w w w . s a m a r k a n d . u z
Samarqand shahrida IT sanoati inkubator binolarini qurish loyihasiga start berildi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda viloyat hokimi Adiz Boboyev, Raqamli texnologiyalar vazirining maslahatchisi Jamshid Egamberdiyev, IT-park kuzatuv kengashi raisi Farhod Ibrohimov, loyihaning bosh pudratchi vakili, Xitoyning O‘zbekistondagi “Shanghai Construction Group” kompaniyasi bosh direktori Pang Shengjian hamda soha vakillari ishtirok etdi.
— Ushbu zamonaviy IT Parkning qurilishi raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, innovasion texnologiyalarni turli sohalarga keng joriy etish, shuningdek, axborot texnologiyalari bo‘yicha yosh iqtidorli mutaxassislarni tayyorlashga xizmat qiladi, — dedi loyiha ochilishida viloyat hokimi Adiz Boboyev. — Majmuada startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlash, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega kadrlar tayyorlash uchun barcha shart-sharoitlar yaratiladi. Bu esa hududda axborot texnologiyalari sohasini rivojlantirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish va iqtisodiyot tarmoqlarining raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi.
IT inkubatsiya markazi bir gektarga yaqin maydonni egallagan bo‘lib, loyiha EPC+F (Muhandislik, ta’minot, qurilish + moliya) modeli asosida Xitoyning O‘zbekistondagi “Shanghai Construction Group” kompaniyasi tomonidan amalga oshirilmoqda.
EPC+F modeli asosida quriladigan IT sanoati inkubator binolari loyihalash, dizayn xarid qilish, qurish va moliyalashtirish vazifalarini o‘z zimmasiga oladi. Loyihani rejalashtirish, tizimlashtirish, xavfsizlik standartlari va muhandislik boshqaruvi sohalaridagi ishlar qonun talablariga va xalqaro muhandislik amaliyotini to‘liq hisobga olgan holda amalga oshiriladi.
Ushbu loyiha “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilab berilgan vazifalar doirasida amalga oshirilmoqda. U mintaqaviy raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, innovatsion sohalarni shakllantirish va iqtidorli mutaxassislarni tayyorlashga zamin yaratadi. Shuningdek, O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, raqamli sanoat infratuzilmasi va hamkorlik aloqalarini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Tadbir yakunida buyurtmachi tashkilot, davlat idoralari, boshqaruv kompaniyasi hamda mahalliy hamkorlar bilan birgalikda zamonaviy texnologiyali, yuqori sifatli, ishonchli, samaradorligi yuqori va vaqt sinovidan o‘tadigan qurilishni amalga oshirish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriqlar berildi.