w w w . s a m a r k a n d . u z
Joriy yilning 19-fevral kuni Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva boshchiligida Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashining Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanida sayyor majlisi bo‘lib o‘tdi.
Unda Milliy va hududiy kengashlar aʼzolari, xalq deputatlari Samarqand viloyati hamda tuman (shahar) Kengashlari deputatlari, viloyat hokimi, vazirlik va idoralar rahbarlari, Yoshlar parlamenti aʼzolari hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Kun tartibi doirasida Samarqand viloyatida korrupsiyaga qarshi kurashish, jinoyatchilikning oldini olish va kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar atroflicha muhokama qilindi.
Taʼkidlanganidek, hududda iqtisodiy faollik, qurilish, tadbirkorlik va xizmatlar sohasi jadal rivojlanib borayotgani bilan birga, ushbu jarayonlarda korrupsion xavf omillarini barvaqt aniqlash hamda bartaraf etish dolzarb vazifa hisoblanadi. So‘zga chiqqanlar korrupsiyaga qarshi kurashishda tizimli, ochiq va raqamlashtirilgan boshqaruv mexanizmlarini keng joriy etish muhimligiga eʼtibor qaratdi.
Shuningdek, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishlarda korrupsiya va jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha belgilangan ustuvor vazifalar ijrosi hududlarda so‘zsiz taʼminlanishi lozimligi taʼkidlandi. Uyushgan jinoyatchilik, yashirin iqtisodiyot hamda kiberjinoyatlarga qarshi kurashishda samarali profilaktika tizimini kuchaytirish zarurligi qayd etildi.
Kriminogen vaziyat tahliliga ko‘ra, viloyatda firibgarlik, o‘g‘rilik va kiberjinoyatlar, ayniqsa yoshlar o‘rtasidagi huquqbuzarliklar saqlanib qolayotgani tanqid qilindi. Shuning uchun profilaktika inspektorlari faoliyatini kuchaytirish, mahallalarda manzilli ishlarni tashkil qilish, bandlikni taʼminlash hamda raqamli xavfsizlik bo‘yicha targ‘ibotni kengaytirish zarurligi taʼkidlandi.
O‘rganishlar natijalari ko‘rsatganidek, so‘nggi davrda viloyatda korrupsiyaviy jinoyatlar asosan energetika, qurilish, bandlik, sog‘liqni saqlash hamda bank sohalarida uchramoqda. Xususan, energetika tizimida noqonuniy ulanishlar, hisob-kitoblarda inson omilining yuqoriligi va nazorat jarayonlarining yetarli darajada raqamlashtirilmagani mavjud muammolar sifatida ko‘rsatib o‘tildi.
Jumladan, qurilish va yer munosabatlari sohalarida ruxsatnoma berish jarayonlarining murakkabligi, shaffoflik yetarli darajada emasligi, noqonuniy qurilishlar hamda manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq holatlar aniqlangan. Bundan tashqari, bandlik va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishida imtiyozli kreditlar ajratish jarayonlarida ayrim suiisteʼmol holatlari mavjud va nazorat yetarli darajada tashkil etilmagan.
Muhokama yakunida sohalar kesimida aniq choralar, ularni amalga oshirish mexanizmlari hamda ijro muddatlari belgilangan qaror qabul qilindi. Mutasaddilarning zimmasiga energetika va qurilish yo‘nalishlarida jarayonlarni to‘liq raqamlashtirish, davlat xizmatlarida inson omilini qisqartirish, komplayens-nazorat tizimini kuchaytirish, kreditlash tizimida shaffof va avtomatlashtirilgan mexanizmlarni joriy etish bo‘yicha qator vazifalar yuklatildi.