w w w . s a m a r k a n d . u z

Istirohat bogʻidagi noqulayliklar bartaraf etilmoqda

Istirohat bogʻidagi noqulayliklar bartaraf etilmoqda

Samarqand shahrida odamlar oilaviy hordiq oladigan «Yoshlik» istirohat bog‘i bolalar uchun mo‘ljallangan o‘yin qurilmalari ko‘pligi bilan ajralib turadi. 

Bunday attraksionlarning belgilanmagan joylarga oʻrnatib tashlangani, oʻzboshimchalik bilan noqonuniy qurilgan binolar, bogʻning ayrim qismida toʻplanib qolgan maishiy chiqindilar, antisanitariya holatlari noqulaylik tugʻdirib, dam oluvchilarning koʻnglini xira qilayotgan edi.

Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev “Yoshlik” istirohat bogʻi faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

Oʻrganish jarayonida oʻyin qurilmalarining bir-biriga juda yaqin joylashtirilgani odamlarning erkin harakatlanishiga xalaqit berayotgani, hududdagi baʼzi bino va inshootlar qarovsiz holatga tushib qolgani aniqlandi. Chiqindilar olib chiqib ketilmagani, ayrim daraxtlar suvsizlikdan qurib borayotgani maʼlum boʻldi.

Shu oʻrinda aytish kerakki, “Yoshlik” istirohat bogʻi maydoni 5 gektar 44 sotixni tashkil qilib, hududga 78 ta oʻyin qurilmasi oʻrnatilgan.

Viloyat rahbari samarqandliklar farzandlari bilan oilaviy hordiq chiqaradigan bogʻning achinarli ahvolga kelib qolgani yuzasidan tanqidiy fikr bildirdi. Qisqa muddat ichida hududni obodonlashtirish, chiqindilardan tozalash, qurib borayotgan daraxtlarni sugʻorish, odamlarning xavfsizligini taʼminlash, noqonuniy oʻrnatilgan oʻyin qurilmalarini olib tashlash, bogʻni koʻrkam va zamonaviy maskanga aylantirish boʻyicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berildi.

Shu kunlarda belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida “Yoshlik” istirohat bogʻida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Hududni zamonaviylashtirish va fuqarolarning dam olishi uchun yanada qulay muhit yaratishga alohida eʼtibor qaratilyapti.


Kiritilgan vaqti: 12/06/2025 20:51.   Ko‘rilganligi: 44
 
Material manzili: https://samarkand.uz/press/news/istirohat-bogidagi-noqulayliklar-bartaraf-etilmoqda

 

So‘rovnoma


Xabarlarga obuna bo‘lish


Statistika


Hozir onlayn
Ro‘yxatdan o‘tganlar: 0
Mehmonlar: 11

Harakatlar strategiyasi 2017-2021

 

Copyright © 2010 – 2018. . Sayt materiallaridan foydalanganda www.samarkand.uz manba sifatida ko‘rsatilishi shart.

 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing