w w w . s a m a r k a n d . u z

Erkinjon Turdimov:

Erkinjon Turdimov:

Bugun ertalab kabinetimdagi javonimni ko‘zdan kechirish jarayonida beixtiyor shoir, dramaturg, tarjimon, marhum Hayot Ne’matning “Kel, bugun yonimda bo‘l!” degan she’riga ko‘zim tushdi va u bilan bo‘lgan uchrashuvni esladim.

Hozirgiday esimda, 2020 yilning qish faslida Samarqand shahridagi sayyor qabulimga ikkita qo‘ltiqtayoqda yurgan nuroniy kishi keldi. Ovozi ham Qodir Maxsumovnikidek, lekin har bir so‘zni dona-dona qilib gapirardi. Adashmasam, nevarasi bilan Nurobod va Pastdarg‘om tumanlari chegarasidagi yer masalasida tashrif buyurgandi. U kishi bilan suhbatdan men ziyoli, teran fikrlaydigan, zukko bir shaxsni his qildim. Oldin bu kishini ko‘rmagandim, u kishi haqida eshitmagandim. U kishi o‘zini tanishtirib, mutolaaga, she’riyatga qiziqishi, 10 mingdan ortiq kitoblari va noyob qo‘lyozmalari borligini bildirdi. Men u kishidan, “Uyingizga borsam, kutubxonangizni ko‘rsatasizmi?” – deb so‘radim. Hayot Ne’mat esa, bunga javoban, “Qaniydi tashrif buyursangiz, meni uyimga rahbarlar kelishdan qo‘rqishadi, ko‘pchilik rahbarlar kelmay qo‘ygan, oldin kelishardi” – deya javob berdi.
Bir haftalardan so‘ng men Hayot akaning xonadoniga bordim. U kishi bilan dildan suhbat qurdik. O‘tmishni esladik, bugun va kelajak haqida gaplashdik. Hayot aka bugungi amalga oshirilayotgan yaxshi ishlarni faxr bilan gapirib berdi. Suhbat davomida ijodiy faoliyati, odamlar bilan uchrashuvlari bo‘yicha qiziq-qiziq hayotiy voqealarni aytib berdi. Biz bir-birimiz bilan ilgaridan tanishlardek, suhbatlashdik. Hayot aka Toshkent shahrida bo‘lgan bir anjuman tafsilotini aytib berdi.
O‘zbekiston va Tojikiston ziyolilari to‘plangan bu yig‘inda so‘zga chiqqanlar o‘zbek va tojik xalqi do‘st va birodar deb ko‘p bor takrorlashgan, hammasi bir xil mazmundagi gaplarni aytishgan. Shunda Hayot Ne’mat so‘z so‘rab, minbarga chiqqan va “Men sizlarning o‘zbek va tojik xalqlari bir-biriga do‘st va birodar, degan so‘zlaringizga qo‘shilmayman, chunki bu holat hech qachon bo‘lmagan” degan. Shunda zal hayratdan jimib qolgan. Hayot aka nafasini rostlab, “O‘zbek va tojik et va tirnoq, aka-uka, opa-singil, qarindosh. Faqat bir-biriga begonalargina do‘stlashadi, birodarlashadi. Bular esa ikki tilda so‘zlovchi qarindosh”, degan. Shunda butun zal jonlanib, uni olqishlagan, fikriga qo‘shilgan.
Darhaqiqat, biz bir et bilan tirnoqmiz.
Ancha davom etgan suhbatdan keyin “Hayot aka, endi menga ruxsat bersangiz, boshqa rejalarim bor edi” deganimda, u kishi: “Agar odamlarga Hayot akani uyiga bordim, u kishi bilan suhbatlashdim” desangiz ishonishmaydi. Sababi, uyimga kelgan har bir mehmon, Hayot Ne’mat tayyorlaydigan qahvani tatib ko‘radi, deb aytdi va qahva tayyorlab berdi.
Qahva ichib bo‘lganimizdan so‘ng, “Endi Hayot Ne’matning uyiga kelgan hisoblanasiz” dedi. Biz xayrlashdik va keyin bir necha bor muloqot qildik.
Bugun Hayot Ne’mat oramizda yo‘q. Albatta, u kishining ruhlari shod bo‘lsin!
Birinchi suhbatimiz davomida Hayot Ne’mat “Kel, bugun yonimda bo‘l!” nomli she’rini nihoyatda go‘zal tarzda, baland ovozda o‘qib bergan edi. Ushbu she’rni Sizlarga havola etmoqchiman:
KEL, BUGUN YONIMDA BO‘L!
O‘zbegim, men dil erurman, qon kabi jonimda bo‘l,
Kiprigingman, menga endi ko‘z bo‘lib, onimda bo‘l!
Bir g‘azalning misrasidek bayti devonimda bo‘l,
Dushmanim jonin olarga safda, maydonimda bo‘l!
O‘zbegimsan, tojigingman, kel, bugun yonimda bo‘l!
Ko‘p zamonlar qismatimiz sho‘rligu xo‘rlik edi,
Noodam kelgindilarning qilmishi zo‘rlik edi.
Soxta mehriga uchib, bechora xalq ko‘rlik edi,
Yuzda shona, tagda fona, asli nonko‘rlik edi.
O‘zbegimsan, tojigingman, kel, bugun yonimda bo‘l!
Elu yurtim tinchligin Olloh nigohi saqlagan,
Mehrimizni Hazrati No‘hning giyohi saqlagan.
Dildagi dardu alamni g‘amli ohi saqlagan,
Oli Somon iqtidorin turk sipohi saqlagan.
O‘zbegimsan, tojigingman, kel, bugun yonimda bo‘l!
Bizni ajratmoqchidur shaytonsabil dilqoralar,
Bir-birimizni ko‘rolmay bo‘ldi ko‘r nazzoralar.
Jonga tegdi ayriliq, to qayga bizni poralar,
O‘rtamizda qaygacha shaytonsabillar oralar?
O‘zbegimsan, tojigingman, kel, bugun yonimda bo‘l!
Soxta obro‘ istar ul g‘arzodalar qon o‘rniga,
Jonin omon saqlamoqchi jon olib jon o‘rniga.
Zoti shaytonni ko‘paytirmoqchi inson o‘rniga
Toki domga tushmasak qopqondagi don o‘rniga,
O‘zbegimsan, tojigingman, kel, bugun yonimda bo‘l!
O‘zbegim, tojik bilan birlikdadir asli najot,
Birga borsak ikkimiz birlik sari aylab sabot,
Bundan o‘zga bizga yo‘l yo‘q, yo hayotdir, yo mamot,
Toki birlik yo‘q ekan, yo‘qdur najot, yo‘qdir Hayot.
O‘zbegimsan, tojigingman, kel, bugun yonimda bo‘l!
Hayot NE’MAT

Oxirgi o‘zgarish: 13/06/2023 14:16.   Ko‘rilganligi: 192
 
Material manzili: https://samarkand.uz/press/news/erkinjon-turdimov33

 

So‘rovnoma


Xabarlarga obuna bo‘lish


Statistika


Hozir onlayn
Ro‘yxatdan o‘tganlar: 0
Mehmonlar: 13

Harakatlar strategiyasi 2017-2021

 

Copyright © 2010 – 2018. . Sayt materiallaridan foydalanganda www.samarkand.uz manba sifatida ko‘rsatilishi shart.