w w w . s a m a r k a n d . u z
“O‘zsuvta’minot” aksiyadorlik jamiyati tomonidan Jahon banki va Shveysariya hukumati ko‘magida tashkil etilgan tadbirda yurtimizdagi mazkur soha mas’ullari, xalqaro moliya institutlari vakillari va ekspertlar, hukumat vakillari, investorlar ishtirok etmoqda.
Konferensiya avvalida Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev so‘zga chiqib, suv infratuzilmasini rivojlantirish aholi farovonligini oshirish bilan birga mamlakat iqtisodiyoti barqarorligini ham ta’minlashga xizmat qilishini ta’kidladi. Ayniqsa, bugun dunyoda iqlim o‘zgarishlari, toza ichimlik suvi global muammoga aylanib borayotgan paytda sohada zamonaviy texnologiyalarni qo‘llash, suv resurslaridan samarali foydalanish dolzarb ahamiyat kasb etayotgani qayd qilindi. Bu borada O‘zbekistonda xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan ishlar e’tirof etildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2017–2024 yillarda yurtimizda ichimlik va oqova suv sohasini rivojlantirishga 27,5 trillion so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirildi. Shundan 1 milliard AQSH dollari xalqaro moliya institutlari hissasiga to‘g‘ri keladi. Bu orqali 7,7 milliondan ortiq aholi ilk bor markazlashgan ichimlik suvi tarmog‘iga ulanib, hayot sifati sezilarli darajada yaxshilandi.
Joriy yilda umumiy qiymati 2,179 milliard dollarlik 21 ta loyiha doirasida 453,5 million dollar miqdoridagi xalqaro moliyaviy mablag‘larni o‘zlashtirish belgilangan. Bu loyihalar doirasida 9484,4 kilometr ichimlik suv tarmoqlari, 3268,9 kilometr oqova suv tarmoqlari tortiladi. 18 ta suv olish inshooti, 32 ta oqova suv tozalash inshooti qurilishi va 483 ming dona zamonaviy suv hisoblagichlar o‘rnatilishi rejalashtirilgan. Xususan, Toshkent shahri va viloyati, Qashqadaryo, Namangan, Buxoro, Samarqand, Sirdaryo, Xorazm, Navoiy viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.