w w w . s a m a r k a n d . u z

Ishtixonda ishlar “Oqqoʻrgʻon tajribasi” asosida tashkil etilmoqda

Ishtixonda ishlar “Oqqoʻrgʻon tajribasi” asosida tashkil etilmoqda

Samarqand viloyati Ishtixon tumanida hududlarini obod qilish, qishloq va mahallalarda infratuzilma bilan bogʻliq eng dolzarb masalalarni tizimli hal etish,

xususan, joylarda ichki yoʻllar, ichimlik suvi, elektr energiyasi va gaz taʼminotini, taʼlim, sogʻliqni saqlash, madaniyat, sport va boshqa infratuzilma obyektlarini yaxshilash, shu asosda aholi uchun munosib turmush sharoitlarini yaratish borasida ishlar tizimli ravishda olib borilmoqda.

Davlatimiz rahbari topshirigʻiga asosan tuzilgan Respublika ishchi guruhi tomonidan Ishtixon tumanida aholi muammolari va hududlarda ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni oʻrganish va hal etish boʻyicha ishlar Toshkent viloyatining Oqqoʻrgʻon tumanida joriy qilingan tajriba asosida tashkil etilyapti.

Ayni damda aholini qiynab kelayotgan muammolarni aniqlash va bartaraf etish boʻyicha tumanda aholi bilan muloqotning yangicha tizimi doirasida fuqarolar bilan uchrashuvlar oʻtkazilib, mavjud muammolarga samarali yechim topilmoqda.

Tumanda suv, gaz va elektr taʼminoti, ichki yoʻllar holati, maktabgacha taʼlim, transport xizmati sohalaridagi muammolarni hal etish maqsadida 31 ta mahalla fuqarolar yigʻinida 20 milliard 580 million soʻmlik ishlar bajarilishi rejalashtirilgan. Shundan 17 mahallada 22 kilometrdan ortiq ichki yoʻllar taʼmirlanib, bir yarim kilometr piyodalar yoʻlakchasi quriladi.

Bugungi kunda barcha obyektlarda tender tanlovlari yakunlanib, pudratchi tashkilotlar aniqlangan, suv obyektlari, piyodalar yoʻlagi qurish, oqova suv arigʻi oʻrnatish davom etmoqda. Jumladan, “Toʻpor», “Namuna”, “Shayxislom”, “Qayirma”, «Yoʻgʻontepa», “Mirishkor”, “Zarband”, “Gʻofur Gʻulom”, “Azamat” MFY larda jami 6 ta suv inshootini qurish, 16,2 kilometrlik ichimlik suvi tarmogʻini tortish ishlari amalga oshirilmoqda. Natijada ushbu mahallalarda yashovchi 3 mingga yaqin aholining ichimlik suvi taʼminoti yaxshilanib, 1250 nafar aholi ilk bor markazlashgan toza ichimlik suvi bilan taʼminlanadi. Ayni paytda mazkur hududlarda qurilish-montaj ishlari olib borilmoqda.

— Mahallamizda 420 ta xonadon mavjud, — deydi Ishtixon tumanidagi “Toʻpor” MFY raisi Husniddin Ostonov. — Bugungi kunga mahallamizda toza ichimlik suvi taʼminoti bilan bogʻliq amaliy saʼy-harakatlar yakuniga yetkazilmoqda. Fevral oyi oxiriga qadar mahallamizdagi yuz foiz xonadonlarda toza ichimlik suvi chiqa boshlaydi.

Shu bilan birga “Bahrin”, “Safoxoʻja” va “Chinortepa” mahallalarida elektr energiyasidagi uzilishlarni bartaraf etish maqsadida 3 ta transformator, 731 ta beton-tayanch ustunlar oʻrnatilishi koʻzda tutilgan. Tumanning tabiiy gaz yetib bormagan mahallalarida aholini suyultirilgan gaz ballonlari bilan taʼminlash ham barqarorlashdi.

— Bizning “Xonaqa” mahalla fuqarolar yigʻinimizda 4 ming 200 dan ziyod aholi yashaydi, — deydi mahalla raisi Samariddin Muhammadiyev. — Xususan, yigʻinimizga qarashli 4 ta qishloqda eng asosiy muammolardan biri koʻcha va yoʻllarimizning nosozligi edi. Mana, qisqa vaqt ichida ogʻir ahvoldagi 17 ta koʻchaga qum-shagʻal yotqizilyapti. 1,5 kilometr yoʻlimiz asfaltlandi. Bundan tashqari elektr energiyasi, ichimlik suvi bilan bogʻliq muammolar barham topmoqda.

Bu amaliy chora-tadbirlar qatorida ijtimoiy himoyaga muhtoj, nogironligi boʻlgan shaxslar bilan ishlash ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash masalasiga eʼtibor qaratilyapti. Ushbu maqsadda tumanda xonadonma-xonadon xatlov oʻtkazildi. Natijada ijtimoiy ahvoli ogʻir boʻlgan oilalarning 70 dan ortiq uy-joylari taʼmirtalabligi aniqlanib, hozirga qadar shundan 45 tasiga zarur qurilish materiallari ajratildi.

Abdulaziz Yoʻldoshev, Xalq soʻzi”.


Kiritilgan vaqti: 16/02/2023 19:57.   Ko‘rilganligi: 240
 
Material manzili: https://samarkand.uz/press/news/ishtixonda-ishlar-oqqorgon-tajribasi-asosida-tashkil-etilmoqda

 

So‘rovnoma


Xabarlarga obuna bo‘lish


Statistika


Hozir onlayn
Ro‘yxatdan o‘tganlar: 1
Mehmonlar: 7

Harakatlar strategiyasi 2017-2021

 

Copyright © 2010 – 2018. . Sayt materiallaridan foydalanganda www.samarkand.uz manba sifatida ko‘rsatilishi shart.