w w w . s a m a r k a n d . u z
Samarqand tumanidagi “A’zam Azamat Agro” fermer xo‘jaligida qishloq xo‘jaligi yerlaridan samarali foydalanishga bag‘ishlangan respublika ko‘rgazmali seminar bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Samarqand viloyati hokimining o‘rinbosari Botir Jabborov, Jizzax viloyati hokimining o‘rinbosari Zafar Ro‘ziyev, shuningdek Jizzax va Samarqand viloyatlarining sohaga mas’ul vakillari va mutaxassislari ishtirok etdi.
Ta’kidlanishicha, dala chetlari, kanallar va kollektor-drenaj tarmoqlari atrofi, aholi tomorqalaridagi bo‘sh maydonlarni qishloq xo‘jaligiga yo‘naltirish orqali mahsulot yetishtirish hajmini keskin oshirish mumkin. Intensiv ekin maydonlari tashkil etish, xususan, to‘qsonbosti ekinlaridan samarali foydalanish yil davomida bir necha bor hosil olish imkonini beradi. Bu esa ichki bozorni barqaror mahsulot bilan ta’minlash bilan birga mamlakatning eksport salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.
Seminarning amaliy qismida mevali ko‘chatlar ekish va to‘qsonbosti ekinlarini joylashtirish bo‘yicha zamonaviy usullar amalda ko‘rsatib berildi. Samarqand tumanida 115 gektar dala chetlari bo‘lib, bu yerlarga 101,8 ming tup, mavjud 11 gektar kollektor-drenaj atrofi maydoniga esa 10,05 ming tup mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekildi.
Shuningdek, tumanda fermer, dehqon va qishloq xo‘jaligi korxonalari tomonidan 2025-yil avgust–sentabr oylarida 1145 gektar maydonga piyoz va sarimsoqpiyoz ekish ishlari rejaga to‘liq muvofiq amalga oshirilgan. Ayni vaqtda barcha maydonlarda agrotexnik talablarga muvofiq parvarish ishlari olib borilmoqda.
Bundan tashqari, 2026-yil hosili uchun to‘qsonbosti usulida qo‘shimcha 3 ming 134 gektar maydonga ekin joylashtirish rejalashtirilgan. Hozirgi paytda ushbu maydonlarda sug‘orish tarmoqlarini tayyorlash, tuproqni yumshatish, mineral o‘g‘itlar berish va boshqa agrotexnik ishlar belgilangan rejaga muvofiq davom etmoqda.