w w w . s a m a r k a n d . u z

46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi: O‘zbekiston bugun Ukrainani mag‘lub qilib, ikki karra Olimpiada chempioni bo‘ladi(mi?)

46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi: O‘zbekiston bugun Ukrainani mag‘lub qilib, ikki karra Olimpiada chempioni bo‘ladi(mi?)

Samarqand mezbonligida o‘tkazilayotgan Olimpiadaning dramatik o‘tgan 10-turidan so‘ng O‘zbekiston 18 ochko to‘plab, peshqadamlikni mustahkamlagan bo‘lsa, Hindiston, Ukraina, Germaniya va Vengriya jamoalari hali ham medallar uchun da’vogarlik qilmoqda.

Kecha birinchi doskada Nodirbek Abdusattorovning uzoq davom etgan endshpildagi yakuniy g‘alabasi O‘zbekistonning 3,5–0,5 hisobidagi ajoyib g‘alabasini ta’minladi. Bu vakillarimizni bugun oltin medal uchun kurashda eng qulay pozisiyaga olib chiqdi.
Aytish joizki, Nodirbek faoliyatidagi eng yaxshi shaxmatni namoyish etmoqda. U hali mag‘lubiyatga uchramadi va 10 imkoniyatdan 8 ochko to‘pladi.
Turning ikkinchi muhim bahsida Hindiston turnir kashfiyotiga aylangan «O‘zbekiston-2» jamoasiga qarshi doskaga chiqdi va 3,5–0,5 hisobida g‘alaba qozonib, turnirning so‘nggi o‘yinigacha jiddiy da’vogar bo‘lib qolishini ko‘rsatdi. Hozir Hindistonda 17 ochko bilan ikkinchi o‘rinda bormoqda.
Germaniya, Ukraina va Vengriya ham medallar poygasida
Germaniya Fransiyani 3–1 hisobida mag‘lub etgach, so‘nggi turda medallar uchun kurashish imkoniyatini saqlab qoldi va 16 ochko to‘plab, turnir jadvalida 3-o‘rinda bormoqda.
Ukraina ham Xitoyni mag‘lub etib, medal olish umidini saqlab qoldi.
Xitoy bu turga medallar poygasida noyob pozisiyada kirib keldi. Ularga oxirgi uchta o‘yinda g‘alaba qozonib, kurashga qaytgan va 12-raqam ostida tasniflangan Ukrainaga mag‘lub bo‘lmaslikning o‘zi kifoya edi. Lekin bu amalga oshmadi. Natijada ochkolarini 16 taga yetkazgan Ukraina jamoasi 4-o‘ringa ko‘tarildi.
Vengriya ham Ispaniyaga qarshi 3–1 hisobini qayd etdi va yakuniy turda 16 ochko bilan beshinchi jamoa sifatida medal uchun kurashni davom ettiradigan bo‘ldi.
Xitoy yetakchi, vakillarimiz 7-o‘rinda
Ayollar bo‘limida Xitoy Hindiston bilan durang o‘ynab, peshqadamlikni saqlab qoldi va 18 ochko bilan birinchi o‘rinda. 17 ochko jamg‘argan Qozog‘iston jamoasi ikkinchi o‘rinda bo‘lsa, keyingi o‘rinlarni hisobida 16 ochkodan bo‘lgan Hindiston, Polsha va Vetnam jamoalari band etgan. O‘zbekiston ayollar terma jamoasi esa turnirda 15 ochko bilan yettinchi o‘rinda bormoqda.
Bugun tarixiy kun, chempionlik bahslari o‘tkaziladi. Shaxmatchilarimizga omad yor bo‘lsin. Raqiblarimiz aniq, bellashuvlar soat 11:00 da start oladi.
46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi, 11-tur.
Erkaklar yo‘nalishi:
O‘zbekiston — Ukraina
Xitoy — O‘zbekiston 2
Andorra — O‘zbekiston 3
Ayollar yo‘nalishi:
Armaniston — O‘zbekiston
O‘zbekiston 2 — Isroil
O‘zbekiston 3 — Janubiy Afrika

Kiritilgan vaqti: 27/09/2026 10:12.   Ko‘rilganligi: 66
 
Material manzili: https://samarkand.uz/press/news/46-butunjahon-shaxmat-olimpiadasi-ozbekiston-bugun-ukrainani-maglub-qilib-ikki-karra-olimpiada-chempioni-boladimi

 

So‘rovnoma


Xabarlarga obuna bo‘lish


Statistika


Hozir onlayn
Ro‘yxatdan o‘tganlar: 1
Mehmonlar: 15

Harakatlar strategiyasi 2017-2021

 

Copyright © 2010 – 2018. . Sayt materiallaridan foydalanganda www.samarkand.uz manba sifatida ko‘rsatilishi shart.

 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing