w w w . s a m a r k a n d . u z
Samarqand – Chxunchxon-pukto tadbirkorlari biznes muloqoti o‘tkazildi
Samarqand – Chxunchxon-pukto tadbirkorlari biznes muloqoti o‘tkazildi
Biznes muloqotda hududlar rahbarlari hamda tadbirkorlar ishtirok etishdi.
Unda O‘zbekiston va Janubiy Koreya Respublikalari o‘rtasidagi do‘stlik aloqalari mustahkamlanib, o‘zaro savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar hamkorlik yil sayin rivojlanib borayotgani ta’kidlandi.
Ushbu tadbirkorlar muloqotida Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev so‘zga chiqib, hududlararo hamkorlikni yanada faol rivojlantirish uchun imkoniyat va resurslar, salohiyat katta ekanligini ta’kidladi. Samarqandga har yili millionlab mahalliy va xorijiy sayyohlar tashrif buyurishi, bu esa xizmat ko‘rsatish, mehmonxona, ovqatlanish va transport sohalaridagi biznes uchun katta imkoniyatlar yaratishi, viloyatda oziq-ovqat, to‘qimachilik, qurilish materiallari, kimyo va mashinasozlik sanoati kabi sohalar rivojlanib borayotgani, xorijiy investorlar uchun barcha zarur imkoniyat va qulayliklar yaratilgani, xorijiy kapital ishtirokidagi korxonalar uchun alohida imtiyoz va preferensiyalar berilayotgani haqida ma’lumotlar berildi.
Hududlar o‘rtasidagi aloqalarni yanada rivojlantirish maqsadida Koreya texnologiyalari asosida Samarqandda zamonaviy issiqxona, logistika va qayta ishlash klasterlarini tashkil etish, viloyatdagi erkin iqtisodiy zonalarda mashinasozlik, elektronika va elektrotexnika sanoatida qo‘shma korxona va o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirish, sayyohlik turizmi bilan bir qatorda tibbiyot, gastranomik, ekstremal, ziyorat turizmini rivojlantirishda Koreya tajribasi asosida hamkorlikda yangi loyihalarni ishlab chiqish kabi takliflar bildirildi.
O‘z navbatida Chxunchxon-pukto provinsiyasi tadbirkorlari ham Samarqandda yaratilgan imkoniyatlardan foydalangan holda birgalikda investitsiya loyihalarini amalga oshirishga qiziqish bildirishdi.
Biznez muloqot doirasida “B2B” formatidagi uchrashuvlar o‘tkazilib, qator kelishuvlarga erishildi.
Kiritilgan vaqti: 22/07/2025 14:48.
Ko‘rilganligi: 21
Material manzili: https://samarkand.uz/press/news/samarqand-chxunchxon-pukto-tadbirkorlari-biznes-muloqoti-otkazildi