


Samarqand shahridan chiqib Dahdeb qo‘rg‘oni orqali Payariq tumaniga kiraverar ekansiz uzoqdan to‘rt ulkan minora va moviy gumbazlarga ko‘zingiz tushadi.
Keng va ravon yo‘lda yeldek uchib borayotgan mashina manzilga yaqinlashgani sari ko‘kka bo‘y cho‘zib turgan minora va gumbazlar quyosh nurida yal-yal tovlanadi. Yuragingiz hapqiradi, nigohingiz intiq kelayotganingiz – Imom Buxoriy majmuasidan bir lahza nari ketmaydi. Nahotki bu o‘sha ziyoratgoh bo‘lsa, deysiz beixtiyor avvalgi xotiralarni yodga olib. Ilk bor kelayotgan bo‘lsangiz esa majmuaning oppoq nurdek yaltirab, atrofni yanada charog‘on qilib turganini ko‘rib, hayratingiz oshadi.
Ha, bugun Payariqning Xo‘ja Ismoil mahallasida joylashgan ulug‘ muhaddis bobomiz – Imom Buxoriy hazratlari nomi bilan ataladigan muqaddas ziyoratgoh ana shunday qiyofaga kirgan.
Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan mazkur majmua buyuk muhaddis bobomizning islom olamida tutgan yuksak mavqei, ulkan salohiyatiga munosib tarzda qaytadan bunyod etildi.
2019-yilda boshlangan qurilish-bunyodkorlik ishlari davomida bu yerda ulkan maqbara, 10 ming kishilik masjid va ma’muriyat binosi, muzey, kirish va chiqish ayvonlari qurildi. Ziyoratgohning to‘rt burchagidagi 75 metrlik minoralar unga mahobat bag‘ishlab turibdi.
– Nazarimda, muqaddas qadamjodan taralayotgan nur endilikda bu yerda qadr rostlagan mahobatli binolarning ko‘rkam qiyofasida ham aks etib, nafaqat yurtimiz, balki dunyo musulmonlarini ham o‘ziga chorlayotgan go‘yo, – deydi “Nuroniy” jamg‘armasi Samarqand viloyati bo‘limi raisi, mehnat faxriysi Shuhrat Negmatov. – Muhaddislar sultoni deb ulug‘lanadigan Imom Buxoriy bobomizning Islom olamida qanday yuksak maqom va mavqega ega ekanliklarini yaxshi bilamiz. Butun dunyo musulmonlari bu zot mangu orom topgan maskanni ziyorat qilishni orzu qilishadi, buni yuksak sharaf deb bilishadi. Lekin, shu paytgacha ziyoratgoh bunga to‘la imkon bermas, uning atrofida ham shunga yarasha sharoit va imkoniyatlar, sayyohlar uchun qulayliklar yo‘q edi. Ta’bir joiz bo‘lsa, majmua buyuk muhaddis bobomiz ma’naviy merosi va islom olamidagi shuhratiga mos emasdi. Davlatimiz rahbarining alohida e’tiborlari bilan dastlab bu yerda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Hadis ilmi maktabi tashkil etildi. Muhaddislar sultonining ma’naviy merosini chuqur tadqiq etishga kirishildi. So‘ngra majmua hududi kengaytirilgan holda, ziyoratchilarga har tomonlama qulayliklar yaratilishi hisobga olinib, yangidan bunyod etishga kirishildi. Keyingi 7-8 yilda bu yerda loyihadan qurilish, obodonlashtirish ishlarigacha Prezidentimizning doimiy e’tiborlarida bo‘ldi. U kishi har gal Samarqandga kelganlarida, hatto, pandemiya davrida ham, avvalo majmuadagi ishlar bilan tanishib, qurilishni sifatli va xalqaro talablar darajasida olib borilishini nazorat qildilar, jarayonda zarur tavsiyalar berildi. Majmua tarkibida innovatsion muzey tashkil etish g‘oyasi ham ana shunday tashriflar davomida berilganini yaxshi bilamiz. Mutaxassislarning qayd etishicha, majmua avval bir kunda ko‘p bilan 12 ming ziyoratchini qabul qilish imkoniyatiga ega bo‘lgan. Endi esa kuniga 65 ming nafargacha mehmonga xalqaro standartlarga mos xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratilgan. Ilgari Imom Buxoriy hazratlarining qabri maqbara ostidagi kichik bir xonada bo‘lib, bu joyga besh-olti kishigina sig‘ishi mumkin edi va ko‘p hollarda nufuzli delegatsiyalar tashrifi chog‘ida bu holat noqulayliklar keltirib chiqarardi. Bugun esa maqbara ostida joylashgan qabr atrofida yuzlab mehmonlar tilovat qilishlari mumkin. Xuddi shunday ulkan masjidda bir vaqtning o‘zida 10 ming kishi namoz o‘qishi mumkin. Bu, ayniqsa, hayit bayramlarida yurtdoshlarimiz va xorijdan keladigan ziyoratchilar uchun juda katta imkoniyat yaratadi.
Bugun Samarqandda necha asrlardan buyon o‘z ko‘rku mahobatini yo‘qotmagan holda kelayotgan qadimiy obidalar yaratilish tarixi bilan qiziqsak, ular bir necha yillar davomida qurilgani haqida ma’lumotlar olamiz. Shu nuqtai nazardan, qariyb 8 yilda butunlay yangidan qurilgan Imom Buxoriy majmuasi ham ana shu ulug‘vor obidalarimiz qatorida xalqimizning ulkan bunyodkorlik salohiyatining ifodasi, bir necha asrlar kelgusi avlodlarga xizmat qilishiga ishonamiz.
Qurilish-bunyodkorlik ishlari davomida majmua atrofida uch va to‘rt yulduzli 20 dan ortiq zamonaviy mehmonxona, milliy va dunyo xalqlari taomlarini tayyorlovchi 10 ga yaqin restoran va oshxonalar, 1800 dan ortiq transport vositasini saqlashga mo‘ljallangan 4 ta avtoturargoh, 40 ga yaqin elektromobillarni quvvatlash nuqtalari, 100 ga yaqin savdo va servis shoxobchalari tashkil etildi. Faqatgina bu emas, ziyoratgoh joylashgan Xo‘ja Ismoil mahallasi infratuzilmasi yangilanib, aholi turar joylari, ijtimoiy soha ob’ektlari qayta qurildi, rekonstruksiya qilindi va hudud ko‘rkam shaharcha ko‘rinishini oldi.
– Avvalo, shunday muqaddas joyda yashashimiz bizning baxtimiz, 8 ming nafardan ortiq xalqimiz buning uchun shukrona aytishdan charchamaydi, – deydi “Xo‘ja Ismoil” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Jamol Narziyev. – Keyingi yillarda majmua va uning atrofida qurilish-bunyodkorlik ishlari olib borilishi bilan birga mahallamiz qiyofasi ham tubdan o‘zgardi. Hududdagi besh qishloqda kommunikatsiya tizimi to‘liq yangilandi. Yangi yo‘l va ko‘priklar qurildi, jami 48 kilometr yo‘lga asfalt yotqizildi. Namunaviy loyihasi asosida qurilgan hovlilar va ko‘p qavatli uylardan tashqari 1200 dan ortiq aholi xonadonlarida ta’mirlash, rekonstruksiya ishlari olib borildi. Barcha xonadonlar markazlashgan ichimlik suvi va oqava tizimiga ulandi, tabiiy gaz, internet tarmog‘i kirib bormagan xonadon qolmadi hisob. E’tibor bergan bo‘lsangiz, endi mahallamizda simyog‘ochlar yo‘q, elektr tarmog‘i ham yer ostidan o‘tkazildi. Umuman, hammasi zamon talablariga mos, shahardagidek sharoit yaratildi. Ayni paytda mahallamizda 150 dan ortiq tadbirkorlik sub’ekti faoliyat ko‘rsatib turgandi, endilikda ularning safi yana ham kengayishi kutilmoqda. Birgina mehmonxona xo‘jaligini oladigan bo‘lsak, hozir 22 nafar mahalladoshimiz o‘z xonadonida mehmon uyi tashkil etgan. Savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari tashkil etish orqali ziyoratchilarga xizmat ko‘rsatish va shu faoliyat ortidan daromad qilishni rejalashtirgan kishilar ham anchagina. Ularga kredit yoki subsidiya olishda yordam beryapmiz. Yaqinda ochiladigan majmuaga xizmat ko‘rsatuvchi direksiya tashkil etildi va unda 100 nafardan ortiq ishchi mehnat qilar ekan. Shuningdek, mehmonxonalar ishga tushishi bilan 400 kishining bandligi ta’minlanadi. Albatta, bu ish o‘rinlariga birinchi navbatda mahalladoshlarimiz qabul qilinishi ko‘zda tutilgan. Ana shu omillar hisobiga bu yil mahallamiz ishsizlik va kambag‘allikdan xoli hududga aylanadi.
Ayni paytda mahallada 18 ta ko‘p qavatli uy, ko‘plab savdo va servis shoxobchalari bunyod etilmoqda. Shu kunlarda Samarqand shahridan Imom Buxoriy majmuasiga elektrobus qatnovi yo‘lga qo‘yildi. Bu nafaqat ziyoratchilar, balki mahalladan Samarqand shahriga borib ishlovchilar va tahsil olayotgan talabalar uchun juda katta qulaylik bo‘ldi.
Muborak Ramazon hayiti arafasida foydalanishga topshirilishi kutilayotgan muqaddas maskan davlatimiz rahbari qayd etganidek, faqat ziyorat emas, ilm-ma’rifat, tarbiya va ibrat maskani bo‘ladi. Imom Buxoriy hazratlarining buyuk izlanishlari, bilimi hamda kamoloti ziyoratchilar, ayniqsa, yoshlar uchun ibrat vazifasini o‘taydi. Eng muhimi, majmua xalqimizning boy ma’naviy merosi va bunyodkorlik salohiyatini yorqin namoyon etadi.
G‘olib Hasanov, Alisher Isroilov (surat),
O‘zA muxbirlari
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot xizmati
O‘zbekiston Respublikasi Davlat hukumati portali
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi
O‘zbekiston Respublikasi milliy qonunchiligi onlayn bazasi
Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya bo‘yicha davlat inspeksiyasi
Hozir onlayn
Ro‘yxatdan o‘tganlar: 1
Mehmonlar: 3
Copyright © 2010 – 2018. . Sayt materiallaridan foydalanganda www.samarkand.uz manba sifatida ko‘rsatilishi shart.