w w w . s a m a r k a n d . u z
Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev Janubiy Koreya Respublikasiga tashrifi davomida Chxunchxon-pukto provinsiyasi gubernatori Kim Yong Xvan va uning o‘rinbosari bilan tor dioradagi uchrashuvlar o‘tkazdi.
Unda O‘zbekiston bilan Janubiy Koreya o‘rtasida mustahkamlanib borayotgan savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar hamkorlik, yangi ochilayotgan imkoniyatlar haqida fikr almashildi. Ikki davlat o‘rtasidagi hududlararo hamkorlik ham mustahkamlanib borayotgani alohida e’tirof etildi. Tomonlar o‘z hududining ijtimoiy-iqtisodiy, ilmiy-intellektual salohiyati va resurslari haqida batafsil ma’lumot berdi.
Viloyat rahbari Adiz Boboyev Samarqand viloyatining iqtisodiy salohiyati, geografik joylashuvi, turizm, madaniy merosni targ‘ib qilish va innovatsion loyihalar uchun qulayliklarga ega ekanligi, hali ishga solinmagan keng imkoniyatlardan hamkorlikda foydalanish yuzasidan fikrlarini bildirdi.
Xususan, Samarqandda elektromobillar uchun batareyalar, elektrotexnika mahsulotlari, sanoat filtrlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, “Smart Farm” – “aqlli ferma” loyihalarini amalga oshirish, “Osong Medical Innovation Foundation” loyihasi doirasida Samarqandda telemeditsina va tibbiyot IT texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha Koreya klinikalari bilan hamkorlik qilish, joriy yilda Chxunchxon-puktoda “Samarqand turizm va madaniyat kunlari” hamda Samarqandda “Chxunchxon-pukto turizm va madaniyat kunlari”ni tashkil etish yuzasidan takliflarini berdi.
Chxunchxon-pukto provinsiyasi gubernatori Kim Yong Xvan Chxunchxon-pukto va Samarqand viloyati o‘rtasida hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish va rivojlantirishdan mamnun ekanligini aytib, savdo-iqtisodiy, investitsiya, turizm, elektronika, elektrotexnika, farmatsevtika, to‘qimachilik va oziq-ovqat sanoati, qishloq xo‘jaligida istiqbolli loyihalarni birgalikda amalga oshirishga tayyor ekanligini aytdi.
Uchrashuvda 100 nafargacha samarqandlik yoshlarni Chxunchxon-pukto provinsiyasidagi universitetda davlat granti asosida o‘qitishga kelishib olindi.
Uchrashuv so‘nggida Chxunchxon-pukto provinsiyasi va Samarqand viloyati o‘rtasida do‘stlik kelishuvi imzolandi.