w w w . s a m a r k a n d . u z

Euronews: dunyoning yetakchi investorlari O‘zbekistonni tanlashmoqda

Euronews: dunyoning yetakchi investorlari O‘zbekistonni tanlashmoqda

Dunyoning yetakchi telekanallaridan biri Euronews efirida namoyish etilgan Focus ko‘rsatuvida O‘zbekistonning investitsion jozibadorligi yil sayin ortib borishiga sababchi bo‘layotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida to‘xtalib o‘tildi.

Unda o‘tgan 6 yilda O‘zbekistonga kelayotgan investitsiyalar hajmi 10 barobar ortgani, chet el kapitali kelishi uchun yaratilgan barcha shart-sharoitlar, mahalliy tabiiy resurslardan tashkil topgan infratuzilma haqida batafsil ma’lumot berilgan.

***

bugungi kunga kelib, keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotgan O‘zbekistonga xalqaro kompaniyalar va banklar tomonidan sarmoya kiritilishi ko‘paymoqda. Investorlar respublikaning qulay soliq va qonunchilik muhitini, shuningdek, yoshlar ustunlik qilayotgan istiqbolli mehnat bozorini qayd etishmoqda.

So‘nggi 6 yil ichida O‘zbekistonga xalqaro sarmoya kiritilishi 10 barobardan ortiq o‘sdi.  Davlat iqtisodiyotining globallashuvini hisobga olgan holda 2017 yilda boshlangan keng ko‘lamli hukumat islohotlari Markaziy Osiyoning ushbu davlatga xorijiy kapitalni jalb qilinishini rag‘batlantirmoqda.

AQSH-O‘zbekiston qo‘shma korxonasi “Silverleafe” Jizzax viloyatida paxta yetishtiradi. Ekilishidan tortib, hosilni yig‘ib olishigacha bo‘lgan barcha jarayon 100 foiz avtomatlashtirilgan. Bu yil “Silverleafe” yangi texnologiya – mashinada terilgan paxtani raqamli kuzatish tizimini joriy qilishni rejalashtirgan. Respublikaga barcha jihozlar AQSHdan keltirilgan.

– Qishloq xo‘jaligi mashinalaridagi sariq visorlar dehqonchilik va raqamli qishloq xo‘jaligi tizimining juda muhim qismidir, – deydi “Silverleafe” QK bosh direktori Den Peterson. – Biz ma’lumot to‘plashimiz, ekinlar haqidagi ma’lumotlarni tekshirishimiz va sun’iy yo‘ldosh orqali ma’lumotlarni yuborishimiz mumkin. Shu tariqa paxta maydonlaridagi vaziyatning raqamli izini yaratamiz.

GPS qo‘llab-quvvatlaydigan traktor vektori

Tabiiy resurslar va yoshlar

Peterson 2018 yil qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish va islohotlarda bevosita ishtirok etishi uchun taklif qilingandi. Bugun “Silverleafe” respublikaga taxminan 40 million AQSH dollari sarmoya kiritgan. 

– Odamlarda bu islohotlar haqiqatmi yoki shunchaki quruq gaplarmi, degan ko‘plab savollar tug‘iladi. Men 5 yildan beri ushbu islohotlar ichida yurib, barchasi haqiqat ekanligini tasdiqlayman, – deydi Peterson ishonch bilan. – Mamlakatda chet el kapitali kelishi uchun shart-sharoitlar, mahalliy tabiiy resurslardan tashkil topgan infratuzilma yaratilmoqda.

Uning fikriga ko‘ra, O‘zbekiston bugungi kunda dunyodagi demografik vaziyatni hisobga olib, biznesni boshqa mintaqalarga o‘tkazish va sarmoya kiritishni rejalashtirayotgan kompaniyalar uchun ajoyib manzil bo‘lib qolmoqda.

Yuqorida berilgan bahoga Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) ham qo‘shilganga o‘xshaydi. Bu oxirgi besh yil davomida O‘zbekiston iqtisodiyotining muhim tarmoqlarini qamrab olgan 100ta loyihani amalga oshirish uchun 3 milliard yevrodan ortiq mablag‘ni ajratishga va’da berganidan ko‘rinib turibdi. Yildan-yilga investitsiyalar hajmi ham oshib bormoqda.

Ustuvor yo‘nalishlar qatorida barqaror energetikani rivojlantirish ham bor: YeTTB O‘zbekistondagi birinchi xususiy quyosh elektrostansiyalaridan biriga imtiyozli kredit ajratdi. Oxirgi uch yil ichida respublika investitsiya oqimini yanada oshirish maqsadida Markaziy Osiyoda YeTTB tomonidan moliyalashtirish bo‘yicha yetakchiga aylandi.

– O‘zbekiston islohotlar tarixi tufayli sarmoyaviy qutbga aylandi: birinchi qadam sifatida valyutani liberallashtirish va davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi qonunni keltirish mumkin. Keyin 2030 yilgacha amalga oshishi rejalashtirilgan “yashil iqtisodiyot” strategiyasi, hozir ham davom etib kelayotgan davlat bank va tashkilotlarni xususiylashtirish bunga misol bo‘la oladi, – deydi YeTTBning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Alkis Drakinos. – Bunday o‘zgarishlarning barchasi halqaro investorlarga O‘zbekistonning salohiyati, intilishlari va islohotlarga sodiqligi haqida kuchli signal beradi

Texnologiyalarga sarmoya kiritish

Texnologiya sohasi xorijiy investorlar uchun har doim o‘ziga jalb etib kelgan. Londonda joylashgan Sturgeon Capital guruhi O‘zbekistonda birinchilardan bo‘lib startaplar va raqamli infratuzilmaga 25 million dollarlik maxsus fond orqali sarmoya kiritdi.

Kiyan Zandieh, Sturgeon Capital kompaniyasining bosh direktori: “Biz 3 ta yo‘nalishga e’tibor qaratmoqdamiz: fintech – bozorlar (elektron tijoriy platformalar) va dasturiy ta’minot. Biz sarmoya kiritganimizdan buyon bu kompaniyalar daromadi deyarli uch barobarga oshdi va bu uzoq muddat davom etishini ko‘rmoqdamiz”.

BILLZ Group Sturgeon Capital’dan investitsiya olgan birinchi o‘zbek startapi bo‘ldi. Kompaniya chakana biznesni boshqarish va rivojlantirish uchun dasturiy ta’minotni taklif etmoqda.Ushbu startap 4 davlat bilan hamkorlik qiladi va yangi investorlarni jalb qiladi.

BILLZ hammuassisi va direktori Rustam Hamdamov shunday eslaydi: “5 yil oldin investorlarni topish biz uchun juda qiyin edi, jarayon uzoq vaqtni olardi. Endi esa ular bilan muloqot qilish ancha osonlashdi. Hamkorlar soni ham, mablag‘lar ham 5 yil oldingidan ancha ko‘p va bularning barchasi bizga kelajakni kengaytirish va rivojlantirish uchun imkoniyatlarni yaratadi.”

Viza rejimining liberallashtirilishi, soliqlar kamaytirilishi, aholining ta’lim va kasbiy tayyorgarligining o‘sishi – bularning barchasi xorijiy investorlar uchun to‘liq bo‘lmagan imkoniyatlar bo‘lib qolmoqda. O‘zbekiston hukumati yaqin to‘rt yil ichida ularning yordami bilan 100 milliarddan ortiq mablag‘ jalb etishni rejalashtirmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov rivojlanishning tanlangan vektorini tasdiqlaydi. 

– Biz mamlakatdagi ishbilarmonlik, investitsiya muhitini yanada jozibador qilish bo‘yicha tizimli va sinchkovlik bilan ishlashni davom ettiramiz, – dedi u Euronews telekanaliga. – Biz uchun eng muhimi – barqaror investitsiyalar sifatini ta’minlash, O‘zbekiston iqtisodiyotini uzoq muddatli rivojlantrish va uni raqobatbardosh qilishdan iborat.

 

Muhayyo Turdaliyeva tayyorladi, 

O‘zA


Oxirgi o‘zgarish: 12/05/2023 21:09.   Ko‘rilganligi: 265
 
Material manzili: https://samarkand.uz/press/news/euronews-dunyoning-yetakchi-investorlari-ozbekistonni-tanlashmoqda

 

So‘rovnoma


Xabarlarga obuna bo‘lish


Statistika


Hozir onlayn
Ro‘yxatdan o‘tganlar: 2
Mehmonlar: 12

Harakatlar strategiyasi 2017-2021

 

Copyright © 2010 – 2018. . Sayt materiallaridan foydalanganda www.samarkand.uz manba sifatida ko‘rsatilishi shart.