w w w . s a m a r k a n d . u z
Milan shahrida Lombardiya - Samarqand hududlararo forumi o‘tkazildi.
Unda Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev, Lombardiya mintaqasi Prezidenti Attilio Fontana hamda ikki hudud tadbirkorlari ishtirok etishdi.
Forumda viloyat rahbari so‘zga chiqib, Lombardiya delegatsiyasining Samarqand viloyatiga tashrifi davomida imzolangan Samarqand viloyati va Lombardiya hududi o‘rtasidagi hamkorlik kelishuvi hududlarimiz o‘rtasida do‘stona aloqalarni rivojlantirishda yangi sahifa ochganligini ta’kidladi.
- Hududlararo hamkorlikni yanada faol rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar mavjud,- dedi Adiz Boboyev.
Viloyat rahbari forum ishtirokchilariga Samarqand viloyatining investitsion salohiyati, tadbirkorlikni rivojlantirish uchun yaratilgan infratuzilmasi to‘g‘risida ma’lumotlar berib, viloyatning mamlakat markaziy qismida – transport va logistika yo‘nalishlarining muhim kesishmasida joylashganligini qayd etdi.
Viloyat orqali yirik avtomagistrallar va temir yo‘l yo‘nalishlari o‘tadi, bu esa xalqaro savdo va yuk tashish tizimida muhim ahamiyatga ega. Viloyat rahbari ikki mamlakat hududlari o‘rtasidagi aloqalarni yanada rivojlantirish maqsadida bir qator takliflarni bildirdi. Unga ko‘ra, Bulung‘ur tumanida barcha infratuzilma sharoitlariga ega bo‘lgan 60,0 gektar yer maydonida lombardiyalik tadbirkorlar uchun alohida sanoat zonasini tashkil qilish maqsad qilinganligi aytildi. Bu yerda hamkorlikda mashinasozlik, elektrotexnika, kimyo va qurilish materiallari ishlab chiqarish kabi ko‘plab sohalarda yuqori texnologik loyihalarni amalga oshirish mumkin.
Shuningdek, qishloq xo‘jaligi, logistika va ko‘p tarmoqli yuk tashish markazini tashkil etish va boshqa ko‘plab sohalarda hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha takliflar bildirildi.
- Ushbu imkoniyatlardan samarali foydalangan holda iqtisodiyotning barcha sohalarida aloqalarni rivojlantirishni shuningdek, yangi kelishuvlarga erishishni maqsad qilganmiz,- dedi viloyat rahbari.
Forumda 50 nafarga yaqin Samarqand viloyati tadbirkorlari ham ishtirok etishdi. Italiya kompaniyalari bilan yaqindan hamkorlik o‘rnatib, o‘zaro manfaatli investitsiya loyihalarini amalga oshirish mulqotlarning bosh mavzusi bo‘ldi.
O‘z navbatida Lombardiya tomoni ham Samarqand viloyatida yangi loyihalarni amalga oshirish, tadbirkorlar bilan faol hamkorlik qilish bo‘yicha qiziqishlarini bildirishdi.
Forumda hududlararo aloqalarni yanada rivojlantirish, hamkorlikda ishlash bo‘yicha qator kelishuvlarga erishildi.