.
Mamlakatimizda davlat organlari va mansabdor shaxslarning faoliyati ustidan samarali sud nazoratini o‘rnatish, shuningdek, fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining odil sudlovga erishish darajasini oshirish, respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining hamda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining, mansabdor shaxslarning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga muvofiq faoliyat yuritishini ta’minlash, Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasida mansabdor shaxslarning qarorlari ustidan berilgan shikoyatlarni ma’muriy sudlarda ko‘rib chiqish tizimini takomillashtirish orqali sud nazoratining qo‘llanilish sohasini kengaytirish maqsadida “Davlat organlari bilan munosabatlarda fuqarolar va tadbirkorlik subyektlari huquqlarining samarali himoya qilinishini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha choralar ko‘rilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” (O‘RQ-833-son, 26.04.2023-y.) O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilindi va ushbu qonun bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Jumladan:
Jinoyat-protsessual kodeksiga kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra kassatsiya instansiyasi sudi mansabdor shaxslarning e’tiborini surishtiruv, dastlabki tergov va sud muhokamasi jarayonida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarga qaratish zarur bo‘lganda xususiy ajrim chiqaradi.
“Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi Qonunga kiritilgan o‘zgartishga ko‘ra:
Endilikda barcha sud hujjatlari asosida beriladigan ijro varaqalari 3 yil ichida ijroga topshirilishi mumkin bo‘ldi, oldingi qonunchilikka ko‘ra iqtisodiy sudlarnining sud hujjatlari 6 oy ichida ijroga topshirilishi mumkin bo‘lgan.
Avvallari Iqtisodiy sud bilan bog‘liq ijro yuzasidan iqtisodiy sudlarga shikoyat berilgan bo‘lsa, endilikda davlat ijrochisining har qanday qarorlari yoki harakatlari ustidan shikoyat faqat ma’muriy sudga yoki bo‘ysunuv tartibida yuqori turuvchi organga, mansabdor shaxsga berilishi belgilandi.
Shuningdek, Fuqarolik protsessual kodeksiga kiritilgan qo‘shimchaga muvofiq endilikda o‘zaro bog‘liq bo‘lgan, ba’zilari fuqarolik sudiga, ba’zilari esa ma’muriy sudga taalluqli bir nechta talabni birlashtirishga yo‘l qo‘yilmasligi belgilandi.
Muqaddam mazkur ishlarni birlashtirilib, barcha talablar fuqarolik sudida ko‘rilishi fuqarolarning bir qator ovoragarchiliklariga sabab bo‘lardi.
Talab fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga taalluqlilik qoidalari buzilgan holda taqdim etilgan taqdirda, da’vo arizasi (ariza) taalluqliligiga ko‘ra iqtisodiy sudga yoki ma’muriy sudga ko‘rib chiqish uchun o‘tkaziladi.
Iqtisodiy yoki ma’muriy suddan ariza yoki ish materiallari sudga taalluqliligiga ko‘ra kelib tushganda, sudya ariza tegishli talablarga muvofiq emasligini aniqlagach, ariza sudga kelib tushgan kundan e’tiboran 10 kundan kechiktirmay da’vogarni (arizachini) kamchiliklarni bartaraf etish zarurligi to‘g‘risida xabardor qiladi va unga buning uchun 10 kundan oshmaydigan muddat beradi.
Bundan tashqari, mazkur kodeksga kassatsiya shikoyatini (protestini) ko‘rmasdan qoldirish hamda kassatsiya shikoyati (protesti) bo‘yicha ish yuritishni tugatish bilan bog‘liq asoslar kiritildi.
Qonun bilan Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksga ham qo‘shimchalar kiritildi. Xususan:
taraflarning kelishuv bitimi tuzish huquqi belgilandi, bular :
taraflar ma’muriy sud ishlarini yuritishning barcha bosqichlarida va sud hujjatini ijro etish jarayonida nizoni kelishuv bitimini tuzgan holda to‘liq hajmda yoki qisman hal etishi mumkinligi;
taraflarning kelishuvi faqat ularning nizoli ommaviy huquqiy munosabatlar subyekti sifatidagi huquq va majburiyatlariga taalluqli bo‘lishi hamda taraflarning o‘zaro yon berishiga yo‘l qo‘yilgan taqdirda amalga oshirilishi mumkinligi;
kelishuv bitimi yozma shaklda tuziladi va uni tuzgan shaxslar tomonidan imzolanganligi;
kelishuv bitimi sud tomonidan tasdiqlanganidan keyin tuzilgan deb hisoblanishi yuzasidan normalar kiritilgan.
Shuningdek, kiritilgan o‘zgartirishga muvofiq ma’muriy sud ishlarini yuritish sudning faol ishtiroki asosida amalga oshiriladi.
Endilikda sud ishda ishtirok etuvchi shaxslarning tushuntirishlari, arizalari, iltimosnomalari, ular tomonidan taqdim etilgan dalillar va ishning boshqa materiallari bilan cheklanmasdan ma’muriy ishning to‘g‘ri hal qilinishi uchun ahamiyatga ega bo‘lgan barcha haqiqiy holatlarni har tomonlama, to‘liq va xolisona tekshiradi.
Sud o‘z tashabbusi yoki ishda ishtirok etuvchi shaxslarning iltimosnomasi bo‘yicha qo‘shimcha dalillar to‘playdi, shuningdek, ma’muriy sud ishlarini yuritish vazifalarini hal qilishga qaratilgan boshqa harakatlarni bajaradi.
Shuningdek, sudga arizachi ariza (shikoyat) bilan bir qatorda arizada ko‘rsatilgan talablarga sababiy bog‘lanishda bo‘lgan zararlarning o‘rnini qoplash to‘g‘risidagi talabni ham taqdim etishga haqli.
“Davlat boji to‘g‘risida”gi Qonunga kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra zararlarning o‘rnini qoplash haqidagi arizalar (shikoyatlar) bo‘yicha talab summasining 2 foizi miqdorida, biroq BHMning 1 baravaridan kam bo‘lmagan miqdorda davlat boji undirilishi belgilab qo‘yildi.
Ushbu Qonun davlat organlari bilan munosabatlarda fuqarolar va tadbirkorlik subyektlari huquqlarining samarali himoya qilinishini ta’minlashga, davlat organlari va mansabdor shaxslarning faoliyati ustidan samarali sud nazoratini o‘rnatishga, ma’muriy sud ishlarini yuritishni xalqaro standartlarga muvofiq takomillashtirishga hamda aholining sudlarga bo‘lgan ishonchini yanada oshirishga xizmat qilishi shubhasiz.
Samarqand viloyat hokimligi yuridik hizmati boshlig‘i
Normatova Nuriya
Ўзбекистон Республикаси Президенти матбуот хизмати
Ўзбекистон Республикаси Давлат ҳукумати портали
Ўзбекистон Республикаси Олий Мажлиси Сенати
Ўзбекистон Республикаси Олий Мажлиси Қонунчилик палатаси
Ўзбекистон Республикаси миллий қонунчилиги онлайн базаси
Алоқа, ахборотлаштириш ва телекоммуникация бўйича давлат инспексияси
Ҳозир онлайн
Рўйхатдан ўтганлар: 2
Меҳмонлар: 8
Copyright © 2010 – 2018. Самарқанд вилояти ҳокимлиги. Сайт материалларидан фойдаланганда www.samarkand.uz манбаи кўрсатилиши шарт.