hamkorlik aloqalarini o‘rnatish uchun muhim ahamiyat kasb etadi.
Samarqand viloyati delegatsiyasining AQSHga amaliy tashrifi “Project C.U.R.E.” bilan gumanitar hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, davlat va xususiy tibbiyot sohasida zamonaviy tajribalarni joriy etish hamda aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini yanada oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Kiritilgan vaqti: 27/08/2026 20:26.   Ko‘rilganligi: 13
 
Material manzili: https://samarkand.uz/press/news/samarqand-viloyati-delegatsiyasi-aqshda-tibbiyot-sohasi-yangi-hamkorlik-sari

 

So‘rovnoma


Xabarlarga obuna bo‘lish


Statistika


Hozir onlayn
Ro‘yxatdan o‘tganlar: 0
Mehmonlar: 10

Harakatlar strategiyasi 2017-2021

 

Copyright © 2010 – 2018. . Sayt materiallaridan foydalanganda www.samarkand.uz manba sifatida ko‘rsatilishi shart.

 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing