“Aholiga ijtimoiy xizmatlar va yordamlar ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qaroriga ko‘ra,
15 oktyabrdan boshlab yurtimizdagi 28 ta tuman va shaharda eksperiment tariqasida Ijtimoiy himoya milliy agentligining «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
- Ekperiment uchun viloyatimizdan Paxtachi tumani va Kattaqo‘rg‘on shahri tanlab olindi, - deydi agentlikning viloyat boshqarmasi rahbari Xurshid Nazarov. – Ushbu qaror bilan tuman va shaharlarda tashkil etilayotgan “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlaridagi ijtimoiy xodimlar guruhlarining asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari ham belgilab berildi. Unga ko‘ra, hududlar kesimida har bir xodim ikki yarim ming xonadonga biriktiriladi. Bir xodimga bitta yoki bir nechta mahalla to‘g‘ri kelishi mumkin. Bu hududlarda aholi zichligiga bog‘liq. Ushbu xodimlar avval mahalla raislari ishtirokida xatlov olib borib, mahalladagi har bir xonadon yoki xonadon biror a’zosining ijtimoiy himoyaga muhtojligi o‘rganiladi. Shu o‘rinda “yana xatlovmi” degan salbiy fikr uyg‘onishi mumkin. Buning o‘ziga yarasha sabablari ham bor, albatta. Shu kungacha turli tashkilotlar tomonidan o‘tkazilgan xatlovlar, o‘rganishlar aholi kutgan natijani bermagan holatlar ham bo‘ldi.
Ammo ijtimoiy xodimlar oldiga qo‘yilgan vazifalar aniq. Ya’ni, xodim ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqaroning holatini o‘rganib, shu yerning o‘zida uni ijtimoiy himoya guruhiga kiritadi va tegishliligi bo‘yicha mas’ul tashkilotga yo‘naltiradi. Endilikda talabgorlarni o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz yashovchi yoki yolg‘iz keksa va nogironligi bo‘lgan shaxs deb e’tirof etish yoki bekor qilish, shuningdek, yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar ro‘yxatiga kiritish va undan chiqarish “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlarining qaroriga asosan amalga oshiriladi. Bunda, ijtimoiy xodimlar mahallada planshetlar orqali 21 turdagi ijtimoiy yordam va xizmatlar bo‘yicha arizalarni onlayn tarzda qabul qiladi. Yana bir muhim jihatini ta’kidlashim lozim. Shu kungacha ijtimoiy himoyaga muhtojligi bo‘lgan ayrim kishilar bugun mahalladan, ertaga hokimiyatdan, indinga sektor boshlig‘idan moddiy yordam so‘rab, barcha "daftar"lardan yoki har qanday ijtimoiy ko‘makdan bahramand bo‘lgan holda boshqa bir ko‘makka muhtoj talabgor esa biror marta ham yordam ololmagan yoki xuddi shu kabi nogironlik nafaqasini olish maqsadida turli qing‘ir yo‘llarni tanlash holatlari ko‘p uchraydi. Vaholanki, ular biror ish faoliyati bilan shug‘ullanishga imkoniyati bo‘lgan, ijtimoiy ta’minotga ehtiyoji bo‘lmagan va nogironligi noto‘g‘ri belgilangan fuqarolardir. Shu kabi holatlarning oldini olish maqsadida ijtimoiy daftarlar, nogironlik berish kabi ijtimoiy himoyaga olinishi lozim bo‘lgan holatlarni tasdiqlash uchun ijtimoiy xizmatlarni muvofiqlashtiruvchi yagona elektron platforma - “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimi tashkil etilyapti. Bu orqali ijtimoiy xodimlar tomonidan fuqarolarning arizalari onlayn qabul qilinadi va bunda “Mehr daftari”, “Saxovat va ko‘mak”, “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari” axborot bazalari, shu jumladan, ushbu "daftar"larga kiritilgan fuqarolar hamda ularga tayinlangan to‘lovlar to‘g‘risida ma’lumotlar integratsiyasi ta’minlanadi. Vazirlik va idoralarning 35 turdagi elektron ma’lumotlari almashinuvi yo‘lga qo‘yiladi. Buning natijasida yuqoridagi kabi holatlarga yo‘l qo‘yilmaydi. Talabgorning ijtimoiy yordam olgan yoki olmagani elektron bazada ko‘rinib turadi. Shu orqali ayrim boqimandalik holatlarining ham oldi olinadi. Bu inson omilisiz, elektron aylanma hujjat shaklida yuritiladi.
Ijtimoy daftarlardan chiqarishning ham yangi tartiblari belgilandi. Shu kungacha ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqaroga biror asbob-uskuna yoki bir martalik moddiy yordam berilib, kam ta’minlanganlar ro‘yxati yoki ijtimoiy daftarlardan chiqarilar edi. Oqibatda uskunaning krediti, u tayyorlayotgan mahsulotning xaridori yo‘qligi sabab fuqaro yanada og‘ir ahvolga tushirib qolardi. Bu kabi holatlarning oldini olish uchun endi ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqaroning to jamiyatga qo‘shilib, o‘z o‘rnini topib ketgungacha bo‘lgan holat nazoratga olinadi. 2024 yil 1 yanvardan boshlab davlat xizmatlari markazlari va ularning filiallarida ijtimoiy himoyaga muhtoj aholiga ijtimoiy xizmatlar va yordamlar ko‘rsatishga ixtisoslashgan “Ijtimoiy xizmat darchalari” tashkil etiladi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarga ijtimoiy xizmat va yordamlarning 49 turi mahallada va 30 turi “Inson” markazlarida ko‘rsatiladi. Ushbu xizmatlarning 26 turi joriy yilning 15 oktyabridan hamda 23 turdagisi 2024 yil 1 yanvardan boshlanadi. “Ijtimoiy xizmat darchalari” orqali ijtimoiy xizmatlar va yordam ko‘rsatish uchun arizalar qabul qilish imkoniyati yaratiladi. Bunda, nogironlikni belgilash, protez-ortopediya bilan ta’minlash, sanatoriylarga yuborish, psixologik yordam va ijtimoiy nafaqa tayinlash bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi.
Afsuski, shu paytgacha nogironlarga yilda bir marta davolanishga order berib, oziq-ovqat mahsulotlari topshirib, shu bilan nogironlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlayapmiz, degan fikrda yurardik. Ularni ish bilan ta’minlash, jamiyatga qo‘shish choralarini ko‘rmadik. Aslida esa ularning ko‘pchiligi biror hunari bor, qo‘lidan ish keladigan kishilar. Ijtimoiy xodimlar ana shu jihatlarga e’tibor qaratadi. Ishlashga imkoniyat va xohishi bo‘lgan talabgorlar uchun sharoitlar yaratiladi. Hozirda kasb-hunarga o‘rgatuvchi maktablar, monomarkazlar bilan hamkorlikda ushbu markazlarda nogironlarni o‘qitish imkoniyati va ularning o‘qishi uchun sharoit yaratish bo‘yicha o‘rganishlar olib boryapmiz. Yashirishning hojati yo‘q, ayrim tashkilotlarda nogironlarni ishga qabul qilishi foizi turli raqamlarda ko‘rsatib kelindi. Ammo amalda bu haqiqiy holatni aks ettirmas edi. Aslida shtat jadvalida 20 nafardan ortiq xodimi bor tashkilot va muassasalar 3 foizgacha ish o‘rnini nogironligi bor shaxslarga berishi kerak. Masalan, bir korxonada 100 nafar ishchi bo‘lsa, shundan uch nafari ishga layoqatli nogironligi bo‘lgan shaxs bo‘lishi lozim. Ushbu tartib “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi qonunda belgilab qo‘yilgan. Bundan keyin nogironligi bor shaxslarning ish bilan ta’minlash bilan birga ular mehnat qilayotgan har bir tashkilot yoki korxonada yaratilgan sharoitlar ham o‘rganiladi.
Qarorda agentlik tizimiga o‘tkazilayotgan “Muruvvat” va “Saxovat” uylarida reabilitatsiya tizimi vasiylikka olingan shaxslarni reabilitatsiya qilishga qaratilgan holda faoliyati qayta ko‘rib chiqilishi hamda vasiylikka va homiylikka olish tizimi takomillashtirilishi belgilangan. Endi oilaviy bolalar uylarini tashkil etishdan oldin ularda ko‘nikmalar hosil qilish uchun maxsus dasturlar asosida o‘qitiladi. Vasiylikka oluvchilar maxsus markazlarda ijtimoiy-psixologik testlardan o‘tkaziladi. Bu shu paytgacha kuzatilgan ayrim ko‘ngilsiz holatlarning oldini olishga qaratilganligi bilan ahamiyatli. Buning uchun hududlarda sayyor-mobil guruhlar - psixologik, huquqiy va ijtimoiy xodimlar faoliyat yuritadi. Shuningdek, markazlarda faoliyat yuritayotgan ijtimoiy xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamining muammolari bilan ishlash, uning samarali yechimini topish katta e’tibor, vaqt va sinchkovlikni talab qiladi. Sababi, bu jabhada yillar davomida muammolar yig‘ilib qolgan. Shu bois agentlik faoliyatini to‘la joriy etishdan avval ayrim jarayonlar eksperiment sifatida bosqichma-bosqich sinovdan o‘tkazilyapti. O‘zini oqlagan va ijobiy natija bergan loyihalar keyinchalik tizimda to‘liq joriy etilishi nazarda tutilgan.
Sulaymon MARDIYEV.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot xizmati
O‘zbekiston Respublikasi Davlat hukumati portali
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi
O‘zbekiston Respublikasi milliy qonunchiligi onlayn bazasi
Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya bo‘yicha davlat inspeksiyasi
Hozir onlayn
Ro‘yxatdan o‘tganlar: 1
Mehmonlar: 15
Copyright © 2010 – 2018. . Sayt materiallaridan foydalanganda www.samarkand.uz manba sifatida ko‘rsatilishi shart.