w w w . s a m a r k a n d . u z
Futbol va mini-futbol bo‘yicha yoshlar o‘rtasida "Davlat xavfsizlik xizmati kubogi" musobaqasining viloyat final bosqichi o‘yini Samarqand shahridagi "Dinamo" o‘yingohida o‘tkazildi.
Musobaqaning final bosqichida Qo‘shrabot tumanining Shovona va Ishtixon tumanining Qoraqishloq mahallasi yoshlari jamoalari bellashdi. Qizg‘in kechgan final bosqichining asosiy vaqtida hisob ochilmadi. Shundan so‘ng penaltilar seriyasida Ishtixon tumaning Qoraqishloq mahallasi yoshlari 7:6 hisobida g‘alaba qozonib, birinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, ikkinchi o‘rinni Qo‘shrabot tumanining Shovona mahallasi yoshlari qo‘lga kiritdi. Ushbu futbol musobaqasining uchinchi o‘rni Payariq tumanining O‘zbekiston mahallasi yoshlariga nasib etgan.
DXX kubogi doirasida o‘tkazilgan mini futbol bahslarining viloyat bosqichida esa o‘g‘il bolalar o‘rtasida Toyloq tumanining Tepaqishloq mahallasi yoshlari birinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, qizlar o‘rtasida Jomboy tumanining “Nafis” qizlar jamoasi bu yil ham g‘olib bo‘lgan. Endi ular musobaqaning respublika bosqichida viloyatimiz sharafini himoya qiladi.
Musobaqa g‘oliblariga Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev va boshqa masʼullar tomonidan diplom, medal va qimmatbaho esdalik sovg‘alari topshirildi.
Ushbu musobaqaning mahalla, tuman va viloyat bosqichlarida futbol bo‘yicha 39 ming 514 nafar, mini futbol bo‘yicha yigitlar o‘rtasida 27 ming 446 nafar, qizlar o‘rtasidagi bahslarda 17 ming 953 nafar yoshlar ishtirok etgan.